Mavsumning eng kutilmagan transferlaridan biri “Paxtakor” yetakchisi Abbosbek Fayzullayevning Rossiya Premer-ligasi vakili SSKA klubiga ko‘chib o‘tgani bo‘ldi, desak xato qilmagan bo‘lamiz.
Buni “Paxtakor” rahbariyati Superligada mavsum eng qizg‘in pallaga kirgan bir paytda 19 yoshli futbolchini SSKAga qo‘yib yuborishni istamaganidan bilib olsa ham bo‘ladi. Biroq, iste’dodli hujumkor futbolchimiz o‘ziga takliflar ko‘p bo‘layotganiga qaramay, SSKA klubiga ko‘chib o‘tishga qaror qildi.
Oxir-oqibat “Paxtakor” mutasaddilari ham, Fayzullayevning SSKA o‘yin uslubiga mos tushmasligini aytgan mutaxassislar ham unga omad tilab qolishdan boshqa imkon topolmadi.
Moskva klubi o‘zbek legionerini ilk bor Rossiya kubogi doirasida “Fakel”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuv qaydnomasiga kiritdi.
Abbosbek Fayzullayev o‘z transferi haqida rossiyalik jurnalistlarga qisqa intervyu berib, quyidagi fikrlarni bildirdi.
- SSKAga ko‘chib o‘tgandagi hissiyotlaringiz qanday bo‘ldi?
- Jamoaga qo‘shilganimdan juda xursandman. SSKAga yordam berishni istayman.
- Bu qadamni tashlashga qaror qilganingizda nimalarni o‘yladingiz?
- Men juda ko‘pchilik bilan maslahatlashdim. Eldor Shomurodov hamda yaqinlarim bilan bu borada gaplashdim.
- Shomurodov sizga yordam beribdi. U Rossiya haqida nimalar dedi?
- Ko‘p yaxshi narsalarni aytdi. Maslahatlar berdi.
- SSKAdagi raqobatga tayyormisiz?
- Ha, tayyorman. Men asosiy tarkibdan joy olish uchun kurashga tayyorman.
Eslatib o‘tamiz, SSKA Fayzullayev transferini 4 avgust kuni e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Abbosbek Fayzullayevning “Paxtakor” bilan amaldagi shartnomasi 2025 yilning oxirigacha imzolangani bois, Toshkent klubi bu transferdan 500 ming yevro ishlab oldi.
SSKA rahbariyati o‘zbekistonlik legioner bilan 2026 yilning yozigacha shartnoma tuzdi. Tomonlar kelishuvga ko‘ra¸hamkorlikni yana bir yil uzaytirish imkoniyati bor.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘zbek futbolchisi yaqinda asosiy raqib – Moskvaning “Spartak” jamoasiga o‘tib ketgan hujumkor futbolchi Xesus Medinaning o‘rnini bosishi kutilmoqda.
Shuningdek, SSKA rahbariyati Abbosbek Fayzullayev kelganidan keyin kolumbiyalik legioner Yorg Karraskaldan ham qutilishni rejalashtirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!