20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga start berildi. O‘zbekiston ochilish o‘yinida Argentinaga yutqazib qo‘ydi. Guruhimizdagi ikkinchi o‘yinda esa Yangi Zelandiya Gvatemalani taslim etdi.
Siz-u biz o‘z guruhimizdagi holatdan yaxshigina xabardormiz. Xo‘sh, boshqa kvartetlarda vaziyat qanday ko‘rinish olgan? Quyida shu savolga javob beramiz.
"B" guruhi.
Slovakiya yoshlari ilk turda Fijini ayab o‘tirmadi. Evropaliklar uzoqdan kelgan Okeaniya qit’asi vakiliga javobsiz 4 ta gol urishga erishdi. Bu yirik g‘alaba Slovakiya uchun anchagina foydali bo‘lishi mumkin.
Guruhdagi ikkinchi bahsda AQSh termasi Ekvadorni kichik hisobda taslim etdi. Yagona gol 90+3-daqiqada kiritilganini ham e’tirof etish kerak.
"S" guruhi.
Qit’adoshlarimiz o‘rin olgan mazkur to‘rtlikda ham ikki g‘alaba qayd etildi. Kolumbiya Evropa vitse-chempioni Isroilni 2:1 hisobida taslim qildi. Qizig‘i, mazkur bahsda ham kolumbiyaliklarning g‘alaba keltiruvchi goli 90-daqiqada urildi.
Osiyo kubogida yarim finalda engilgan Yaponiya termasi Afrika vakili Senegaldan kichik 1:0 hisobida ustun keldi. Mazkur bellashuvda yaponiyalik darvozabonning naq 5 ta seyv ijro etgani tahsinga sazovor.
"D" guruhi.
Evropa va Janubiy Amerikaning eng oldi jamoalari o‘rin olgan navbatdagi guruh. Italiya U-20 terma jamoasi jahon chempionati favoritlaridan biri bo‘lgan Braziliyani 3:2 hisobida mag‘lub etdi.
Qizig‘i, 34-daqiqadayoq italyanlar hisobni 3:0 qilib bo‘lishgandi. Statistikada ham evropaliklar ustunlik qilishdi. Oxiridagi e’tiborsizlik sabab braziliyaliklar 2 ta gol urib ketdi.
Ikkinchi uchrashuvda Nigeriya Dominikan Respublikasi yoshlarini 2:1 hisobida engishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq Nigeriya ikki gigant termadan o‘tib guruhdan chiqishi juda qiyin masala bo‘lib ko‘rinmoqda.
Bugun "E" va "F" guruxlaridan o‘rin olgan o‘yinlar bilan 1-turga yakun yasaladi. Ertadan esa 2-turga start beriladi.
"E" guruhi
23:00 Angliya - Tunis.
02:00 Urugvay - Iroq.
"F" guruhi
23:00 Frantsiya - Janubiy Koreya.
02:00 Gambiya - Gonduras.
Shohrux Zoirov
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring