14:39 / 27.04.2023
280

Qahramonga aylangan alban yigitining "Andijon"dagi sarguzashtlari boshlandi

Qahramonga aylangan alban yigitining "Andijon"dagi sarguzashtlari boshlandi
“Andijon” klubi Superliganing 7-turida “Metallurg” klubiga qarshi uchrashuvda raqibni 5:0 hisobida tor-mor keltirdi.
 
Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi sifatida albaniyalik legioner Rubin Xebay e’tirof etildi va u bunga to‘la munosib edi.
 
Katta iqtidorga ega hujumchi qachondir gollar urishini boshlashi kerak edi va bu holatni chiroyli ravishda boshlay oldi. O‘yin qahramoniga aylangan legioner intervyu berdi.
 
- Rubin, ajoyib g‘alaba bilan tabriklaymiz. Uchrashuv haqida nimalarni ayta olasiz?
- Vanihoyat, biz yana gollar urishni boshlaganimizdan juda ham xursandman. Qolaversa, raqibga qarshi xavfli bo‘lishga kirishganimizdan mamnunman. O‘ylaymanki, bundan keyingi o‘yinlarimizda ham xuddi shunday ruhda davom etishimiz kerak.
 
- Siz nihoyat gol urdingiz va hattoki, xet-trikka ham erishdingiz. Buni kutganmidingiz?
- Albatta, o‘zimdan tashqari imkon qadar jamoam uchun ham ko‘proq gollar urishim kerak. Bu har doim, har bir uchrashuvda ro‘y berishini istayman. Umid qilamanki, keyingi o‘yinlarda ham gollar urib jamoamga yordam berishga va g‘alabalarimizga hissa qo‘shishga harakat qilishda davom etaman.
 
- Jamoa qanday qilib motivatsiya oldi?
- Bu murabbiyning qarori edi. Raqib jamoani o‘yin uslubidan kelib chiqqan holatda taktik yurish qildik. Murabbiy bizga biroz yuqoriroqdan o‘ynashimiz va ko‘proq pressing qo‘llashimiz kerakligini aytdi. O‘ylashimcha, bu uslub yaxshi ish berdi. Bizda ajoyib jamoa bor. Ishonamanki, bu yigitlar bilan yana ko‘plab yaxshi natijalarga erisha olamiz.
 
- Nima deb o‘ylaysiz, o‘sha kuni “Andijon” har jihatdan kuchli o‘yin ko‘rsatdimi yoki raqib o‘z darajasida emasmidi?
- Biz uchta golni juda tez urib oldik, deb o‘ylayman. Menimcha, ushbu tezkor uchta gol raqibni tushkunlikka tushirib qo‘ydi. Bundan tashqari, aytib o‘tishim kerakki, jamoamiz bilan ajoyib o‘yin namoyish etdikki, natijada raqib bizga qarshi hech qanday qiyinchilik tug‘dira olmadi.
 
- Umuman, bunday yirik g‘alabani qanday ta’riflagan bo‘lardingiz?
- Bu men uchun katta va muhim g‘alaba. Lekin yanada eng muhim jihat shundaki, biz jamoamiz bilan yana shu taxlit davom eta olishimiz kerak.
 
- Siz uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldingiz. Bu to‘g‘ri tanlov, shunday emasmi?
- Albatta, qachonki sen gollar ursang, eng yaxshisisan! Shaxsan men gollar urganimdan juda ham xursandman. Lekin to‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, bitta o‘yinda 3 ta gol urgandan ko‘ra, uchta uchrashuvda bittadan urishni ham afzal ko‘rgan bo‘lardim. Menimcha, shunday holatda ham jamoamga yordam bergan bo‘lardim. Bu safar uchta urdim va albatta keyingi bahslarda ham gollar urishga harakat qilaman.
 
- Chempionatimizga to‘liq moslashib bo‘ldingiz-a?
- Ha, men moslashib ketdim, deb o‘ylayman. O‘z jamoadoshlarim bilan yaxshi aloqalarni yo‘lga qo‘ya oldim. Lekin, baribir ko‘proq yana o‘z ustimda ishlashim va rivojlanishim darkor. Oldin aytib o‘tganimdek, biz yaxshi jamoamiz. Bundan ham yaxshi o‘yinlar ko‘rsata olamiz.
 
- Andijonlik muxlislar stadionda ajoyib muhitni yaratdilar. Bu sizga yoqdimi?
- Bu borada menda ortiqcha izohga hojat yo‘q. Kelganimdan buyon meni ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatlashyapti. Jamoamizga ham katta dalda bo‘lyaptilar. Ularga kattadan-katta rahmatlar aytaman. Umid qilamanki, kelgusida ular yanada ko‘proq bo‘ladi va bizni olqishlashda davom etadilar. Chunki ularning qo‘llab-quvvatlashlari bizga katta yordam beradi. Keyingi uchrashuvlarimizda ham xuddi shunday ajoyib muhitda ishqibozlarimiz olqishlari ostida futbol o‘ynaymiz, degan umiddamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qahramonga aylangan alban yigitining "Andijon"dagi sarguzashtlari boshlandi