18:11 / 27.07.2023
204

Superligada "qaynoq harorat"dagi o‘yinlar yoxud 14-turda jamoalarning imkoniyatlari qanday?

Superligada "qaynoq harorat"dagi o‘yinlar yoxud 14-turda jamoalarning imkoniyatlari qanday?

Superliga ishtirokchilari yozgi yig‘inini yakunlab, yana katta sahnaga qaytmoqdalar. Muxlislar o‘z suyuklilarining o‘yinlarini sabrsizlik bilan kutishayotgani rost.

27 iyulda start oladigan ikkinchi davra siz  bilan bizga yozning qaynoq harorati kabi olovli o‘yinlarni taqdim etadi.

14-tur 30 iyulga qadar davom etadi. “Sho‘rtan” bosh murabbiyi Anvar Berdiyev ikkinchi davraning ilk turidagi juftliklar imkoniyati haqida gapirdi.

27 iyul

“Buxoro” – “Turon”

- Avvalo aytmoqchimanki, bu mening shaxsiy fikrlarim. Nima bo‘lishini Xudo biladi. Men faqat o‘z qarashlarimni aytaman.

Ikkinchi davrada “Buxoro”ga orqaga yo‘l yo‘q. Bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoyev yozda tarkibni yaxshi shakllantirib oldi. Lekin “Turon” ham ancha o‘zgarishlar qildi va tarkibini yoshartirdi. Ikkala jamoaga ham omad tilayman. Menimcha, kuchlar teng. “Buxoro”ga yangi kelgan o‘yinchilar darrov Baqoyevning taktikasiga moslashib ketishi yengil kechmaydi. “Turon”da yoshlar va agar ularning o‘yini o‘xshab qolsa o‘zlarini erkin his qiladilar hamda raqibga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. O‘ylashimcha, imkoniyatlar 50x50.

28 iyul

“Andijon” – “Nasaf”

- Ooo, bu juda qiyin o‘yin bo‘ladi. “Andijon”ni o‘z maydonida o‘ynashi aniq bo‘ldi. “Nasaf”ga nihoyatda og‘ir. “Andijon” birinchi davrani ko‘tarinki ruhda olib bordi. Buning ustiga ular birinchi davradagi uy uchrashuvlarini asosan Farg‘onada o‘tkazdilar. Andijon xalqi o‘z jamoasini “Bobur Arena”da kutyapti. Shuning uchun “Andijon” futbolchilari katta qo‘llab-quvvatlov ostida o‘ynaydilar. Chempionatning ochilish o‘yinida “Andijon” Qarshida “Nasaf”ni yutib ketgan. Bu esa Ro‘ziqul Berdiyev va uning shogirdlariga alam qilgan bo‘lishi mumkin. O‘shanda 1-turning sensatsiyasi bo‘lgandi. Menimcha, ushbu uchrashuvda ham imkoniyatlar 50x50.

“Olimpik” – “Paxtakor”

- “Olimpik” Timur Kapadze boshchiligida ikkinchi davraga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdi. Bu klubni qanday kuch ega ekanligini bilamiz. 1-turda “Paxtakor” maydonida g‘alaba qozongan. Ikkinchi davrada “Paxtakor” ham ancha yaxshi hozirlik ko‘rdi. Legionerlarni oldi. Juftlikda 45x55 “Paxtakor” foydasiga.

29 iyul

“Neftchi” – “Metallurg”

- “Metallurg” ham ikkinchi davra oldidan tarkibini kuchaytirdi. Birinchi davrada “Neftchi” Bekobodda 3:0 hisobida g‘alaba qozongan. Endi oson o‘yin bo‘lmaydi. “Neftchi”ni o‘z maydonida va birinchi davrani ko‘tarinki ruhda o‘tkazganini hisobga olsak, bu yerda mezbonlarning imkoniyati 60x40 deb o‘ylayman.

OKMK – “Surxon”

- Birinchi davrada OKMKning o‘yinlarini kuzatdim. To‘g‘risi, ular keraksiz joylarda ochkolarni yo‘qotishdi. Lekin Mirjalol aka Qosimov ikkinchi davrada bunday xatolar takrorlanmasligini biladi. Nazarimda, bu juftlikda 60x40 OKMK yutsa kerak.

30 iyul

“Bunyodkor” – “So‘g‘diyona”

- “Bunyodkor”ga yangi murabbiy kelgan. Rosti, ularning o‘yinlarini kuzatganim yo‘q, qanday o‘zgarishlar bo‘lganini yaxshi bilmayman. Shaxsiy fikrim shundayki, o‘yinda kuchlar teng.

“Qizilqum” – “Navbahor”

- “Navbahor”ni qanday kuchga egaligini bilamiz. Tarkib bo‘yicha ham “Navbahor” O‘zbekistonda eng yaxshisi desa ham bo‘ladi. “Qizilqum”ga qiyin bo‘ladi. Menimcha, imkoniyatlar 45x55 “Navbahor” ustunligida. Mehmonlar g‘alaba qozonsa kerak.

Shuhratbek Jo‘rayev.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superligada "qaynoq harorat"dagi o‘yinlar yoxud 14-turda jamoalarning imkoniyatlari qanday?