06:20 / 15.07.2023
242

Transferlar yoxud bugungi kunda superliga klublaridagi vaziyat

Transferlar yoxud bugungi kunda superliga klublaridagi vaziyat

Ayni paytda Superliganing barcha jamoalari mavsumning ikkinchi qismiga tayyorgarlikning avj pallasida.

Murabbiylar o‘z futbolchilarining funksional va taktik tayyorgarligini yaxshilash bilan band bo‘lsa, klub mutasaddilari seleksiya jarayonini tindirishmayapti. Jamoalarga hormang, degan holda ularda kechayotgan ishlarni quyida batafsil tahlil qilishga harakat qilamiz.

"Paxtakor" - Mavsumning ilk qismida tarkib bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan "sherlar" safiga jarohatini davolaganlar qaytmoqda. Pshemislav Banashak va Sherzod A’zamov umumiy guruhda shug‘ullanyapti. Abbos Fayzullayevga murabbiylar uzoq yuklamalardan so‘ng hordich chiqarish imkonini berishgan. Bu eng to‘g‘ri qarordir. Zero biz ancha yillar avval shunday iqtidorlarni tinimsiz yuklamalar sabab yo‘q qilganmiz. Kuxarchik masalasida klubning fikri qanday bo‘lgani noma’lum. 7 oydan beri maydonga tushmayotgan futbolchi yangi jamoaga qay darajada kirishib ketadi, boz ustiga jamoaga hujumchi kerak bo‘lib turgan pallada vingerga e’tibor qaratilishi ham tushunarsizdek.

Ikkinchidan oldinda kubok, chempionat, OCHL o‘yinlarida mas’uliyati yuqori uchrashuvlar kutmoqda. Bunda uning yordami tegarmikin? Xojimatning qaytishi esa oldingi chiziqda, qanotlarda tezlikni oshirishiga shubhamiz yo‘q. Ayniqsa Abbos ikkisi oldingi chiziqni yondirishadi. Bamisoli olov purkagich kabi. Bu borada Xojimat "sherlar"ning yozdagi eng muhim va foydali transferi bo‘lib xizmat qiladi. "Paxtakor" 16 iyul kuni "Qizilqum"ga qarshi, 19 iyul kuni esa "Qayrat"ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga chiqadi. "Paxtakor" matbuot xizmati jamoaning tayyorgarlik jarayonlarini faol tarzda yoritib borayotganini ta’kidlash joiz. 

"Navbahor" - Samvel Babayan birinchi davradan so‘ng faqatgina Shohruz Norxonovga javob berib yubordi. Ikromov masalasi esa hamon ochiq turibdi. Umuman bu ikki futbolchi "lochinlar"ning muhim figurasi, deya olmaymiz. Shu bois katta yo‘qotish hisoblanmaydi. Transfer oynasida limit doirasida faqat 5ta futbolchi olish mumkinligi haqidagi banddan kelib chiqsak, "lochinlar" allaqachon 3ta joyni band qilib qo‘ydi. Bular Ignatiy Nesterov, Azim Ahmedov, Toma Tabatadze. Zaxira va ehtimoliy jarohatlarni o‘rnini to‘ldirish uchun qilingan harakat. Kuchaytirish darajasidagi transferlar deyish qiyin. Gruziyalik hujumchi kecha yangi jamoasi mashg‘ulotlariga qo‘shildi va yakka tartibda shug‘ullandi.

"Neftchi" - Farg‘onaliklar tayyorgarlikni birinchi davra yakuniga yetiboq boshlab yuborishgan. "Ural" bilan Farg‘ona va Yekaterinburgda o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazgan "Neftchi" jamoasi ilk bahsda 0:0, ikkinchisida 0:3 hisobida yengildi. Jamoaning transfer siyosatida katta burilish hozircha yuz bergani yo‘q. Deylik Nurillo To‘xtasinovning o‘rniga Sharof Muhitdinov taklif qilindi. Sharofda Nurillodagi sifatlar aniqrog‘i uzoqdan zarba yo‘llash, nostandart qarorlar, hujumni keskinlashtirish bari mujassam. Shu bois bu borada bo‘sh joy munosib to‘ldirildi.

