00:13 / 20.04.2023
949

Shomurodov "go‘zallar" qurshovida

Shomurodov "go‘zallar" qurshovida
Eldor Shomurodov to‘p tepayotgan “Spetsiya” yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish uchun qolgan sakkizta uchrashuvida bor imkoniyatini ishga solishiga to‘g‘ri keladi. 30-turdan keyin liguriyaliklardan bir pog‘ona pastda turgan “Verona” oradagi farqni uch ochkogacha qisqartirdi. Agar ish shu taqlid davom etsa, “Spetsiya” tez orada  xavfli hududga tushib qolishi hech gap emas.
 
E’tiborli tomoni, Leonardo Semplichi shogirdlari sakkizta bahsdan uchtasida o‘zlari kabi A Seriyada qolish uchun kurashayotgan jamoalar – “Sampdoriya”, “Lechche”, “Kremoneze” bilan to‘qnash keladi.
 
Mana shu bahslar “Spetsiya” uchun olti ochkoli o‘yinlar hisoblanadi. Bu raqiblarga qarshi liguriyaliklar imkon qadar ko‘proq ochko jamg‘arishi talab etiladi. Chunki qolgan bahslardagi raqiblar ancha kuchli. Xususan, chempionat oxirigacha Shomurodov va uning jamoadoshlari Yevropa Chempionlar ligasi uchun kurashayotgan “Atalanta”, “Milan” va “Roma” imtixonidan o‘tishiga to‘g‘ri keladi.
 
Yana ikki bellashuvdagi raqib – “Torino” va “Monsa” musobaqa jadvalining o‘rtasidagi pozitsiyalarni mustahkamlashga harakat qilayotgan jamoalar hisoblanadi.
 
Bosh murabbiy Leonardo Semplichi jamoa birdamligini oshirish, futbolchilarning mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida liguriyalik muxlislar bilan o‘z shogirdlari orasini yaqinlashtirishga alohida  e’tibor qaratmoqda.
 
Ishqibozlar o‘yin vaqti arenalarni to‘ldirib kelyapti. Bundan tashqari, murabbiylar shtabi ular uchun mashg‘ulotlarni ochiq tarzda o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydi. Muxlislar futbolchilarning mashqlarini tomosha qilishi, o‘yinchilar bilan suhbatlashishi, suratlarga tushishi, aftograf olishi uchun sharoitlar yaratildi.
 
“Spetsiya” avvalgi turda “Latsio”dan qaqshatqich mag‘lubiyatga uchraganidan keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchisi “Sampdoriya” bilan bo‘ladigan bellashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Tayyorgarlik mashg‘ulotlaridan birida jamoa muxlislari futbolchilar bilan muloqot qildi. Xususan, bir necha muxlisalar o‘zbekistonlik legioner Eldor Shomurodov bilan suratga tushdi. Buni quyidagi fotosuratda ko‘rishingiz mumin.
 
Bo‘lajak bellashuvga “Sampdoriya” mezbon qiladi. Genuya shahridagi “Luiji Ferraris” stadioni Eldor Shomurodov uchun begona emas. Legionerimizning Italiyadagi ilk jamoasi “Jenoa” uchun bu arena uy stadioni vazifasini bajargan. Hujumchimiz bu maydonda bir necha marta gol urishni uddalagan.
 
Shomurodov uchun “Sampdoriya” qulay raqiblardan biri hisoblanadi. O‘tgan mavsumda Eldor “Roma” safida ushbu jamoa darvozasini ishg‘ol qilgan edi.
 
Qo‘shimchasiga, genuyaliklar “Spetsiya” uchun doim yaxshi “o‘lja” bo‘lib kelgan. Bu jamoalar A Seriyada jami besh marotaba to‘qnash kelgan va shu bahslardan uchtasida liguriyaliklarning qo‘li baland kelgan. Bitta bahsda durang qayd etilgan va genuyaliklar bir marta g‘alaba nashidasini surgan.
 
“Sampdoriya” va “Spetsiya” ikki marotaba o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazib, har ikki tomon bittadan g‘alaba qayd etgan. Jami yettita o‘yindagi to‘plar nisbati ham kichik ko‘rinishda “Spetsiya”  futbolchilari foydasiga – 13:12.
 
“Sampdoriya” va “Spetsiya” o‘rtasidagi navbatdagi bellashuv 22 aprel kuni Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov "go‘zallar" qurshovida