Toshkent shahri mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati tobora qizg‘in pallaga kirib bormoqda.
Dunyoning yuzdan ziyod mamlakatidan 600 nafardan ortiq charm qo‘lqop ustasi 13 vazn toifasida ringga chiqayotgan nufuzli musobaqada kutilmagan va sensatsion natijalar ham qayd etilayotgan muxlis-u mutaxassislar e’tiborini jalb qilmoqda.
Har qanday yakkakurash turida bo‘lgani kabi boksda ham eng og‘ir vaznli sportchilarning to‘qnashuvi doimo atrofdagilarda katta qiziqish uyg‘otadi.
Jahon chempionatining o‘ta og‘ir vaznli bokschilari bellashuvida dastlabki shov-shuvli vaziyatga birinchi raqamda saralangan armanistonlik David Chaloyan tushib qoldi.
2021 yilgi jahon chempionatining finalchisi hisoblangan Chaloyan musobaqani 1/16 finaldan boshladi va ilk jangida Xitoy sharafini himoya qilayotgan etnik qozoq – Danabiyeka Baykevuziga qarshi ringga chiqdi.
Bu bahsda tajriba va mahorat bobida raqibidan ustun hisoblangan Armanistonning besh karra chempioni Toshkent ringlarida o‘zini ko‘rsata olmadi. Danabiyeka Baykevuzi jahon chempionligiga nomzod bo‘lgan raqibini ochkolar hisobida mag‘lubiyatga uchratib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Uchrashuvda zarbalar hisobi bilan shug‘ullangan hakamlarning barchasi bir ovozdan Xitoy vakilining g‘alabasini tasdiqladi.
Jahon chempionatida o‘ta og‘ir vazn toifasida ko‘pchilik o‘zbek bokschisi Bahodir Jalolov va qozog‘istonlik Qamshibek Kunkabayev ishtirokini alohida qiziqish bilan kuzatib bormoqda.
2019 yilgi jahon chempioni va 2020 yilgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Bahodir Jalolov Toshkent ringlarida chempionlik uchun kurashashi kutilmoqda. Bu gal mashhur bokschimiz uchinchi raqamda saralangan.
Bahodir jahon chempionatidagi ilk jangini bir soatdan keyin o‘tkazadi va nimchorak final bosqichi uchun bo‘ladigan bahsda Bahrayn terma jamoasi sharafini himoya qilayotgan asli dog‘istonlik bokschi Danis Latipov bilan to‘qnash keladi.
Bu ikki charm qo‘lqop ustasi bungacha Iordaniya va Birlashgan Arabis Amirliklarida o‘tkazilgan nufuzli musobaqalarda o‘zaro ikki marotaba to‘qnash kelib, har ikki jangda hamyurtimizning qo‘li baland kelgan.
Qamshibek Kunkabayev ham ilk jangini bugun o‘tkazadi va u rossiyalik yosh bokschi Aleksey Dronovni imtihondan o‘tkazadi.
Shu o‘rinda, Bahodir Jalolov va Qamshibek Kunkabayev o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitobda 5:3 hisobida hamyurtimiz ustunlik qilayotganini eslatib o‘tish darkor.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi