23:27 / 10.06.2023
234

Shomurodov gol urgan darvozabon PSJga o‘tadigan bo‘lyapti

Shomurodov gol urgan darvozabon PSJga o‘tadigan bo‘lyapti
Jahon futboliga mahoratli darvozabonlar tarbiyalab bergan Meksika futboli vakili Gilermo Ochoa faoliyatini Yevropaning top-klubida davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
 
Score nashrining xabar berishicha, 37 yoshli posbonni PSJ transfer qiladi. Parijliklarning zaxiradagi darvozaboni Serxio Riko baxtsiz hodisa tufayli boshidan og‘ir jarohat olgan va og‘ir ahvolda shifoxonada yotibdi.
 
Endi Fransiya chempioni kelasi mavsum Janluiji Donnarummaga o‘rinbosarlik qiladigan posbon topishi kerak.
 
Parijliklar bu pozitsiyaga katta tajribaga ega Gilermo Ochoani tanladi. Meksikalik futbolchining o‘zi ham faoliyatining so‘nggi bosqichni katta klubda o‘tkazishga qarshi emas.
 
Ochoa joriy mavsumni Italiya chempionatida “Salernitana” safida o‘tkazdi va jamoasini yuqori diviziondagi joyini saqlab qolishiga katta hissa qo‘shdi.
 
Shuni ta’kidlash lozimki, Eldor Shomurodov joriy mavsumda A Seriyadagi yagona golini aynan mana shu darvozabonga urgan. A Seriyaning 28-turida “Spetsiya” o‘z maydonida “Salernitana” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
 
Legionerimiz o‘sha uchrashuvda to‘pni Ochao ustidan darvoza to‘riga tushirib super gol urgandi. Aynan o‘sha bahsda qo‘lga kiritilgan bir ochko mavsum yakunida “Spetsiya”ga yuqori divizionda jon saqlab qolish imkonini saqlab turibdi.
 
Gilermo Ochoa “Amerika” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2003-2011 yillarda o‘z yurtida faoliyat ko‘rsatganidan keyin Yevropaga ko‘chib keldi. Fransiyada “Ayachcho”, Ispaniyada “Malaga” va “Granada”, Belgiyada “Standart” jamoasi sharafini himoya qildi.
 
Gilermo Ochoa 2019 yili yana qadrdon klubi “Amerika”ga qaytib bordi. Taqdirni qarangki, 2022 yili Qatarda o‘tkazilgan jahon chempionatidan keyin tajribali futbolchi faoliyatini yana Yevropada davom ettirishga qaror qildi va“Salernitana” bilan qisqa muddatli shartnoma imzoladi.
 
Darhaqiqat, Gilermo Ochoa ketma-ket beshta jahon chempionatida ishtirok etgan kam sonli darvozabonlardan biridir. 2005 yildan beri mamlakat terma jamoasi darvozasini qo‘riqlab kelayotgan 37 yoshli futbolchi 135 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Bu bahslarda Ochoaning darvozasi 136 marotaba ishg‘ol qilindi.
 
“Salernitana” va Ochoa o‘rtasidagi shartnoma 30 iyunda tugaydi. Tajribali posbonga “Milan” va “Inter” jamoalari ham qiziqish bildirmoqda. Hozircha, barcha klublar Ochoaga zaxira posboni vazifasini taklif qilyapti.
 
Gilermo Ochoa “Salernitana”ga kelganidan beri birinchi raqam egasi sifatida boshlang‘ich tarkibda o‘ynadi. U mavsum davomida 20 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z darvozasidan 33 ta to‘p olib chiqdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov gol urgan darvozabon PSJga o‘tadigan bo‘lyapti