“Spetsiya” rahbariyati jamoani A Seriyada saqlab qolishni boshqa murabbiy – Leonardo Sempilichiga topshirishga qaror qildi.
Eldor Shomurodovni ushbu klubga taklif qilgan avvalgi bosh murabbiy Luka Gotti “Yuventus”ga qarshi uchrashuvdan bir necha kun oldin iste’foga chiqarilgan edi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, klub mutasaddilari Leonardo Sempilichi vakillari bilan hamkorlik masalasida bir necha marotaba uchrashib, barcha shartlarni kelishib bo‘lgan. Tez orada rasmiy shartnoma imzolanishi kutilmoqda.
Taniqli insayder Janluka di Marsioning https://gianlucadimarzio.com sayti orqali ma’lum qilishicha, liguriyaliklar 55 yoshli mutaxassis Leonardo Sempilichi bilan mavsum oxirigacha davom etadigan bitim tuzadi.
Yangi bosh murabbiy oldiga jamoani yuqori divizionda olib qolish vazifasi qo‘yilgan. Shu o‘rinda, “Spetsiya” Eldor Shomurodovni ham A Seriyadagi joyini saqlab qolishda yordamlashish uchun “Roma”dan mavsum oxirigacha ijaraga olgan.
Transfer bo‘yicha ekspertlar “Spetsiya” murabbiylar shtabida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘lishini ta’kidlamoqda.
Chunki Sempilichi murabbiylik ishida doimo o‘zi bilan olib yuradigan mutaxassislar bor. Xususan, futbol olamida o‘ziga yarasha nom qozongan Andrea Konsumi “Spetsiya” futbolchilarini o‘yinlarga tayyorlashda bosh murabbiyga yordam beradi. Jismoniy tayyorgarlik masalasi Yuriy Fabbritssiga topshiriladi.
Texnik xodimlari sifatia Rossano Kasoni va Alessio Rubichini ishga olinadi.
Ma’lumotlarga qaraganda, Leonardo Sempilichi avvalgi murabbiy Luka Gottiga yordam bergan ayrim mutaxassislar bilan hamkorlik qilishga tayyor. Jumladan, uchrashuvlar tahlilchisi Serxio Spalla o‘z ishini davom ettiraverishi kelishilgan.
Shuningdek, yordamchi murabbiylardan Fabritsio Loreri va Klaudio Tersi sport direktori Edoardo Masiya qo‘l ostida faoliyatini davom ettiradi.
Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha tajribali mutaxassis Jovanni Brinyardello hamda darvozabonlar murabbiylaridan Roberto Aliboni hamja Daniele Battaraning kelajagi hozircha mavhum bo‘lib turibdi. Ular Luka Gottining shtabidan joy olib, klub bilan ikki yillik shartnoma tuzgan edi.
“Spetsiya” yangi bosh murabbiyi bo‘lishi kutilayotgan Leonardo Sempilichi bu sohadagi faoliyatini 2004 yili boshlagan va “Sandjiminyano”, “Filine”, “Aretsso”, “Piza”, “Fiorentina-U19”, SPAL va “Kalyari” jamoalarini boshqargan.
Sempilichi SPALni quyi l igalardan qisqa upsat ichida A Seriyaga olib chiqqani bilan nom qozongan. Ferrara shaharchasi aholisi bu voqeani qariyb yarim asr kutgan edi. Nihoyat 2017 yilda bu orzu ushalib, SPAL keyingi mavsumni mamlakatning eng kuchli klublari musobaqasida o‘tkazdi.
Leonardo Sempilichi 2021 yili “Kalyari”dan ketganidan buyon ishsiz yurgan edi. Endi u “Spetsiya”da ish yuritadi. Bu mutaxassis Eldor Shomurodovning yangi qirralarini ocha olishiga umid qilamiz.
"Spetsiya" yangi murabbiylar qo‘l ostidagi dastlabki uchrashuvini 26 fevral kuni A Seriyaning 24-turida safarda "Udineze" futbolchilariga qarshi o‘takazadi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring