22:39 / 01.06.2023
307

U-20 terma jamoamiz safida kimlar mundialni "yondirdi"?

U-20 terma jamoamiz safida kimlar mundialni "yondirdi"?

O‘zbekiston U-20 jamoasi Argentinadagi ishtirokini yakunlaganidan xabaringiz bor. Endi barchasini sarhisob qilishning ayni payti. Xo‘sh, kimlar o‘zini yaxshi ko‘rsatdi? Kimlarni o‘zimiz uchun kashf etdik? SPORTS.uz Ravshan Haydarov jamoasidagi eng yaxshi 5 futbolchini (o‘z versiyasiga ko‘ra) aniqladi. Tuzilgan ro‘yxat sizni hayron qoldirishi aniq!

5-o‘rin – Sherzod Esanov ("Andijon")

“Andijon” klubi a’zosi Ravshan Haydarovning istalgan vaqtda kerakli zonani kuchaytirish yo‘lida foydalangan universal “jangchisi”ga aylandi. U Yangi Zelandiya bilan og‘ir kechgan bahsda durangni saqlab qolgan bo‘lsa, Gvatemala bilan o‘yinda ham katta hajmdagi ishni bajardi. Umuman olganda, Esanov ushbu mundialda chinakamiga kashf etildi, desak adashmagan bo‘lamiz. Sherzod zaxiradan tushgan va asosiyda boshlagan o‘yinlarida birdek jamoamiz uchun foydali bo‘ldi. Gol urdi, pressingda faol ishladi. Aynan u TOP-5 ni ochib beradi.

4-o‘rin – Zafarmurod Abdirahmatov ("Nasaf")

So‘nggi mavsumda “Nasaf” asosiy tarkibida ham ko‘rinish berishni boshlagan yigit butun O‘zbekistonga mashhur bo‘lib ketdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kichik jussali bo‘lishiga qaramay, to‘p uchun kurashda gavdali raqiblar oldida o‘zini yo‘qotib qo‘ygani yo‘q. To‘g‘ri joy tanlash va katta tezlik evaziga u deyarli qo‘pollik ishlatmay qanotida hukmronlik o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Qo‘shimchasiga, kerakli pallalarda hujumga qo‘shilib, jamoaning oldingi chiziqdagi imkoniyatini oshirishga yordam berdi. Yangi Zelandiya bilan bahsdagi assist yodingizdami? Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalardagi sovuqqonlik, to‘pni o‘zida bir soniya ushlab turgani va ideal uzatmani amalga oshirgani “ajdarlar” bazasida yangi “yulduz” yetishib chiqayotganidan darak bermoqda. Zafarmurod o‘z ustidan ishlasa, 2-3 yil ichida terma jamoada ham ko‘rinish berishi hech gap emas.

3-o‘rin – Shahzod Ne’matjonov ("Metallurg")

“Metallurg” a’zosi faqat bir o‘yinda o‘zini ko‘rsatdi, biroq bu juda omadsiz boshlangan guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlash uchun kifoya qildi. Jismonan baquvvat emas, o‘rta bo‘y va tezkor bo‘lmagan forvard O‘zbekiston U-20 jamoasini yelkasida keyingi bosqichga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Ha, unda kamchiliklar yetarli, ammo qahramonimiz bu muammoni kuchli ishtiyoq va yuqori konsentratsiya namoyish etgan holda kompensatsiya qildi. Natijada, o‘zidan kuchli bo‘lmagan raqiblarni yenga olmayotgan jamoamiz Gvatemala ustidan g‘alaba qozondi. Mahoratli, tezkor va hatto tug‘ma iqtidor egalari ham tablodagi hisobga ta’sir ko‘rsata olmagan paytda, Ne’matjonov kuchli ishtiyoq va tirishqoqlik evaziga bizga pley-off yo‘llanmasini sovg‘a qildi. Yosh forvardimizga kelajakda omad tilab qolamiz.

2-o‘rin – Abosbek Fayzullayev ("Paxtakor")

Kutilganidek, Abbosbek jamoamiz yetakchisi bo‘ldi. Yangi Zelandiya bilan bahsda gol kiritib, jamoani o‘yinga qaytardi. Argentina bilan o‘yinda 90 daqiqa davomida bo‘sh zonalar yaratishda mehnat qildi. Umuman olganda, u Osiyoning o‘z tengqurlari orasidagi eng zo‘r futbolchisi ekanligini isbotladi. “Paxtakor” a’zosi bu ro‘yxatda birinchi o‘ringa haqli, ammo ko‘plab ishqibozlarning mehrini qozongan boshqa bir yigit so‘rovnomada ko‘proq ovoz to‘pladi.

1-o‘rin – Abduqodir Husanov ("Energetik-BGU")

Xotirjam, sovuqqon, yakka kurashlarda ayovsiz 3-raqam egasi jahon chempionatiga qadar kimnidir e’tiborini tortdi, kimnidir esa yo‘q. Ortda qolgan 4 o‘yinda esa uning mehnatkashligi, professional harakatlari va yashirin yetakchi ekanligi yaqqol ko‘zga tashlandi. Abduqodir terma jamoa mudofaasini yaqin yillar ichida (o‘sishdan to‘xtab qolmasa) bemalol o‘z qo‘liga olishga yetarli potensialga ega ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, u tez orada Timur Kapadze boshqaruvidagi Olimpiya terma jamoasidan chaqiruv olishi kutilayotgan ekan. Nima ham derdik, u kabi yuragida o‘ti bor yigitlar hozir futbolimizga  har qachongidanda ko‘proq kerak.

Xulosa o‘rnida. Aslida, bu ro‘yxat kimnidir ajratish yo kimnidir yerga urish uchun tuzilgani yo‘q. Shunchaki, bu maqola orqali Argentinadagi shirin lahzalar, uyqusiz o‘tgan tunlar, turli kayfiyatda boshlangan tonglar uchun termamizning barcha a’zosiga minnatdorchilik bildirmoqchi edik, xolos. Asosiysi, natija emas. Muhimi, qit’a birinchiligida g‘olib chiqqan avlodni to‘liq tarkibda, professional futbolda saqlab qolish. Katta yo‘l oldida turgan barcha ukalarimizga professional karerasida omad va zafarlar tilab qolamiz!

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » U-20 terma jamoamiz safida kimlar mundialni "yondirdi"?