O‘zbekiston U-20 terma jamoamiz yurtimizda o‘tgan Osiyo chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, xalqimizni nihoyatda quvontirdi.
Vakillarimiz haqli ravishda chempion nomiga sazovor bo‘ldi. Bunda albatta, jamoamizning har bir futbolchisi munosib hissa qo‘shdi. Ularning orasida iqtidorli yarim himoyachi Sherzod Esonov ham bor. Ushbu o‘yinchiga hamma vaqt murabbiylar shtabining ishonchi katta bo‘lgan. Osiyo chempionligi qo‘lga kiritilgach, futbolchiga savollar bilan murojaat qildik.
- Avvalo, final haqida so‘ramoqchi edim. O‘yindan oldin hayajon kuchlimidi?
- Finaldagi g‘alabamizni O‘zbekiston xalqiga, Yurtboshimizga bag‘ishlaymiz. O‘yinda bizga bosim bo‘lgani yo‘q. Chunki bunaqa tepmda, 35 ming muxlis qarshisida to‘p surishga o‘rganib bo‘ldik. Bizga aslo bosim bo‘lgani yo‘q. Qaytanga, ishqibozlarimiz jamoamizga katta motivatsiya bag‘ishlab turdilar. O‘yindan olgan hissiyotlarimni oddiy so‘z bilan tushuntirib bera olmayman. Xudoga shukr, xalqimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ldi.
- Yarim finalda terma jamoamiz penaltilar seriyasida g‘alaba qozonib jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. Bu esa terma jamoamizga yanada kuch bag‘ishladi-a? Har holda bo‘shashishlik kuzatilmadimi?
- Shundan keyin jahon chempionati yo‘llanmasi qo‘lga kiritilganidan so‘ng elkamizdan qandaydir tog‘ ag‘darildi. Asosiy maqsadimiz jahon chempionatiga chiqish edi. Vazifani bajarganimizdan keyin o‘zimizni juda ham engil his qildik.
- Finalda uchrashuv o‘zgacha ruhda o‘tdi. Shaxsan Yurtboshimiz ham bevosita stadionda terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlab turdi. Mazkur bahsga tayyorgarlik qanday bo‘lgandi? Ya’ni, finalgacha va finaldan keyingi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz
- Hammasini oddiy so‘z bilan ta’riflab bera olmayman. Yurtboshimiz shaxsan o‘zlari stadionda bizni kuzatib, jamoamizga muxlislik qildi. Kattakon rahmat. O‘yinga keladigan bo‘lsak, Iroq terma jamoasi bilan guruhda ham o‘ynagandik. Raqibning bizga qarshi anchagina tayyorgarlik ko‘rgani ko‘rinib turgandi. Ular o‘yindan-o‘yinga kuchayib borishdi va finalgacha bejiz etib kelmagandilar. O‘yin tomonlama kuchaydi. Iroqqa qarshi guruh bosqichidagi uchrashuvga qaraganda finalda qiynaldik.
- Taqdirlash marosimida Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan taqdirlanayotgan chog‘ingizda nimalarni his qildingiz?
- Bu hayotimdagi eng yorqin lahzalar edi. Buni ta’riflab bera olmayman. Mening eng baxtli onlarim bo‘ldi. Qolaversa, ota-onam ham stadionda edi. Hammasiga guvoh bo‘ldilar. Yurtboshimiz, ota-onam va minglab muxlislarimiz qarshisida chempionlikni qo‘lga kiritish o‘zgacha hissiyotlarni berdi.
- Chempionlikdan keyingi kecha qanday o‘tdi?
- Xursandchilik hukm surdi. Butun xalqimizni xursand qila olganimizdan baxtli edik. Osiyo chempioni bo‘lishning gashti boshqacha. Yurtboshimizning o‘zi stadionda kuzatib turgani baribir boshqacha, juda va juda yoqimli edi. Haligacha yutganimizga ishonmayapman. Bu xuddi tushga o‘xshaydi. Xudoga shukr, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi.
- Terma jamoamiz endi Indoneziyadagi jahon chempionatida qatnashadi. Futbolchi sifatidagi orzularingiz ham ushalib boryapti. Tabiiyki, mundialga yanada jiddiy tayyorgarlik ko‘riladi. Imkoniyatimizni qanday baholayapsiz?
- Albatta, tayyorgarlik juda zo‘r bo‘ladi, deb o‘ylayman. Chunki jahon chempionati katta musobaqa. Mundialda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarmoqchimiz. Hozircha o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari haqida aniq ma’lumotga ega emasman. Ammo Evropa jamoalariga qarshi o‘yinlar bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘raev.
O‘zbekiston U-20, Sherzod Esonov1, Yarim himoyachi1, Osiyo chempioni1 “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring