Xabaringiz bor, kuni kecha “Bunyodkor” klubiga rossiyalik mutaxassis Aleksandr Krestinin bosh murabbiy etib tayinlandi.
Muxlislar uni asosan Qirg‘iziston terma jamoasini boshqargan paytlaridan yaxshi bilishadi. Yaqinda terma jamoadan ketgan mutaxassis endi yurtimizda faoliyatini boshladi. Sports.uz jurnalistli esa Krestinindan intervyu oldi.
- Aleksandr Sergeyevich, “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyi etib tayinlanganingiz bilan tabriklaymiz. Qachondir bu ish sodir bo‘lishi kerak edi, shundaymi?
- Avvalambor, tabrik uchun rahmat. Bu yerda katta bir klubdan taklif tushganini ham inobatga olish kerak. Albatta, juda ham qiziqarli ish ekanligini tushunib turibman. Bu katta mas’uliyat va katta ishonch borligini sezib turibman. O‘ylaymanki, har qanday murabbiy uchun “Bunyodkor”dek jamoada ishlash faxr.
- Ayting-chi, “Bunyodkor”dan qachon taklif tushdi va siz bilan kim aloqaga chiqdi?
- Hammasi juda tez amalga oshirildi. Men bilan jamoaning bosh direktori Murodjon Bakiyevich aloqaga chiqdi. Dastlab telefon orqali barchasini gaplashib oldik.
- Bilamizki, Qirg‘iziston terma jamoasini 9 yil boshqardingiz. Sizningcha, terma jamoa bilan klubda ishlash o‘rtasida katta farq bormi? Aytmoqchimanki, klubdagi ko‘nikma borasida sizda muammolar yo‘qmi?
- Menda yaxshigina katta tajriba bor. Terma jamoa va klub bilan ishlash borasida yetarlicha ko‘nikma mavjud. Shu sabab qanday klubga ishga o‘tganimni his qilib turibman. Bu meni kasbim va hayotim ekanligini ham yaxshi anglayman va butun mehrim bilan ushbu jamoada faoliyat olib boraman.
- Jamoaning yozgi yig‘in rejasi qanday?
- Yozgi yig‘in albatta kerak va muhim. Bu vaqt davomida bir qator ishlarni olib boramiz. Yozgi tayyorgarlik davomida kerakli narsaga erishish uchun qo‘ldan kelgan barcha ishni amalga oshiramiz. Bunday paytda ko‘plab tashkiliy ishlarni bajaramiz. Chempionatga maksimal darajada sifatli tayyorlanishga harakat qilamiz.
- “Bunyodkor”da siz yaxshi bilgan futbolchilardan kimlarni tanidingiz?
- Jamoa bilan tanishib chiqdim. Aytishim mumkinki, Davron Ergashev bilan tanishmiz. Uni terma jamoa miqyosidagi o‘yinlardan yaxshi tanirdim. Tojikiston terma jamoasi himoyachi sifatida to‘p surgan. O‘shanda to‘qnash kelganmiz.
- Jamoaga yangi futbolchilar kelib qo‘shilsa kerak. Masalan, kimlarga qo‘ng‘iroq qilyapsiz? Aytaylik, shartnoma imzolagan yoki shartnomasi bekor qilingan o‘yinchilar bormi?
- Klubda tajribali, saviyali o‘yinchilar yig‘ilganini bilaman. Mashg‘ulotlar orqali futbolchilarning holatini yaxshilab o‘rganib olganimdan keyin so‘nggi qarorga kelishim mumkin.
- Oldingizga aniq vazifa qo‘yildimi?
- “Bunyodkor”dek klubda har doim yuqori talablar qo‘yiladi. Shu bois barcha bilim va mahoratimizni ishga solamiz, deb va’da beraman. Asosiysi, har bir uchrashuvda g‘alaba uchun maksimal kurashamiz. Barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.
- Jamoa o‘yinida o‘zgarishlar qilish uchun qanday taktikalardan foydalanmoqchisiz?
- Taktikamizni futbolchilarning imkoniyati va holatidan kelib chiqib belgilaymiz. Ularning barcha imkoniyatlaridan foydalana olsak yuqori natijalarga erishishimiz mumkin.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring