15:30 / 20.04.2023
330

«Siti»ga hatto «Bavariya» raqobat qilolmayapti. Pep endi YeChLni oladimi?

Foto: Manchester Siti

Myunxenliklar jamoasi «shaharliklar»ga qarshi uy uchrashuvida durangga erishdi (1:1), ammo ikki o‘yin natijasiga ko‘ra turnirni tark etdi. «Manchester Siti»ni esa yarimfinalda «Real» kutmoqda.

YeChL. 1/4 final. 19 aprel
Javob o‘yinlari
Bavariya — Manchester Siti 1:1
Gollar: Kimmih (83, penalti) — Holand (57). 

Aniq ijro etilmagan penalti: Holand (38). 
Bavariya – Zommer, Pavar (Stanishich, 77), Upamekano, de Ligt, Kanselu (Devis, 63), Goretska, Kimmix, Koman, Sane (Mane, 64), Musiala (Myuller, 72), Shupo-Moting (Tel, 71).
Manchester Siti – Ederson, Ake (Laport, 67), Diash, Akanji, Stounz, Gundo‘g‘an, de Bryuyne (Uoker, 88), Grilish, Silva, Rodri, Holand (Alvares, 84).
Ogohlantirishlar: Kanselu (11), Upamekano (35), Ederson (44), Gundo‘g‘an (45), Kimmih (45), Ake (54), Pavar (60), Laport (86), Stanishich (88).
Birinchi o‘yin — 0:3.

Pep Gvardiolaning Chempionlar ligasi chorakfinali bilan munosabatlari alohida tarix. Birinchidan, ushbu kataloniyalik mutaxassis «Manchester Siti»dagi dastlabki to‘rt mavsumida bu bosqichdan o‘ta olmagan. Ikkinchidan, jamoaning o‘sha o‘yinlar uchun o‘ylab topilgan taktikalari to‘g‘risidagi memlar internetni to‘ldirgan. Boshqa tomondan, o‘sha davrda «Siti» murabbiyning ayyor g‘oyalariga moslasha olmaydigan holatda edi va shuning uchun turnirni erta tark etardi.

So‘nggi mavsumlarda esa Gvardiola ishlab turgan tizimni buzib qo‘ymaslikni o‘rgandi va uning uchun chorakfinal tavqi la’nati g‘oyib bo‘ldi. Ammo «Siti» hamon taktika va tarkib nuqtayi nazaridan oldindan taxmin qilish qiyin bo‘lgan klub bo‘lib qolayotgandi.

Ammo Pep hayron qoldirishni va o‘zgarishni biladi. Myunxendagi uchrashuvga u nimchorakfinalda «Leypsig»ga qarshi va chorakfinalning birinchi o‘yinida «Bavariya»ga qarshi o‘ynagan tarkibni tushirdi. Yevrokubokda ketma-ket uch o‘yinda «MS»ning boshlang‘ich tarkibi bir xil bo‘lishi — Gvardiola uchun bu nonsens.

Upamekanoning bekor qilingan chetlatilishi

Bunday tanlovni natija bilan izohlash mumkin — «Siti» YeChLning oxirgi ikki o‘yinida umumiy 10:0 hisobida g‘alaba qozongandi. «Bavariya»dan esa o‘zgarish talab etilardi va Tomas Tuxel buni amalga oshirdi. Manchesterda kuchsizroq ko‘ringan Gnabri o‘rniga oldingi chiziqda Shupo-Moting paydo bo‘ldi, Devisning o‘rnini — Joau Kanselu egalladi. Murabbiy birinchi o‘yindan keyin Sanening labini yorib yuborgan va jamoa bilan ishlashdan vaqtincha chetlatilgan Maneni ham kechirdi.

Ammo asosiy o‘zgarish kayfiyat bilan bog‘liq edi. «Bavariya» «Etihad»da ham maydonga maksimal darajada ishtiyoq bilan tushganiga shubha yo‘q, ammo «Alyans Arena»da mo‘jizadan umidvor bo‘lgan minglab tomoshabinlarning ovozlari ularga qo‘shimcha kuch berishi aniq edi.

O‘yinning dastlabki chorak soati deyarli xavfli vaziyatlarsiz kechdi, ammo keyin mezbonlar «qo‘shishdi» — Sane ikki bor darvoza sari yaxshi zarbalar yo‘lladi, o‘ng qanotda esa Koman muntazam ravishda Akeni bosim ostida ushlab turdi. Ammo myunxenliklarning hujumlarini arbitr Kleman Tyurpenning qarori buzib qo‘ydi — 18-daqiqada u yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan Holandni to‘xtatgani uchun Upamekanoga qizil kartochka berishga shoshildi, ammo bunda u norvegiyalik futbolchi ofsayd holatida ekanini hisobga olmadi. Natijada hakam chetlatishni bekor qildi, lekin uning birinchi qaroridan noroziligini keskin ifodalagan Tuxelga ogohlantirish berdi. Umuman shu kuni o‘yindagi sariq kartochkalar anomal darajada bo‘lib ketdi va bu referining aybi edi.

