date
views 735

Rossiyada Fayzullaevni maqtayotganlar ko‘p, lekin ayrimlarga bu transfer yoqmayapti

Rossiyada Fayzullaevni maqtayotganlar ko‘p, lekin ayrimlarga bu transfer yoqmayapti

Paxtakor” tarbiyalanuvchisi Abbosbek Fayzullaevning Rossiya Premer-ligasi etakchilaridan hisoblangan TsSKA jamoasiga transferi qisman kutilmagan harakat sifatida baholanayotganini ta’kidlash joiz. O‘zbekistonda mavsum qizg‘in pallaga kirgan bir paytda “Paxtakor” etakchi o‘yinchilaridan biridan ayrildi.

Ayni paytda 19 yoshli futbolchimizning transferini o‘zbek futbolini yaxshi bilan Rossiyadagi murabbiylar keng muhokama qilmoqda. Ularning aksariyati Abbosbekka katta ishonch bildiryapti. Biroq, bu transferga shubha bilan qarayotganlar ham yo‘q emas.

O‘zbek futbolini yaxshi biladigan Yuriy Belous https://metaratings.ru saytiga bergan intervyusida futbolchining imkoniyatlarini yuqori baholadi.

- Fayzullaev yoshlar miqyosida o‘zini ko‘rsata oldi va etakchilardan biri edi. Umuman olganda, jamoaning o‘zi yaxshi shakllangandi. Bu yosh futbolchilarning kuchli avlodi hisoblanadi.

Endi Abbosbek TsSKAga qay darajada moslasha oladi, buni oldindan bilib bo‘lmaydi. Chunki ko‘p narsa bosh murabbiyga bog‘liq bo‘ladi. Biroq, transfer masalasi hal etilib, uni jamoaga olishgan ekan, unga ishonch bildirishmoqda.

- Uning futbolchi sifatida asosiy qobiliyatlarini aytib bera olasizmi?

- Uning texnikasi kuchli va tezligi bor. Bu o‘yinchini ozgina charhlash kerak.

Biroq, biz jahon futbolida jismoniy ko‘rsatkichlari bilan ajralib turmaydigan juda ko‘p yulduzlar borligini yaxshi bilamiz.

- TsSKAda samaradorlik masalasida kamchilik bor. Abbosbek bu vazifaga mos keladimi? Hujum chizig‘iga yordam bera oladimi?

- Yordam berishga beradi, lekin u to‘purar emas, shuning uchun ham undan darrov asosiy to‘purarga aylanishini kutish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Jamoada gol uradigan va buni bajarishga mas’ul bo‘lgan boshqa futbolchilar bor. Masalan, Fyodor Chalov.

- Hozir TsSKAdagilar jamoa oldiga qo‘yilgan vazifalarni uddalashga qodir emas, degan taxminingiz yo‘qmi?

- Oldinda hali bir oy vaqt bor. TsSKA o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan va hali tarkib yanada kuchaytirilishini kutishimiz mumkin. Lekin yosh futbolchi uchun voqealarning bu tarzdagi rivoji ijobiy holat. Futbolchining sifatia sarflangan xarajatga mos.

Bu intervyudan Yuriy Belous Abbosbek Fayzullaevning transferiga ijobiy baho berayotganini bilib olish qiyin emas.

Lekin TsSKAning sobiq o‘yinchisi Valeriy Masalitin biroz boshqacha fikrda. Bu mutaxassis klub mahalliy futbolchilarga tayanishi kerakligini ta’kidlamoqda.

- TsSKAda Yaroslav Arbuzov kabi yosh iqtidor egasi bo‘la turib, nega xorijlik futbolchini olishganini tushunmayman.  Agar tajribali o‘yinchi kelganida bunaqa savolga o‘rin qolmas edi. Fayzullaev deganlarining qo‘lidan nima kelishini ko‘ramiz, - dedi Valeriy Masalitin.

Ta’kidlash joizki, TsSKA klubi “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi transferini 4 avgust kuni rasman e’lon qilindi. Fayzullaev bilan moskvaliklar 3+1 ko‘rinishida shartnoma imzolagan. Abbosbek yangi jamoasida 21-raqam ostida to‘p tepadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rossiyada Fayzullaevni maqtayotganlar ko‘p, lekin ayrimlarga bu transfer yoqmayapti