14:44 / 09.07.2023
156

Germaniyaning "Kayzerslautern" klubi tarbiyalanuvchisi "Paxtakor"ga o‘tishi mumkin

Germaniyaning "Kayzerslautern" klubi tarbiyalanuvchisi "Paxtakor"ga o‘tishi mumkin

"Paxtakor" yozgi transfer kampaniyasini davom ettirmoqda. Bu gal amaldagi mamlakat chempioni Germaniyada tug‘ilgan va futbol ta’limini shu yerda olgan yarim himoyachi Kimi Merk bilan shartnoma imzolashga yaqin turibdi.

Kimi Merk rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 40 ming kishi istiqomat qiluvchi Pirmazens shahrida tug‘ilgan. Shahar Reynland-Pfals nomini olgan hududda joylashgan. Shuningdek, mashhur futbol shaharlari – Kayzerslautern va Mayns ham shu yerda.

Kimining akasi bor, u ham professional futbol o‘ynaydi. Ularning otasi Qirg‘iz Respublikasida tug‘ilgan, shuning uchun ikkala o‘g‘li ham Qirg‘iziston fuqaroligini qabul qilib, ushbu mamlakat terma jamoalarida o‘ynashmoqda. Agar "Paxtakor" Kimi bilan shartnoma imzolasa, u O‘zbekiston chempionatidagi "5+1" ko‘rinishidagi Osiyo mamlakatlari futbolchilari limitini band qiladi.

Kimi Merk 8 yoshida "Kayzerslautern" bolalar jamoasidan taklif olgan. So‘nggi bir necha yil davomida "Kayzerslautern" U-17 va U-19 jamoalarida to‘p tepgan, u yerda "Xoffenxaym", "Mayns", "Frayburg", "Shtutgart" va "Bavariya" akademiyalari tarbiyalanuvchilariga qarshi o‘ynagan. Bundesliganing yoshlar birinchiligida (Janubiy/Janubi-G‘arbiy hudud) Merk o‘tgan mavsumda 13 ta o‘yin o‘tkazib, 3 ta gol urgan.

2023 yil mart oyida Merk yoshlar o‘rtasidagi Osiyo Kubogida ishtirok etgan Qirg‘iziston U-20 terma jamoasidan chaqiruv oldi. Kimi doim asosiy tarkibda maydonga tushdi, Xitoyga qarshi bahsda esa golli uzatma berdi. Qirg‘iz Respublikasi bor-yo‘g‘i 1 ochko jamg‘arib, musobaqaning pley-off bosqichiga chiqa olmadi.

Pozitsiyasiga ko‘ra, Merk hujumkor yarim himoyachi, ammo u hujumning qanotlarida ham o‘ynay oladi. Yaqinda u 19 yoshga to‘ldi. Merkning kuchli tomonlari – to‘pga egalik qilish, kombinatsion futbol o‘ynash va maydonni ko‘ra olish. U-20 Osiyo Kubogida u Qirg‘iz Respublikasi terma jamoasi yetakchilaridan biri bo‘ldi, jamoani boshqardi va tez-tez aqlli paslarga mualliflik qildi.

Kimi Osiyo Kubogi U-20dan so‘ng Qirg‘iziston U-23 terma jamoasida o‘ynadi, shundan so‘ng yosh bo‘lishiga qaramay (o‘sha paytda atigi 18 yoshda edi), mamlakatning asosiy terma jamoasiga jalb etildi.

Bahorda Kimi germaniyalik futbol blogeri freekickerz dasturida suratga tushdi va u yerda jarima zarbalarini tepish bo‘yicha bellashdi. Agar siz ushbu videoni tomosha qilishni istasangiz, sizga avtomatik subtitrlarni yoqishingizni maslahat beramiz.

Yevropa top-darajasidagi futbol ta’limini olgan yosh futbolchilar O‘zbekistonga tez-tez kelmasligini inobatga olsak, Merkning "Paxtakor" tarkibidagi o‘yinlarini ko‘rish qiziq bo‘ladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Germaniyaning "Kayzerslautern" klubi tarbiyalanuvchisi "Paxtakor"ga o‘tishi mumkin