14:53 / 18.04.2023
454

Kelishilgan o‘yinlar balosi: Legionerlarimiz jamoasi Yevrokubokdan chetlatilishi kutilmoqda!

Kelishilgan o‘yinlar balosi: Legionerlarimiz jamoasi Yevrokubokdan chetlatilishi kutilmoqda!
2022 yilgi mavsum Belarus oliy ligasi vakili – “Energetik-BGU” uchun o‘z tarixidagi eng omadli mavsum bo‘lgan edi.
 
Bu jamoa birinchi bor mamlakat chempionligi uchun kurashib, oliy ligani ikkinchi o‘rinda yakunladi va kumush medal hamda Yevrokuboklarga yo‘llanmaga sazovor bo‘ldi. Minsklik “talabalar” muvaffaqiyatiga eng katta hissa qo‘shganlar o‘zbek futbolchilari bo‘ldi.
 
Hujumchimiz Bobur Abduxoliqov jamoaning barcha uchrashuvlarida qatnashib, raqiblar darvozasini 26 marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga oltita golli pas uzatdi. Bobur chempionatning eng zo‘r o‘yinchisi, to‘purari, eng samarali futbolchisi bo‘ldi.
 
Shuningdek, Abduxoliqov Belarus chempionatlari tarixida eng ko‘p gol urgan legionerga aylandi.
 
Markaziy himoyachi Abdulqodir Husanov mudofaa chizig‘i yetakchisi sifatida jamoa natijalariga katta hissa qo‘shdi. 19 yoshli futbolchi o‘z vazifasini puxta bajarishdan tashqari, uchta gol va to‘rtta assist muallifi bo‘ldi.
 
O‘tgan yil davomida “Energetik-BGU” safida o‘zbekistonlik futbolchilardan yana uch nafari – Amirbek Bakayev, Shohruhbek Abdurahmonov va Abbosbek Jumaqulov ham maydonga tushdi.
 
Yangi mavsumda esa, Abdulqodir bilan Amirbek faoliyatini “Energetik-BGU”da davom ettirishni ma’qul ko‘rdi. Jamoa Yevrokuboklarga tayyorlanmoqda. Biroq, mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan “Shaxtyor”ning kelishilgan o‘yinlarda gumon qilinayotgani va bu mojaroga “Energetik-BGU”ning ham aralashib qolgani legionerlarimizning xalqaro maydonga chiqishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
 
Tergov organlari tez orada o‘tkazilgan surishtiruv ishlari natijalarini Belarus futbol federatsiyasiga taqdim qiladi. Futbol rahbariyati qoidani buzgani isbotlangan jamoalarga jiddiy chora ko‘rishga tayyor.
 
Kelishilgan o‘yinlarga daxli isbotlansa, o‘tgan mavsum chempioni va vitse-chempioni bo‘lgan jamoalar Yevrokuboklardan chetlatilishi mumkin. Ularning xalqaro maydondagi o‘rnini  “Dinamo-Minks”,  BATE  va “Isloch” jamoalari egallaydi. To‘rtinchi jamoa sifatida “Minsk”ning xalqaro musobaqalarga qo‘yilishi Belurs kubogi uchun kurashda qo‘shimcha ishtiyoq va rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi, - deb yozdi Belarus futboli manbasi.
 
Mamlakat chempioni bo‘lgan Soligoskning “Shaxtyor” jamoasi beshta uchrashuv natijasiga ta’sir o‘tkazgani aytilmoqda. Bu uchrashuvlardan ikkitasida “Energetik-BGU” qatnashgan:
 
04.07.2021 “Vitebsk” — BATE — 0:0
23.10.2022 “Dinamo Mn” — “Dinamo Br” — 0:0
02.11.2022 “Dinamo Mn” — “Energetik-BGU” — 1:4
12.11.2022 “Energetik-BGU” — “Dinamo Mn” — 1:3
12.11.2022 “Shaxtyor” — “Belshina” — 4:1
 
Shubhaga olinayotgan va soligorskliklar uchun qulay natija bilan tugagan “Dinamo Minsk” va “Energetik-BGU” bahsida “talabalar” 4:1 hisobida zafar quchgan edi. O‘sha bellashuvda Bobur Abduxoliqov dubl qayd etgan.
 
“Shaxtyor”ning kelishilgan o‘yinlarda qo‘li borligini birinchi bo‘lib rossiyalik yurist Anton Smirnov iddao qilgan. Bu mutaxassis Soligorsk klubi rahbariyati futbolchilarga maosh berishda yashirin usullarni qo‘llash orqali jamoadagi mijozlarining huquqini poymol qilayotganini bong urgan.
 
Ayni paytda Belarus futbol federatsiyasi tergov organlari taqdim etadigan natijalarni kutmoqda. Oliy liganing boshqa jamoalari ham kelishilgan o‘yinlarda qatnashganlik bo‘yicha kuzatuvga olingan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport