16:50 / 08.07.2023
1 032

Shomurodovni so‘rab, mashhur klub rahbari Rimga keldi

Shomurodovni so‘rab, mashhur klub rahbari Rimga keldi

Yozgi transfer mavsumi tobora qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Ayrim klublar tarkibini kuchaytirishga, boshqalari kerakmas futbolchilardan qutilishga harakat qilmoqda. Shuningdek, bir necha futbolchilar kelasi mavsum oldidan o‘ziga yangi ish joyi topishi kerak.

Kuchli beshlik chempionatlaridagi yagona vakilimiz – Eldor Shomurodov ham o‘ziga yangi jamoa topishi kerak bo‘lgan o‘yinchilar qatoriga kiradi. “Roma” kelasi mavsumga tayyorgarlikni boshlash arafasida turibdi.

Rim klubi sport direktori Tyagu Pinto bosh murabbiy Joze Mourinoga bir necha yangi hujumchilarni olib berish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. Shuning qatorida, portugaliyalik mutaxassis Eldor Shomurodov masalasini ham hal qilishi talab etiladi.

Hozircha, Shomurodovga uchta jamoadan qiziqish bo‘ldi. Hamyurtimiz Rossiya Premer-ligasiga qaytmasligini aytib, Moskvaning “Spartak” jamoasiga rad javobini berdi. Gretsiyaning PAOK klubidan bo‘lgan chorlov ham legionerimizni qiziqtirmasligi haqiqatga yaqinroq.

Turkiya chempioni “Galatasaroy” esa o‘zbek hujumchisidan umidini uzgani yo‘q. Aslida turk grandi bir necha mavsumdan beri Eldorni o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qiladi. Buning uchun ular “Roma”ga yaxshi takliflar bilan chiqqani haqida ham ma’lumotlar tarqatilgan. Biroq, Shomurodov o‘tgan transfer bozorlari vaqtida A Seriyadan tashqariga chiqmasligini aytib, boshqa ligalar vakillarining takliflarini qabul qilmagan edi.

“Galasaroy” hali hamon Shomurodovni o‘ziga chorlamoqda. Klub direktorlari kengashi raisining o‘rinbosari Erden Timur Yevropaga bo‘lgan xizmat safari doirasida Rimga ham keldi.

Bu mutaxassis futbol sohasidagi ishlar bo‘yicha London va Barselonaga borgan edi. Uning tashrif dasturiga Eldor Shomurodov masalasi ham kiritildi. Shu bois, Erden Timur Italiya poytaxtiga yo‘l oldi.

Turkiyaning mashhur nashrlaridan www.fotomac.com.tr saytining xabar berishicha, Erden Timur “Roma” klubi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazib, Shomurodov transferini muhokama qilgan. Unda “Galatasaroy” vakili o‘zbek legionerini keyinchalik sotib olish huquqi bilan bir mavsumga ijaraga olish taklifini bildirgan.

“Galatasaroy” Shomurodovga jiddiy qiziqayotgani bejiz emas, albatta. Trkiya futbol federatsiyasining qaroriga ko‘ra, turkiy mamlakatlar futbolchilari bundan keyin legioner hisoblanmaydi.

Shu bois, turk klublari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon futbolini jiddiy kuzata boshladi. O‘zbek futbolchilari orasida Turkiyada o‘ynayotgan Otabek Shukurov va Eldor Shomurodovdan tashqari iste’dodli darvozabon Abduvohid Ne’matovga ham jiddiy qiziqishlar bo‘lyapti.

28 yoshli Shomurodov va uning agentlar hali “Galatasaroy” taklifi bo‘yicha munosabat bildirmadi. Shuningdek, hali “Roma” mutasaddilari bu masalada bir izoh bergani yo‘q.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, Eldor Shomurodov atrofidagi vaziyatni kuzatishda davom etamiz. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘zbek hujumchisining bozori odatda transfer mavsumining so‘nggi kunlarida qaynaydi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovni so‘rab, mashhur klub rahbari Rimga keldi
ePN