Holandning penaltidan adashishi

«Bavariya» birinchi bo‘limni yaxshi o‘tkazdi. «Siti»da og‘riqli nuqtalar deyarli yo‘q, ammo qizillar bunday nuqtalarni izlab topishga urindi. Va topdi deyish ham mumkin, xususan, tanaffus arafasida Shupo-Moting Koman bilan birga juda qulay imkoniyatni yo‘qqa chiqardi. Ammo mehmonlar turib berishdi.

«Siti» birinchi bo‘limda odatdagidan yomonroq ko‘rindi. «Shaharliklar»ga darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar yetishmadi, amalda juda kam zarba berildi. Holand esa hatto penaltini to‘sin ustidan o‘tkazib tepdi, holbuki u ikki yil mobaynida «nuqta»dan adashmagandi.

Zommer faqat 55-daqiqaga kelib o‘yinga jiddiy kirishishi talab etildi, bu epizodda Holandning zarbasi uning o‘ziga to‘g‘ri bordi, buning ortidan Ederson jamoani qutqardi — Koman yana bir bor qanotda Akeni ortda qoldirdi va uzoq burchak sari xavfli zarba yo‘lladi. Braziliyalik posbon o‘zini ko‘rsatdi. Va bu bilan u o‘z jamoasining golli hujumini boshlab berdi.

Shafqatsiz norvegiyalik

Holand — hayratlanarli futbolchi: bu yigit o‘zining deyarli barcha gollarini bir xil uslubda uradi, ammo raqiblar uni baribir to‘xtata olmaydi. Bu o‘yindagi golli epizodda ham u ro‘paradan yorib kirishga asoslangan odatiy tryukini amalga oshirdi, ammo Upamekano negadir juda ishonchsiz o‘ynab, toyib ketdi va forvardni oldinga o‘tkazib yubordi. Erling hisobni ochdi va «Bavariya»ning yarimfinal uchun umidlarini ko‘mib qo‘ydi.

Bu epizod nemislarning ishtiyoqini sezilarli darajada so‘ndirdi. O‘yin sur’ati pasaydi, alohida futbolchilar hech bo‘lmaganda bitta javob goli uchun umidsiz urinishlarni amalga oshira boshladi. Vaziyatlar bo‘ldi: o‘yin oxirlarida videotakrordan keyin Tyurpen Akanji o‘z jamoasi jarima maydonida to‘pni qo‘li bilan o‘ynagan deb topdi va Kimmih penaltini aniq ijro etdi. O‘yinga qo‘shib berilgan vaqtda Mane yaxshi imkoniyatdan foydalana olmadi va jamoa muxlislar uchun yupanch bo‘ladigan g‘alabaga erisha olmadi.

«Manchester Siti» haqli ravishda keyingi bosqichga yo‘l oldi, «Bavariya» esa Yevropada ulardan ancha kuchliroq jamoa ham borligini tan olishga majbur. Tuxelni oldinda hali ancha ish kutmoqda.

Ikki qiyofali «Inter» «Benfika» to‘sig‘idan o‘tdi. Yarimfinalda Milan derbisi bo‘ladi

Inter — Benfika 3:3
Gollar: Barella (14), Martines (65), Korrea (78) — Eursnes (38), A.Silva (86), Musa (90+5).

Inter – Onana, Dumfris, Darmian, Acherbi, Bastoni (D`Ambrozio, 80), Dimarko (Gozens, 80), Mxitaryan, Brozovich, Barella (Chalxono‘g‘li, 76), Jyeko (Lukaku, 76), Martines (Korrea, 76).
Benfika – Vlaxodimos, Jilberto (Neres, 46), Otamendi, Antoniu Silva, Grimaldo, Joau Mariu (Skellerup, 89), Rafa Silva (Nevesh, 80), Eursnes, Shikinyu (Musa, 80), Florentinu, Ramush (Gedesh, 74).
Ogohlantirishlar: R.Silva (49), Musa (81), Neres (90+5).
Birinchi o‘yin — 2:0.

«Benfika»ga qarshi gollarga boy durangdan keyin Milanning ikkinchi jamoasi ham asosiy yevrokubok yarimfinaliga yo‘l oldi.

Yoki bahor — qaysi turnir ustuvorligi belgilab olinadigan vaqt, yoki hozirgi «Inter» — ikki qiyofali jamoa. A seriyada «neradzurri» shungacha yetib keldiki, sharmandali antirekord o‘rnatib, kuchli to‘rtlikni tark etdi. Jamoa qatorasiga uch o‘yinida birorta gol urmasdan mag‘lub bo‘ldi — bu kichik falokat.

