"Andijon" jamoasi Superliganing ilk turida Qarshida "Nasaf" maydonidan g‘alaba bilan qaytdi. Mazkur o‘yindan so‘ng jamoa himoyachisi Ildar Mamatkazin fikrlarini bildirib o‘tdi. "Burgutlar" sardori qo‘lga kiritilgan uch ochkoni quyidagicha izohladi.
- "Nasaf" maydonida "Andijon"ning omadi keldimi yoki o‘yinga tanlangan reja ish berdimi?
- Avvalo Andijon xalqini g‘alaba bilan tabriklayman. Ha, ko‘pchilik imkoniyatlarimizni past baholagandi. Lekin to‘g‘ri tanlangan taktika ish berdi. Murabbiyimizning ko‘rsatmalarini bajardik. Qolaversa, omad ham biz tomonda bo‘ldi. Eng asosiysi uzoq yo‘l bosib kelgan muxlislar daldasi katta yordam berdi, deb o‘ylayman. Ularga rahmat aytmoqchiman.
- Hammaga "bosh og‘riq" bo‘lishi aytilayotgan "Andijon" isbotlashni boshladimi? Balki hali eyforiyaga berilishga ertami?
- To‘g‘ri. Eyforiyaga berilish kerak emas. To‘xtab qolmasdan o‘yindan o‘yinga kuchayib borishimiz lozim. Bizda asosiysi jamoa bor. Muhim qurolimiz biz bir oilamiz. Yana aytib o‘tishim kerak, "Andijon" kuchli murabbiyga ega.
- O‘z vaqtida "Nasaf"da o‘ynagansiz. Jamoa o‘zgarganmi?
- "Nasaf" O‘zbekistondagi eng kuchli jamoalardan biri. "Nasaf" ancha o‘zgargan. Yildan-yilga o‘sishga erishgan. Men o‘ynagan vaqtimda Akmal Mozgovoy, Oybek Bozorov, Sherzod Nasrullayev o‘rinbosarlar tarkibida to‘p tepardi. Bugun ular yetakchi futbolchilar. Menga 4-raqamdagi himoyachisi yoqdi. Husniddin Aliqulov. U kelajakda Yevropada o‘ynashi kerak.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring