“Chelsi” yarim himoyachisi Ngolo Kante faoliyatini Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” jamoasida davom ettiradi.
32 yoshli fransiyalik futbolchi Saudiya Arabistoni chempioni bilan shartnoma imzoladi. Klub futbolchini iyul oyida rasman tanishtirishi kutilmoqda. Kelishuv shartlari haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.
Fabrisio Romano xabariga ko‘ra, Kante arab klubi bilan 2027 yilga qadar mo‘ljallangan bitim imzolagan. Uning maoshi yiliga 25 million yevroni tashkil qiladi.
To‘rt yil davomida 100 million yevro maoshdan tashqari Kante tijoriy kelishuvlar va imij huquqi bilan bog‘liq shartnomalardan ham ulush oladi.
Avvalroq “Real” hujumchisi Karim Benzema “Al-Ittihod” safiga kelib qo‘shilgandi.
Kante “Chelsi”da 7 yil faoliyat yuritdi. Bu vaqt ichida Ngolo 6 ta sovrin yutdi: APL, Angliya Kubogi, Chempionlar Ligasi, Yevropa Ligasi, UEFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati. Kante “Lester” safida ham Premyer Liga g‘olibligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Fransiya terma jamoasi bilan 2018-yilgi mundial g‘olibiga aylangandi.
Kante 2022/23-yilning mavsumning katta qismini jarohat sabab o‘tkazib yubordi. Fransiyalik futbolchi APL o‘tgan mavsumida bor-yo‘g‘i 7 ta o‘yin o‘tkazdi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring