Italiya A Seriyasining 35-turida “Spetsiya” vakillarini jiddiy sinov kutib turibdi. Yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan liguriyaliklar “Alberto Pikko” stadionida “Milan”ni qabul qiladi.
Avvalgi mavqeini tiklashga urinayotgan milanliklar joriy mavsumda Chempionlar ligasi yo‘llanmasini ko‘zlagan. “Spetsiya”ga qarshi bahsda Stefano Pioli jamoasi faqat g‘alaba uchun maydonga tushadi.
Bo‘lajak uchrashuv oldidan belgilangan matbuot anjumani “Spetsiya” bosh murabbiyi Leonardo Semplichi o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
“Kremoneze”ga boy berilgan o‘yin haqida
O‘n to‘qqiz yillik faoliyatim davomida bunaqa o‘yinda qatnashmaganman. O‘yin bobida ustunlik qilganimizga qaramay, ishni durangga ham etkaza olmadik. Bu narsa meni ko‘p jihatdan o‘ylantirib qo‘ydi. Ishlar shu zaylda davom etayotganda aybni omaddan qidirib bo‘lmaydi. Biz boshqacha ishlashimiz kerak.
Natijaga erishish uchun qilayotgan harakatlarimiz etarli bo‘lib chiqmadi. Endi fakt shuki, oldimizdagi to‘rtta uchrashuvda biz qo‘limizdan kelganini qilishimiz shart. Yo‘qotadiganimiz bor va bunga yo‘l qo‘ya olmaymiz. “Milandek” kuchli jamoaga qarshi imkon qadar yaxshi o‘ynashga harakat qilamiz.
Vaziyat haqida
Men futbolchilarga ligada qolish poygasining ahamiyati haqida o‘ylamaslik kerakligini, aksincha, bor e’tiborni maqsadimizni amalga oshirishga qaratish kerakligini tayinladim. O‘tgan o‘yinni boshqacha natija bilan yakunlashimiz kerak edi.
Biz o‘zimizdan talab etilgan hamma narsani qildik. Nokautga uchraganimizni hazm qilish mumkin, lekin buni bir hafta davomida o‘ylab yurib bo‘lmaydi. Biz ham futbolchilarni salbiy natija ta’siridan himoyalashga harakat qildik. Biz oxirigacha kurashib, o‘zimizga kerakli bo‘lgan natijalarni qo‘lga kirita olamiz.
“Milan” bilan o‘yin oldidan
Raqamlar vaziyatni aniq ko‘rsatib turibdi. Biz 11 ta uchrashuvda 8 ta gol urib, 17 ta o‘tkazib yubordik. Biz natijani qo‘lga kiritish uchun juda ko‘p qulay vaziyatlar yaratdik. Lekin ko‘p gol o‘tkazib ham yubordik.
Biz uchrashuvlarda hujum haqida boshqotirganimizdek, himoyani ham mustahkam ushlab turishni o‘ylashimiz kerak. Borimizni maydonga tashlab chiqishimizga to‘g‘ri keladi.
Jarohatlanganlar haqida
Shimon Zurkovski safga qaytdi. Lekin bu uning xizmatidan 90 daqiqa to‘liq foydalanishimizni anglatmaydi. Asosiy to‘purarimiz Mbala Nzola ham bir hafta davomida jamoa bilan shug‘ullandi. Uning sog‘lig‘i joyida.
Futbolchilar mas’uliyatni his qilgan holda, mavsumda katta o‘zgarish qilish maqsadida mashg‘ulotlarga zo‘r berdi. Oldindagi raqib jiddiy. “Milan” Italiya chempioni va bu mavsumda Chempionlar ligasi yarim finaliga etib keldi. Kuchli raqib. Biz ularga qarshi nimalardir o‘ylab topib, natijaga erishishimizga to‘g‘ri keladi.
Shomurodov haqida
Jamoaga kelganimdan beri Eldor Shomurodov va Mbala Nzolani oldingi chiziqda birga o‘ynatish usullarini qidiryapman. Bu ikki hujumchi bir birini to‘ldira oladi.
“Milan”ga qarshi bahsda ham Shomurodov va Nzola tandemini ilk daqiqalardan o‘ynatish variantini o‘ylayapmiz. Bu yangilik bo‘lmaydi. Avval ham shunday qilganmiz. Lekin bo‘lajak o‘yin oldidan bu imkoniyatni hali yana ko‘rib chiqamiz.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring