FIFA kunlari munosabati bilan milliy terma jamoamiz Saudiya Arabistonida yig‘in o‘tkazadi va o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etadi. Shu sababli Superligamizda biroz tanaffus e’lon qilindi. Shu vaqt ichida klublar yana tayyorgarlik olib boradilar va ayniqsa, ortda qolgan 3 ta turdan keyin jamoalar murabbiylari ko‘proq yana nimalar ustida ishlash borasida bosh qotirib, kamchiliklarini to‘g‘rilash payiga tushib oladilar.
Darhaqiqat, Superligada 3 ta tur ortda qoldi. U yerda yuzaga kelgan tanaffusdan keyin ilk taassurotlar paydo bo‘layotgani haqiqat. Bu borada gap ketganda kutilgan va kutilmagan natijalar boshlandi, deya mulohaza yuritsak bo‘laveradi.
3-turdan so‘ng turnir jadvalini qanday tasavvur qilgandingiz? Siz kutgan klublar hozir qayerda va ular chempionatni qanday start bilan boshladilar? “Mavsum-2023” bizga kutilmagan natijalar taqdim etishni boshlagani rost. Ayniqsa, amaldagi chempion “Paxtakor”ning ketma-ket ikkita mag‘lubiyat bilan startga kirishgani eng kutilmagan voqea sifatida qayd etilmoqda. Bunaqasi anchadan beri kuzatilmagandi. Maksim Shatskix bosh murabbiy sifatida “Sherlar”ni o‘tgan yili chempionlikka yetaklab kelganini bilasiz va joriy chempionatda unga o‘sha chempionlikni munosib himoya qilish vazifasi yuklatilgan. Avvaliga o‘z uyida “Olimpik”ga, keyin Farg‘onada “Neftchi”ga yutqazib qo‘ydi.
Mag‘lubiyatlardan so‘ng “Paxtakor” o‘yini ko‘pchilik tomonidan qizg‘in tahlillar qilinishiga sabab bo‘ldi. Shatskix ham tanqidlarga duchor bo‘ldi. 3-turda “Navbahor”ni qabul qildi va ushbu bahs ayniqsa Shatskix uchun nihoyatda muhimligi oldindan aniq edi. Bungacha namanganliklar o‘z uyidagi ketma-ket ikkita bahsda raqiblarini 3:0 dan tor-mor keltirishga ulgurgandi. Lekin “Paxtakor” markaziy uchrashuvda bu safar muxlislarini uyaltirib qo‘ymadi. Babayan jamoasiga qarshi bellashuvda paxtakorchilar ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Faqat 3 ta turdan keyin o‘z darvozasidan eng ko‘p gol o‘tkazgan klublar 2 ta bo‘lib turibdi. Bular – “Paxtakor” bilan “Metallurg”. Ikkisi 6 tadan gol o‘tkazgan bo‘lib, har bir uchrashuvga 2 tadan gol to‘g‘ri kelmoqda. Bu “Paxtakor”ning himoyasida muammolar borligidan darak.
Baribir 3-turdan so‘ng amaldagi chempion turnir jadvalida yetakchilik qilayotgani yo‘q. Bunga o‘sha dastlabki ikkita turdagi mag‘lubiyat sabab. Turnir jadvalida esa boshqa klublar karvonboshilik qilayotganini kutganmidingiz? Ayniqsa, “Neftchi” bilan “Bunyodkor”ning ishlari boshqalarnikiga qaraganda besh bo‘lib turibdi. 3 ta turda 100 foizlik natija qayd etib dastlabki ikki o‘rinni bo‘lishib turibdilar. Faqat to‘plar nisbatida ozgina farq bor. “Neftchi”da 7-1, “Bunyodkor”da esa 7-2. “Neftchi”dan ko‘ra, “Bunyodkor”ning muvaffaqiyatli startini ko‘pchilik kutmagan bo‘lsa kerak. Chunki chempionat oldidan u yerda rahbariyat va murabbiylar shtabida o‘zgarishlar kuzatilgandi.
Shunga qaramay, klub o‘z tarbiyalanuvchilari hamda mahalliy futbolchilar bilan natijani amallasa bo‘lishini ko‘rsatmoqda. “Neftchi” Vitaliy Levchenko boshchiligida yana favoritlar qatoriga qayta oldi. Bosh murabbiy o‘tgan yili klubni qabul qilib olganidayoq jamoani o‘zgartira olgandi. Bu yil endi hammasi boshqacha ketyapti. “Paxtakor”ni mag‘lub etgani fikrimizni tasdiqlaydi. Hozirda peshqadamlikni qo‘lga olishi haqli tarzda ekanligini barcha bilib turibdi. Levchenkoning jamoasi juda tartibli o‘yin ko‘rsatmoqda va buni boshqa mutaxassislar ham tan olishyapti. “Neftchi” endi oldingidek oddiy jamoa emas, balki yana avvalgi mavqeini tiklashga kirishgan klub sifatida gavdalanmoqda.
Ilk turda o‘z maydonida kutilmagan mag‘lubiyatga uchrab barchani ajablantirib qo‘ygan “Nasaf” keyingi ikkita turda qiyin g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Ko‘rinib turibdiki, “Nasaf” asta-sekin qo‘shib bormoqda. Darvoqe, turnir jadvalini qaysi klublar yakunlab turganini bilasizmi? Pro ligadan Superligaga qaytgan va tarkibini kuchaytira olgan “Turon”ga hali g‘alaba qozonish nasib qilgani yo‘q.
Eng ajablanarlisi, 3 ta turdan so‘ng “So‘g‘diyona”dek jamoani g‘alabasiz holatda autsayderlar qatoriga tushib qolishini o‘ylaganmidingiz? Bosh murabbiy Yorqin Nazarovga juda qiyin bo‘layotgani sezilib turibdi. 3 ta uchrashuvda 1 durang va 2 mag‘lubiyat. Oxirgi turda “Neftchi”ni qabul qilib javobsiz 2 ta gol o‘tkazib yubordi. 4-turni Namanganda “Navbahor”ga qarshi o‘tkazishini hisobga olsak, chindan ham Nazarov va uning jamoasiga oson emasligini tushunish qiyin emas. Yorqin “So‘g‘diyona”da nimanidir o‘zgartirmas ekan, uning jamoasi uchun vaziyat qiyinlashib boraveradi.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin