18:52 / 26.07.2023
780

Yangi jamoaga o‘tgan Shomurodov qanday fikr bildirdi?

Yangi jamoaga o‘tgan Shomurodov qanday fikr bildirdi?

Eldor Shomurodov kelasi mavsumni A Seriya debyutanti – “Kalyari” safida boshlaydi. Bu transfer amalda hal qilib bo‘lingan.

O‘zbek hujumchisi bir yil ijara asosida to‘p suradi. Kelasi yozda “Kalyari” 9 million evro evaziga legionerimizni o‘z safiga qo‘shib olishi mumkin. Klub rahbariyati Eldor bilan 1+3 ko‘rinishida shartnoma imzolagan.

Bu agar Shomurodov “Kalyari” tarkibidan muqim o‘rin egallasa va klub uni to‘liq transfer qilsa, 2027 yilgacha sardiniyalik safida to‘p tepishini anglatadi.

Taniqli jurnalist janluka Di Martsio o‘z saytida Eldor Shomurodovning transfer bo‘yicha ilk fikrini e’lon qildi.

Jurnalist hamyurtimizdan “Yangi sarguzashtlarga tayyormisan?”, deb so‘radi. Bu savolga Eldor:

- Albatta tayyorman. Men “Kalyari”ga kelganimdan juda xursandman, - deb javob qaytardi.

Yana bir italiyalik jurnalist Antonio Sinus ham “Kalyari” bosh murabbiyi Klaudio Raneri Shomurodovni bir necha variant orasidan tanlab olganini yozdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, klub mutasaddilari bosh murabbiy talabiga ko‘ra, 4-4-2 sxemasiga mos tushadigan hujumchilar ro‘yxatini taklif qilgan. Oxir oqibat, Raneri oldida uchta – “Real” tarbiyalanuvchisi Borxa Mayoral, Gretsiya futboli vakili Anastasios Douvikas hamda “Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino asosiy tarkibdan joy bermayotgan Eldor Shomurodov varianti qoldi.

Mayoral 2022 yili “Roma”da Eldor Shomurodov bilan bir paytda faoliyat yuritgan edi. Biroq, o‘sha payt Rimdagi forvardlar bilan raqobatda engilgani bois, “bo‘rilar” safini tark etgandi. Borxa 2016 yili “Qirollik klubi” akademiyasi – “Kastilya”dan “Real”ning asosiy tarkibiga jalb qilinganidan beri muqim o‘yinchiga aylana olmayapti.

26 yoshli markaziy hujumchi ijara asosida “Volfsburg”, “Levante”, “Roma” va “Xetafe” klublari sharafini himoya qilib kelmoqda. Bir yil muqaddam “Xetafe” Mayoralni “Real”dan 10 million evroga sotib oldi.

23 yoshli Anastasios Douvikas 2021 yilning yozida Gretsiyadan Niderlandiyaning “Utrext” jamoasiga ko‘chib o‘tganidan keyin evropalik skautlar nazariga tushdi. Douvikas legioner sifatida Niderlandiya chempionatida oltmish oltita uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 28 marotaba ishg‘ol qilgan va etti marta jamoadoshlarini golli pas bilan ta’minlagani qayd etilgan.

Klaudio Raneri Eldor Shomurodovni tanlagani bejiz emas. Chunki o‘zbek futbolchisi uch yildan beri A Seriya jamoalarida o‘ynab kelmoqda. Hamyurtimiz Borxa Mayoral va Anastasios Douvikasga nisbatan Italiya futboliga yaxshiroq moslashgan.

Eldor Shomurodov A Seriyadagi faoliyati davomida “Jenoa”, “Roma” hamda “Spetsiya” tarkibida jami 80 ta uchrashuv o‘tkazib. O‘z hisobiga 12 ta gol va oltita assist muallifi bo‘lgan.

Italiya futboli mutaxassislarining ta’kidlashicha, Klaudio  Raneri kelasi mavsum hujum chizig‘ida Janluka Lapadula va Eldor Shomurodov tandeminidan foydalanishga qaror qilgan.

“Kalyari” futbolchilari Italiyaning Valle d'Aosta mintaqasida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini boshlamoqda. Tayyorgarlik jarayoni 4 avgustga qadar davom etadi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yangi jamoaga o‘tgan Shomurodov qanday fikr bildirdi?