Toma Tabatadzega kelsak, to‘g‘ri gruziyalik Vitaliy Levchenkoning chizmasidagi asosiy futbolchi bo‘lib xizmat qilayotgandi. Yakka kurashlarda, yuqoridan keladigan to‘plarda kerakli ishni bajarayotgan edi. Gollariga qaraydigan bo‘lsak 6tadan 4tasi penalti, 1tasi jarima zarbasidan urildi, 1ta to‘p o‘yindan kiritildi. Bu tomonlama vahimali ko‘rsatkich qayd etmagan. Klub imkoniyatidan kelib chiqib gol uradigan, gol hidini payqaydigan hujumchi topish harakatida. Agarda Ulug‘bek Hoshimov ham ketsa, ikkinchi davrada Vitaliy Levchenko chinakamiga muammoga duch kelishi yoki o‘rinbosarlar safidan tavakkal tarzda kimnidir jalb qilishi mumkin.

"Nasaf" - "Ajdarlar"ning safiga kelgan futbolchilardan ko‘ra ketganlari ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. O‘yin amaliyotini saqlab qolish uchun Aziz Xolmurodov va Nodirbek Mukarov Yaypanning "Turon" jamoasiga, Shahzod Akramov va Javohir O‘tamurodov "Olimpik" jamoasiga, Mahmud Jo‘raboyev "Buxoro" jamoasiga mavsum so‘ngiga qadar ijaraga berildi. Shohmalik Komilov, Sardor Sadullayev, Azamat Soyibov va Muhammadjon Rahimov klub bilan kelishgan holda shartnomani bekor qilishdi va jamoani tark etishdi. Ketganlar "Nasaf"ning zaxira varianti sifatida o‘z navbatlarini kutish bilan kunlarini o‘tkazayotgan edi. Muhammadjon Rahimov o‘xshamagan transfer sifatida qabul qilamiz. Yangi kelgan Jaba Jigauri hozir faqat qog‘ozda va gapdagi maqtovlarni, ishonchni maydonda ham isbotlashi shart.

OKMK - Mirjalol Qosimov shogirdlari tayyorgarlikni Qibraydagi Do‘rmon bazasida davom ettirmoqda. Ketganlar yetarlicha, OKMKga kelib birorta uchrashuvda maydonga tushmagan tunislik himoyachi Muhammad Ali Salem, 8ta uchrashuvning 6tasida zaxiradan maydonga tushgan va birinchi davrada har bir uchrashuvda o‘rtacha 20 daqiqa to‘p tepgan Irakli Ruhadze, olimpiya terma jamoasi futbolchisi Eldorbek Begimov, yosh futbolchi Bobir Sobirov.

Bilish mumkinki, murabbiylar zaxirada o‘tirganlarni ortiqcha ushlab o‘tirmay qo‘yib yuborishga rozi bo‘lgan. Himoyaga tunislik legioner o‘rniga Islom To‘xtaxo‘jayev alternativ sifatida olib kelindi. To‘xtaxo‘jayevning kelishi Muhammad Salemga nisbatan foydaliroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Yarim himoyada Sardor Mirzayev raqobatni oshirishga xizmat qiladi. Jarohat sabab uzoq vaqt yashil maydondan tashqarida yurgan Murod Toshmatov va Mirg‘iyos Sulaymonovga ham chiqish eshiklari ko‘rsatildi. OKMKda hali yana 3ta imkoniyat mavjud va bundan klub unumli foydalanishi lozim.

"Andijon" - Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi "burgutlar" Tojikistonda ikkinchi davraga taraddudni reja asosida olib bormoqda. Rubin Xebay kuni kecha jamoa ixtiyoriga qaytgan bo‘lsa, jarohat olib mavsum oxirigacha safdan chiqqan Nodari Kavtaradzening o‘rni 2004 yilda tug‘ilgan turkiyalik vinger Mehmet Ilhan bilan to‘ldirildi. Ushbu futbolchi "Antalyaspor" yoshlar jamoasidan jalb qilingan qishda bir ko‘rikda bo‘lib qaytarib yuborilgan Ibrohim G‘anixonov ham "Andijon" yig‘inida ishtirok etmoqda. G‘anixonov hujumda Xebay bilan raqobat qilishga urinib ko‘radi.

"Surxon" va "Bunyodkor" atrofida transferlar, tayyorgarlik bilan bog‘liq jiddiy yangiliklar ko‘zga tashlanmayapti. "Bunyodkor" bir qator yosh futbolchilarini Ivan Boshkovich boshchiligidagi "So‘g‘diyona"ga bermoqda. Murod Aliyev yaqinda o‘z intervyusida "Bunyodkor" tekinga futbolchi bermasligini aytgan edi. Bu borada Murod Boqiyevich rahbarligidagi klub ilk yurishni amalga oshirish arafasida turibdi. Tez kunlarda "Bunyodkor" hujumchisi "So‘g‘diyona"ga transfer qilinadi.

