07:30 / 14.07.2023
791

Superklub Shomurodov masalasida bezovta bo‘lyapti

Superklub Shomurodov masalasida bezovta bo‘lyapti

“Spetsiya”dagi ijara muddatini o‘tab, Rimga qaytgan Eldor Shomurodov kelasi mavsum oldidan yana jamadonini yig‘ishiga to‘g‘ri keladi.

Taniqli insayder Nikolo Skiraga ko‘ra, "Roma" bosh murabbiyi Joze Mourino kelasi mavsum ham o‘zbekistonlik hujumchining xizmatlaridan foydalanishni rejalashtirmayapti. Shuning uchun ham sport direktori Tyagu Pinto forvardga yangi ish joyi topib berishi kerak.

28 yoshli hujumchiga taklif yo‘q emas. Aniqrog‘i, Eldorni so‘rayotgan jamoalar soni oshib bormoqda.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi eng zo‘r to‘purarga “Lechche” jiddiy qiziqish boshlagani haqida xabar tarqatgan edik.

Shomurodovga xaridorlarning ko‘payayotgani “Galatasaroy”ni bezovta qila boshladi.

Nufuzli manba –  www.fotospor.com nashrining yozishicha, istanbulliklarning asosiy transfer nishoni Mauro Ikardi hisoblanadi. Argentinalik yulduz o‘tgan mavsumni ijara asosida “Galatasaroy”da o‘tkazdi va 22 ta gol bilan chempionlikka munosib hissa qo‘shdi.

Turk superklubi Ikardini PSJdan 10 million evroga to‘liq transfer qilish taklifini bergan va maqsadiga erishish imkoniyat bor.

Istanbulliklarni Eldor Shomurodov turkiy davlatlar vakili ekani qiziqtirmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, turkiy millatlar Superligada legioner maqomida bo‘lmaydi.

- “Lechche” hujum chizig‘ini kuchaytirishi kerak. Ular “Roma”ning o‘zbekistonlik forvardi Eldor Shomurodovni nishonga oldi. “Galatasaroy” ham o‘zbek futbolchisini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lyapti. Chunki uni mahalliy o‘yinchi maqomida o‘ynatish mumkin, - deb yozmoqda www.fotospor.comsayti.

Italiyadagi manbalardan footballnews24.it sayti ham Eldor Shomurodov atrofidagi vaziyatga oydinlik kiritdi.

- “Spetsiya”dagi ijara muddati davomida o‘zini ko‘rsata olmagan futbolchining kelasi mavsum “Roma” asosiy tarkibidan joy olishi muammo. Shomurodov uchun kurashda yaqingacha “Galatasaroy” peshqadamlik qilayotgan edi. Endi vaziyat o‘zgardi.

Shomurodovga A Seriyadan xaridor chiqishi, hujumchi uchun kurashda “Lechche”ni etakchiga aylantirdi, - deb yozmoqda  footballnews24.it sayti jurnalisti Daniele Segenti Monachelli.

Ma’lumotlarga qaraganda, “Lechche” o‘zbek hujumchisi masalasida transfer formatini hal qilishi kerak. “Roma” vakillari bilan bo‘ladigan muzokaralar chog‘ida o‘yinchini bir mavsumga ijaraga olish, ijara muddati tugaganidan keyin transferni to‘liq amalga oshirish huquqi yoki majburiyatini yuklatish variantlari muhokama qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Shomurodov 2020 yilning oktyabrida Italiya chempionatidagi faoliyatini boshladi va bugungi kunga qadar uchta jamoada to‘p tepdi.

Eldor “Jenoa”da 32 ta uchrashuvda sakkizta gol va ikkita assist, “Roma”da 48 ta o‘yinda 6 ta gol va oltita assist, “Spetsiya”da 16 ta bellashuvda 1 ta gol va bir juft assist muallifi bo‘ldi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superklub Shomurodov masalasida bezovta bo‘lyapti