00:20 / 21.08.2023
666

Shomurodov muxlislari o‘qishi uchun: aniq faktlar!

Shomurodov muxlislari o‘qishi uchun: aniq faktlar!

Kuchli beshlik chempionatlari orasida o‘ziga xos murakkabligi bilan ajralib turadigan A Seriya ham boshlandi. Bu chempionatda kuchli beshlikning qolgan vakillaridan farqli ravishda yaqqol ustun bo‘lgan jamoa yo‘q.

Angliyada “Manchester Siti”, Germaniyada “Bavariya”, Ispaniyada “Real” va “Barselona”, Frantsiyada PSJ har mavsum chempionlikka asosiy nomzod bo‘lib qolaveradi. Boshqa jamoalar harchand qarshilik ko‘rsatmasin, mavsum oxirida bosh sovrin aynan yuqorida nomi keltirilgan klublar hisobiga o‘tib ketaveradi.

Italiya chempionatida undan emas. Skudetto uchun har yili bir necha jamoa, xususan, “Inter”, “Milan”, “Yuventus”, “Napoli” kurash olib boradi. Bu mavsum “Atalanta”, “Roma” va “Latsio”dan ham syurprizlar kutish mumkin.

Kuchli beshlik chempionatlarini alohida qiziqish bilan kuzatib boradigan o‘zbekistonlik futbol muxlislari bu mavsum “Kalyari”ga ishqibozlik qiladi.

Sababi oddiy – bu jamoada milliy terma jamoamiz sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov to‘p tepadi.

O‘tgan mavsum yakuniga ko‘ra, pley-off orqali A Seriyaga chiqqan “Kalyari”ning yangi mavsumdagi asosiy vazifasi yuqori diviziondagi o‘rnini saqlab qolish va Italiya kubogida imkon qadar uzoqroq borishdan iborat.

Muxlislar e’tiboriga Eldor Shomurodov va “Kalyari”ga oid qiziqarli faktlarni havola etamiz.

1-fakt: “Kalyari” yangi mavsum uchun 30 nafar futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Transfer oynasi yopilguniga qadar bu ko‘rsatkich o‘zgarishi mumkin.

2-fakt: 30 nafar o‘yinchidan 16 tasi jamoaga yangi qo‘shildi. Ular orasidan etti nafari boshqa klublardan sotib olindi, sakkiz nafari ijaradan qaytdi. Eldor Shomurodov “Roma”dan, Gaetano Oristanio “Inter”dan ijaraga olindi.

3-fakt: Tarkibning 43,3 foizini legionerlar tashkil qiladi.

4-fakt: Bu mavsum “Kalyari” tarkibida mahalliy futbolchilardan tashqari Serbiya, Slovakiya, Braziliya, Gana, Urugvay, Kongo, Xorvatiya, Gretsiya, Chexiya, Peru, Angola hamda O‘zbekistondan kelgan o‘yinchilar to‘p tepadi.

5-fakt: Asosiy tarkibning umumiy transfer narxi 49,33 million evroni tashkil qiladi.

6-fakt: “Kalyari”ning eng qimmatbaho o‘yinchisi sifatida Eldor Shomurodov qayd etilgan. Uning transfer summasi 6 million evroga teng.

7-fakt: “Kalyari”ning eng arzon o‘yinchisi zaxira darvozaboni Simone Aresti hisoblanadi. 37 yoshli pozbonning transfer narxi 75 ming evroni tashkil qilmoqda.

8-fakt: “Kalyari” safida Evropa, Janubiy Amerika, Afrika va Osiyo qit’asidan o‘yinchilar jamlangan.

9-fakt: Eldor Shomurodov “Kalyari” tarkibidagi yagona osiyolik futbolchi.

10-fakt: Eldor Shomurodov uchun “Kalyari” A Seriyadagi to‘rtinchi jamoa. Bungacha legionerimiz “Jenoa”, “Roma” va “Spetsiya”da o‘ynagan.

11-fakt: Eldor Shomurodov Italiyada o‘zi o‘ynagan jamoalar “Jenoa”, “Roma” va “Spetsiya”da A Seriyada gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Endi navbat “Kalyari”ga.

Eslatib o‘tamiz, Klaudio Raneri shogirdlari Italiya chempionatidagi dastlabki uchrashuvini 21 avgust kuni Turinda “Torino”ga qarshi o‘tkazadi. Bu bahs Toshkent vaqti bilan soat 21:30 da boshlanadi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov muxlislari o‘qishi uchun: aniq faktlar!