Superliganing 2-tur bellashuvlari davom etyapti. 10 mart kuni boshlangan o‘yinlar 13 martda OKMK – “Bunyodkor” qarama-qarshiligidan so‘ng nihoyasiga yetadi. Aynan turni yakunlab beradigan mazkur to‘qnashuv ham boshqalar qatori muxlis va mutaxassislarning diqqat-markazida bo‘lib turibdi.
Hech kimga sir emas, OKMK va “Bunyodkor” juda yaxshi tanish bo‘lgan raqiblar. Bu klublardan futbolchilarning ko‘chib o‘tishlariga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. Ya’ni, har ikkala jamoada sobiq o‘yinchilari to‘p surishyapti. Shuningdek, OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovni ilgari “Bunyodkor”ni samarali boshqarganini unutmagan bo‘lsangiz kerak.
Olmaliqliklar o‘z nomini AGMKdan OKMKga o‘zgartirganidan xabardorsiz. Shu sababli endilikda ular OKMK deb yuritilmoqda. Joriy yilgi chempionatni mazkur klub muvaffaqiyatli boshladi. “Paxtakor” stadionida “Surxon”ga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda OKMK 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Oybek Rustamov, Shoxruh Gadoyev va Xurshid G‘iyosov tomonidan urilgan gollar OKMKga uch ochkoni taqdim etdi. “Bunyodkor” esa Zominda “So‘g‘diyona”ni 0:1 hisobida yengib qaytdi. Umid Sultonovning kiritgan yagona goli “Bunyodkor” jamoasiga qimmatli g‘alabani tortiq qildi. Shunday qilib, 2-turda to‘qnash keladigan ikkala klub ham chempionatni o‘zlari uchun quvonarli tarzda boshlay oldilar. Biroq 2-turda kimdir albatta ochko yo‘qotishiga to‘g‘ri keladi. Faqat bunga ikkalasi ham osonlikcha ko‘nmasligi bor gap. Boz ustiga bu bellashuv Toshkent derbisi sanaladi.
OKMK hamda “Bunyodkor” jamoalarining chempionatimizdagi o‘zaro o‘yinlar statistikasiga kelsak, shu paytgacha 30 marotaba bir-biriga qarshi maydonga tushishgan va navbatdagisi 31-uchrashuvga aylanadi. Ustunlik “Bunyodkor” tarafini ko‘rsatib turibdi. Chunki OKMKda 7 ta, “Qaldirg‘ochlar”da esa 16 ta g‘alaba bor. 7 ta bellashuvda kuchlar teng kelganini qo‘shimcha qilmoqchimiz. OKMK 31 ta, “Bunyodkor” esa 46 ta gol urgan va tabiiyki, bu boradagi ustunlik ham o‘z-o‘zidan “Bunyodkor” tomonida.
Lekin e’tiborlisi shundaki, o‘zaro bellashuvlarda oxirgi paytlarda asosan OKMKning qo‘li baland kelyapti. “Bunyodkor” oxirgi bor 2019 yilgi mavsumda OKMKni mag‘lubiyatga uchratgan. O‘shanda ular Olmaliqda yagona gol evaziga 3 ochkoni qo‘lga kiritishgan. Shundan beri yo durang yo OKMKning qo‘li baland kelyapti. “Bunyodkor” raqibini mag‘lub etishning imkonini topa olmayapti. Oxirgi 7 ta uchrashuvning 5 tasida olmaliqliklar g‘olib chiqishgan va 2 ta o‘yinda durang qayd etilgan.
Darvoqe, bo‘lajak bahsda “Bunyodkor”da yo‘qotishlar bor. Jumladan, iqtidorli futbolchilar - Abdulloh Omonaliyev va Farhod O‘tkirov diskvalifiksiya sababli jamoasiga yordam bera olmaydilar.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring