15:09 / 15.07.2023
244

Florentino Peres o‘zbek mutaxassisiga diplom topshirdi

Florentino Peres o‘zbek mutaxassisiga diplom topshirdi

O‘zbekistonlik mutaxassis, Bekoboddagi “El Golazo” futbol akademiyasi asoschilaridan biri Zokirjon Holiqov kuni kecha dunyoga mashhur “Real” Madrid va Evropa Universitetining birgalikda tashkil etilgan magistraturasida futbol menejmenti yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishini muvaffaqiyatli bitirdi.

E’tiborlisi, bitiruv kechasida  hamyurtimiz Zokirjon Holiqovga magistrlik diplomini shaxsan “Real” Madrid klubi prezidenti Florentino Peres topshirdi.

Zokirjon Holiqov mazkur Universitetdagi o‘qishi qanday kechgani to‘g‘risida gapirdi:

“Real” Madridning Evropa Universiteti bilan birgalikda oktyabrdan iyul oyigacha bo‘lgan 9 oy muddatdagi o‘qish davomida futbol boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani bitirdim. Magistratura doirasida Ispaniyaning top-klublari tizimidan tashqari Portugaliya, Niderlandiyaga borib amaliyot o‘tab, ish tajribasi bilan tanishib chiqdim. Bundan tashqari, Germaniya, Avstriya futboli tizimi, jumladan, “Red Bull”, “Zaltsburg”, Belgiya futbol federatsiyasidan texnik direktor, Qatardagi “Aspayr” akademiyasidan, UEFA, Xorvatiya futbol federatsiyasi, “Dinamo” Zagreb, shuningdek, “Sporting”, “Benfika”, “Atletiko”, “Vilyareal”, “Sevilya”, “Betis”, “Real Sosedad”, “Valensiya”, “Bayer”, “Marsel” kabi klublardan kelib bizga dars berishdi.

Xullas, Evropaning top-klublaridan etakchi mutaxassislar bizga o‘z bilimlari bilan o‘rtoqlashishdi. Qolaversa, “Real” Madriddagi hamma dars berdi. Arbeloa, Raul, “Real”ning skaut bo‘limi boshlig‘i, fitnes murabbiylari, stadion direktori, klub afsonalari – Visente Del Boske, Manolo Sanches, Emilio Butrageno, Santyago Solari, Iker Kasilyas...”Real”da jami 400 ta xodim bo‘lsa, shundan 62 tasi men bitirgan Universitetni tamomlaganlar”.

Yuqorida to‘xtalib o‘tganimizdek, Holiqov “Real” prezidentidan magistrlik diplomini qabul qilib oldi. Hamyurtimiz Peres bilan uchrashuvi haqida ham eslab o‘tdi:

“Florentino Peres bilan ikkinchi marta ko‘rishishim. Birinchi bor 2018 yilda uchrashgandim. O‘shanda O‘FAning oldingi rahbari Umid Ahmadjonov bilan borganimizda “Santyago Bernabeu” stadionining prezident lojasida uchrashgandik. Bu safar ham ko‘rishganimizda u bilan biroz suhbatlashdik. O‘zbekistondan kelganimni aytdim. Kelajakda “Real”ning rahbariyatida ishlamoqchiman desam menga kulib omad dedi va qo‘limni siqib qo‘ydi.

Darvoqe, oxirgi paytlarda yana Mbappening “Real”ga o‘tishi haqidagi xabarlar ancha jonlanib qoldi. “Real” Madrid klubiga yaqin bo‘lgan Zokirjon Holiqovdan ham Mbappening transferi haqida so‘radik. Chunki u erda bu masalada nima gaplar bo‘layotganini u yaxshiroq biladi.

“O‘shanda ko‘pchilik mendan Peres bilan ko‘rishganingda Mbappe haqida so‘radingmi, deb qiziqishdi. Lekin Karim Benzema ketganidan so‘ng Mbappe “Real”ga shu yozda kelmoqchi. Ular birgalikda harakat qiilishyapti va futbolchining “Real”ga o‘tishi bo‘yicha ish rejasini tuzishgan. Unga ko‘ra, Mbappe shu yilning avgustida kelmoqchi. “Real” esa bu borada hali ovoz chiqargani yo‘q. Agar shovqin ko‘tarsa, futbolchining narxi oshib ketishi mumkin. Madridda deyarli barcha muxlislar Klianni avgust oyida “Real”ga kelishini kutishyapti”, - deydi Holiqov.

Shuhratbek Jo‘raev.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Florentino Peres o‘zbek mutaxassisiga diplom topshirdi