"So‘g‘diyona" ikkinchi davrada yanada yaxshiroq o‘yin ko‘rsatsa ajab emas. Jizzaxliklar seleksiyada aqlliroq yo‘l tutishni afzal ko‘rmoqda. Limit doirasida hozircha faqat 2 nafar futbolchi olindi, ular Lyupche Doriyev va Damiyan Radulovich. Boshkovich yordamga "Bunyodkor"dagi yosh shogirdlarini Jizzaxga chorlamoqda. Tabiiyki bu borada limitdan chegara yo‘q. Muhammad Safo Fozilov, Abdulloh Omonaliyev, Shohruh Muhsinov, Ulug‘bek Kenjayev "qaldirg‘och"dan "bo‘ri"ga aylanishga yaqin turishibdi.

"Olimpik" jamoasi ayni paytda Turkiyaning Antaliya shahri g‘arbidagi Sparta maskanida mashg‘ulotlarga kirishgan. Timur Kapadze yozgi transferlar oynasida oz emas, ko‘p emas 9 nafar futbolchini tarkibga jalb qildi. Ibrohim Ibragimov va Po‘latxo‘ja Xoldorxonov masalasida rasmiy xabar e’lon qilingani yo‘q.

"Metallurg" qishki taraddud bilan birga tarkibga ham yangi futbolchilarni jalb qilishda xatoga yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. 2 yil oldin "Neftchi" bilan Pro liga to‘purari bo‘lgan Marko Obardovichdan asar ham qolmagandi. Superligada 10ta uchrashuvda 507 daqiqa harakat gol urish uchun Obradovichga yetarli bo‘lmadi. Filipp Stamenkovich esa aytarli biror karomat ko‘rsata olmadi. Asilbek Qayumov esa 2020 yil "Turon" uchun muhim goln urib bir porladi va shundan keyin yo‘qolib qoldi. Jamoa uchun yozdagi eng katta yo‘qotish Ibrohim Ibragimov bo‘ladi, agar u "Olimpik"ka o‘tsagina.

"Qizilqum" legionerlar evaziga tarkibni kuchaytirishni ma’qul ko‘ryapti. Klub oldinlari ko‘proq Gruziya tomon yuzlangan, ular amalda yaxshi taassurot qoldirgan. Yozgi transferlar oynasida ham "konchilar" bu yurt futbolchilarini jalb qildi. Georgi Kuxianidze 2 yildan so‘ng yana Navoiyga qadam ranjida qilsa, Akaki Shulaya chempionatimizda debyutini amalga oshiradi. Transfer oynasi yopilganiga qadar klub yana bir legionerni tanishtirishi kutilmoqda.

"Buxoro" bosh murabbiyi Ulug‘bek Bakayev 8 nafar futbolchiga javob berib yubordi. U o‘z falsafasiga mos, o‘zi tanigan yigitlarni atrofiga jamlayapti. Shohruz Norxonov, Jasur Xolto‘rayev, Asilbek Qayumov, xorvatiyalik Frane Ikich, darvozabon Luka Kukich ikkinchi davrada "Buxoro"ga yordam beradi. Xavfli zonada turgan jamoa Bakayev bilan ikkinchi davrada vaziyatni o‘nglay olarmikin?

"Turon" esa nomlardan voz kechgan holda kam maosh evaziga iqtidorli va ishtiyoqi baland yoshlarni jalb qildi. Yorqin Nazarov ikkinchi davrada mahalliy yigitlar bilan mo‘jiza ko‘rsatishga harakat qilib ko‘radi. Aftidan klub rahbariyati "Olimpik" va "Surxon"dan qiyos qilib o‘zimizning qora ko‘zlardan kurashuvchan jamoa tuzmoqchi. To‘g‘ri mavsum yarimidan o‘tdi, ammo hechdan ko‘ra kech. Shu orqali loaqal 4ta futbolchi o‘zini ko‘rsata olsa, shuning o‘zi katta natija hisoblanadi. Pul ko‘pligi, klubga yaxshigina mablag‘ ajratilayotgani muammo emas, muammo uni qanday, qaysi yo‘nalishga to‘g‘ri sarf qilinishida. "Turon" shuni tushunib yetgan bo‘lsa ajab emas.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Transferlar yoxud bugungi kunda superliga klublaridagi vaziyat