17:48 / 09.05.2023
673

Islom Kenjaboyev: “Dadamni yuziga qanday qarayman?!”

Islom Kenjaboyev: “Dadamni yuziga qanday qarayman?!”
OKMK – “Qizilqum” bahsining 60 daqiqalari o‘tib borayotgan bir paytda Asror Aliqulov Islom Kenjaboyevni zaxiraga olmoqchi bo‘ldi. Futbolchi esa maydonni tark etishdan bosh tortdi. Bu voqea OAV tomonidan keng muhokama qilindi. Biz esa vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida “Qizilqum” yarim himoyachisi Islom Kenjaboyev bilan aloqaga chiqdik.
 
- Islom, kecha nima bo‘ldi? Nega zaxiraga olinishdan bosh tortdingiz?
- To‘g‘risi, kechagi o‘yin juda ham alamli bo‘ldi. OKMK yarim kuch bilan bizni yengayotganini maydonda ko‘ra bila turib, jamoamga yordam bera olmaganimni hazm qila olmadim. Meni murabbiy nega zaxiraga olmoqchi bo‘lganini tushunmadim. Eng qizig‘i, qanot yarim himoyachisi o‘rniga markazda to‘p tepuvchi futbolchi tushayotganini ko‘rib qizishib ketdim. Men hali charchamagan edim. Kuchim bor edi. Jamoamga yordam bermoqchi edim. O‘zgarish qilishga boshqa variantlar yetarli edi. Ayrim jamoadoshlarim charchab qolgani ko‘rinib turgandi. Ularni emas, meni maydondan murabbiy olmoqchi bo‘lganini tushuna olmadim. O‘yindan keyin barcha aybni menga ag‘darishdi. Bilmadim-ku, hatto qarshi hujumlar chog‘ida menga qadar bir bor aniq pas kelmasa, nima qilishim mumkin? Mendan Messini o‘yinini talab qilish noto‘g‘ri. Buning uchun avval boshqa aspektlarda Argentinadek yaxlit jamoaga aylanishimiz kerak. Bu esa mening qo‘limda emas. Ochig‘i, oxirgi marotaba “Nasaf” bilan xalqaro o‘yinda yengilganimizda yig‘lagan edim. Kechagi o‘yindan keyin, ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi. Achindim, alam qildi.
 
- O‘yindan keyin Asror Aliqulov bilan suhbatlashdingizmi? Vaziyatga qanday reaksiya bildirdi?
- Tan olaman, qilgan ishim noto‘g‘ri bo‘ldi. Men yosh futbolchilar mendan o‘rnak olishini istamayman. Natijalar bu qadar yomon bo‘lganini hazm qilish qiyin. Vaziyatni tushunib turibman. Afsuski, klubdagi ayrim muammolar bartaraf etilmagan.  Futbolchilarning vitaminizatsiyasi, mashg‘ulot uchun ajratilgan maydon og‘ir ahvolda. Bu omillar ham jamoa natijalariga ta’sir ko‘rsatmoqda.
 
- Mavsum avvalida “Qizilqum” jamoasida pul bor edi. Asror Aliqulov nega bunday tarkib tuzdi? Bir nechta futbolchilar Pro-liga darajasida emasmi?!
-  Ochig‘i, “Nasaf” bilan shartnoma imzolay olmagach, “Qizilqum”ga qaytdim. Jamoaning tarkibidagi futbolchilarni ko‘rishim bilan rahbariyatga murojaat qildim. Ancha kuchsizlanganimizni, bu tarkib bilan Pro-ligaga tushib ketishimiz aniqligini aytdim. Ular hammasi yaxshi bo‘lishini takrorladi. Vaholanki, hozir O‘zbekistonda kuchsiz klubning o‘zi qolgani yo‘q. Pro-ligadagi “Dinamo"ga ham kubok bahsida yengilganimiz bejiz emas. Jamoadoshlarimga hech qanday e’tirozim yo‘q. Ular ham qo‘lidan kelganini qilmoqda, biroq Navoiy xalqini xursand qilish uchun yaxshiroq futbol namoyish etishimiz shart.
 
- Klubda moliyaviy muammolar yo‘q, ammo nega natija bo‘lmayapti? Vaholanki, mavsum boshida klubning budjeti bir nechta Superliga jamoalarinikidan kattaroq edi?
-  Darhaqiqat, pul borasida hech qanday muammo yo‘q. Bizga maoshlarimizni ertaroq ham to‘lab berishmoqda. Afsuski, biz yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan futbol o‘xshamadi. Hozir klub bazasiga mashg‘ulot o‘tashga ketyapmiz. Ishonasizmi, Navoiyda ko‘chada yurib bo‘lmay qoldi. Muxlislar tinmay natija talab qilishmoqda. Ularni tushunaman. O‘tgan mavsumdagi jamoa o‘yinini ko‘rgach, ular bundan kamiga rozi bo‘lmasligi tabiiy. Hozir uyga borib dadamni ko‘ziga qanday qarashimni ham bilmayman. To‘g‘risi, vaziyat chigallashib ketdi.
 
- Asror Aliqulov ishdan olindi. Vaziyatni o‘nglash uchun nima qilish kerak deb hisoblaysiz?
-  Men doim o‘ylaganimni aytadigan odamman. Ba’zan, kimnidir xafa qilib qo‘yishim mumkin, ammo rost gapirish lozim. Transfer oynasi ochilganida, adashmasam 5 futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati beriladi. Mana shu limitdan to‘liq foydalanish lozim. Jamoaga kuchliroq ijrochilarni olib kelishimiz shart. Hozir asosiy vazifa - birinchi davra yakuniga qadar 10-15 ochko ishlab olish. "Qizilqum" elitani tark etmasligi uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
 
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Islom Kenjaboyev: “Dadamni yuziga qanday qarayman?!”