Va faqat Chempionlar ligasi Simone Indzagi jamoasini qutqarib qolmoqda. Bu turnirda «neradzurri» ideal pley-off o‘tkazmoqda va uch o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Gap raqiblar shunchaki portugal klublari ekanida emas. Pley-off startida taslim etilgan «Portu» «Atletiko» bor guruhdan chiqqan, «Benfika» esa «PSJ»ni guruhda ikkinchi o‘rinda qoldirib, «Yuventus»ni Yevropa Ligasiga jo‘natgan edi.

To‘g‘ri, aynan yevrokuboklar chorakfinali boshlanishiga «burgutlar» jamoasining yaxshi ishlab turgan mexanizmida muammolar paydo bo‘ldi. Lissabonliklar barcha turnirlar qo‘shib hisoblanganda qatorasiga uch bor mag‘lubiyatga uchradi, natijada milliy chempionatda «Portu» bilan oradagi farq 10 dan 4 tagacha qisqardi. Roger Shmidt esa so‘nggi vaqtlarda futbolchilar jamoa haqida emas, ko‘proq o‘zi haqida qayg‘urayotganini aytib chiqdi. Shu bilan birga nemis mutaxassis o‘yindan oldin shunday dedi: «Hamisha o‘z jamoamga ishonaman — ilojsiz ishning o‘zi yo‘q».

«Benfika» yarimfinalga yo‘l olishi uchun talab etiladigan mo‘jiza retsepti — sifatida tezkor gol urilishini aytishayotgandi, ammo bu aksincha, mezbonlarda o‘xshadi. Ham kuchli hujum — ham chiroyli yakun. Hujumning birinchi qismiga maydon markazida raqib futbolchilarini ojiz qoldirgan Jyeko mas’ul edi, Lautaro Martines esa kombinatsiyani mustahkamlovchi sement vazifasini bajardi, golli hujumni esa Barella bezab berdi. U to‘pni chapga olish bilan birdaniga ikki futbolchini yo‘ldan oldi, to‘pni olis burchak sari aylantirib yo‘lladi.

Bir tomondan, bu Milandagi o‘yin tomoshabopligini yo‘qqa chiqarishi mumkin edi. Ammo endi yo‘qotadigan narsasi yo‘qligini anglab yetgan «Benfika» tomoshabinlar zerikib qolmasligi uchun barcha ishni qilishdi. Grimaldoning jarima zarbasidan yo‘llagan kuchli zarbasini Onana bir amallab qaytargandi, ammo ko‘p o‘tmay himoyachilar darvozabonni noqulay ahvolga solib qo‘yishdi. Dyumfris himoyadagi jamoadoshlarining harakatlariga mos reaksiya qilishda kechikdi va markazda bo‘sh qoldirilgan Aurshnes sovg‘adan unumli foydalandi.

Shmidt esa tanaffusdan keyin va-bankka borib, himoyachi Jilbertu o‘rniga qanot forvardi David Neresni tushirdi. Ammo bunday yurish bilan faqat A seriyadagi «Inter»ni cho‘chitish mumkin edi. Qora-ko‘klarning Chempionlar ligasidagi versiyasi esa barcha bo‘sh hududlarni to‘sib tashladi, o‘z jarima maydoniga kirish yo‘llarini maksimal diqqat bilan qo‘riqladi.

«Benfika» yopiq eshikni taqillatishdan charchaganida chap qanotda aql bilan uyushtirilgan kombinatsiya tribunalarni aqldan ozdirdi. Mxitaryanning oldinga tashlangan Dimarkoga pasi, Martinesga qanotdan ideal uzatma va aniq zarbadan keyin — yarimfinalda Milan derbisi bo‘lishi muqarrar bo‘lib qoldi. «Barselona», «PSJ», «Bavariya» va «Liverpul» kabi jamoalar yetib kela olmagan bosqichda Italiyaning ikki jamoasi o‘ynaydi.

Bu qarama-qarshilikda yaqqol favorit bo‘lmaydi. Kimdir «Milan» yanvar oyida Italiya Superkubogida hamshaharlari tomonidan tor-mor etilgani (3:0) va fevral oyida milliy birinchilikda ham yutqazganini (1:0) eslatishi mumkin.

Ammo bu o‘yinlar vaqtida «rossoneri»lar kichik inqirozda edi va jarohatlar girdobiga tushib qolgandi. Hozir esa bir yil oldin skudettoni qo‘lga kiritgan jamoani eslatmoqda. Yevrokuboklar pley-off bosqichlarida hamshaharlarini doim yengib kelgan jamoani. Shu bilan birga, «Inter» ham YeChLning bu mavsumida butunlay boshqacha o‘ynamoqda. Bu jamoa yarimfinallarda 13 yildan buyon o‘ynamayotgandi — Joze Mourino boshchiligida «quloqli kubok»ni qo‘lga kiritganidan buyon. Oldinda muxlislarni yana ikkita qiziqarli o‘yin kutmoqda.

Dastlabki o‘yinlar 9-10 mayda, javob bahslari 16-17 may kunlari bo‘lib o‘tadi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Siti»ga hatto «Bavariya» raqobat qilolmayapti. Pep endi YeChLni oladimi?