Eldor Shomurodov “Roma”dan ijara asosida “Spetsiya”ga ko‘chib o‘tganidan keyin o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari ham Liguriya jamoasiga muxlislik qila boshladi. Buni “Spetsiya” ijtimoiy tarmoqlariga qo‘shilgan obunachilar soni ortganidan ham bilib olsa bo‘ladi.
Legionerimiz yangi jamoasiga A Seriyadagi joyini saqlab qolishida yordam berishi kerak. O‘z navbatida, Eldorning o‘zi ham asosiy tarkibga kirish uchun kurashishiga to‘g‘ri kelishi ko‘rinib qoldi.
Shomurodovni “Spetsiya”ga taklif qilgan Luka Gotti uni ketma-ket ikkita bahsda boshlang‘ich tarkibga kiritgan bo‘lsa, bu mutaxassis o‘rniga yangi bosh murabbiy etib tayinlangan Leonarde Semplichi dastlabki uchrashuvidayoq asosiy hujumchi sifatida Mbala Nzolani tanlashini ko‘rsatib qo‘ydi.
Nzolaning o‘zi ham boy berilayotgan o‘yinda dubl qayd etib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi va shu orqali jarohatdan chiqqaniga qaramay, joyi asosiy tarkibda ekanini isbotlab qo‘ydi.
Darhaqiqat, “Spetsiya” bir necha yetakchi o‘yinchisining jarohat olib, safdan chiqishi tufayli qiyin ahvolga tushib qolgandi. Tibbiyot bo‘limi vakillari ayrim futbolchilar tiklana boshlaganini ma’lum qildi. Buni klub rahbariyati yaxshi xabar sifatida qabul qildi.
Xususan, asosiy yarim himoyachilardan Simone Bastone va yangi olingan polshalik legioner Shimon Jurkovski maydonga qaytish arafasida turibdi. Ayniqsa, oyog‘idan operatsiya qilingan Bastone kutilganidan tez tuzalyapti. Umurtqa pog‘onasidagi og‘riq bezovta qilgan Jurkovski ham yugurish va to‘p tepish mashqlarini boshladi.
Bu ikki futbolchi 10 mart kuni “Inter”ga qarshi bahsda ishtirok etishi mumkinligi aytilmoqda. Biroq, ular 5 martga belgilangan “Verona” bilan bo‘ladigan to‘qnashuvda liguriyaliklarga yordam bera olmaydi.
Aytish joizki, bo‘lajak uchrashuv “Spetsiya” uchun olti ochkolik bahs sifatida ta’riflanmoqda. “Verona” xavfli hududning eng yuqori pog‘onasida turibdi va “Spetsiya”dan uch ochko ortda qolmoqda. Oldindagi bellashuvda “Spetsiya” o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida zafar quchsa, “Verona” bilan oradagi farqni oltitaga yetkazadi va nisbatan erkin nafas olishi mumkin.
“Verona” g‘alaba qozongan taqdirda “Spetsiya”ning ligadagi joyini saqlab qolishi yanada qiyinlashib ketadi. Xullas, kelasi yakshanba Shomurodov jamoasi joriy mavsumdagi eng muhim uchrashuvlaridan birini o‘tkazadi.
“Spetsiya”ga bitta noxush xabar ham bor. Jamoaning asosiy himoyachisi Emil Xolm hali davolanishni davom ettiradigan bo‘ldi. Shvetsiyalik futbolchiga tibbiyot xodimlari ko‘proq hordiq chiqarish va trenajyor zalida yengil mashqlarni bajarishni vazifa qilib belgiladi. Hozircha, Xolmning qachon maydonga qaytishi mavhumligicha qolmoqda.
“Spetsiya” va “Verona” o‘rtasidagi autsayderlar to‘qnashuvi 5 mart kuni Toshkent vaqti bilan 16:30 da boshlanadi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring