20:11 / 26.08.2023
1 324

Legionerimiz o‘zini o‘zi sotib olgani oshkor bo‘ldi

Legionerimiz o‘zini o‘zi sotib olgani oshkor bo‘ldi

O‘zbekiston futbolida yozning eng katta transferlaridan biri “Paxtakor”ning hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullayevning Rossiya Premer-ligasi vakili – Moskvaning SSKA klubiga ko‘chib o‘tgani bo‘ldi.

Birinchi navbatda, Superliganing qizg‘in pallasida jamoa yetakchilaridan hisoblangan futbolchining ketib qolishi “Paxtakor” uchun biroz kutilmagan vaziyat bo‘ldi. Yoshlar o‘rtasidagi yilning eng yirik ikki musobaqasi – Toshkentdagi Osiyo chempionati hamda Argentinadagi jahon chempionatida porlagan o‘yinchiga SSKAdan boshqa xaridorlar ham bor edi.

Abbosbek Fayzullayev legioner maqomini olish istagini amalga oshirish uchun shartnomasidagi banddan foydalandi. “Paxtakor”da o‘z tarbiyalanuvchisini qo‘yib yuborishdan boshqa imkon qolmagandi. SSKA esa, iste’dodli o‘yinchiga ega bo‘ldi.

“Paxtakor” bosh direktori Dmitriy Adisman Rossiyaning Sport24 nashriga bu transferning moliyaviy ma’lumotlarini oshkor qildi.

- “Paxtakor” va SSKA o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, o‘yinchi o‘z shartnomasini sotib olishi va o‘zi mustaqil tarzda klub g‘aznasiga 500 ming yevro kiritishi belgilab qo‘yilgan.

Ayni paytda hech qanday muammo yo‘q, Abbosbek o‘zining transferi uchun ko‘rsatilgan summani to‘liq to‘ladi. SSKA esa hamkorlik bo‘yicha faoliyatni davom ettirmoqda.

Bizda Fayzullayevga ham SSKAga ham hech qanday e’tiroz mavjud emas, - dedi Dmitriy Adisman sayt jurnalisti Vladislav Shapiroga.

SSKA bilan 3+1 ko‘rinishida shaxsiy bitim tuzgan 19 yoshli Abbosbek Fayzullayev esa, jamoaga kirishib ketdi. Dastlab, jismoniy tayyorgarlik bosqichidan o‘tgan legionerimizni SSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotov sekin-asta o‘yinga tushira boshladi.

Abbosbek Fayzullayev Rossiya Premer-ligasidagi debyutini Moskva derbisi – “Dinamo” va SSKA o‘rtasidagi bahsda nishonlab, 87-daqiqada zahiradan maydonga tushgan edi. O‘sha bahsda “Dinamo” 2:1 hisobida zafar quchdi.

Legionerimiz “Orenburg” maydonida bo‘lgan navbatdagi bahsda o‘n daqiqadan ko‘proq harakat qildi. Mutaxassislar 1:1 hisobida yakunlangan bellashuvda o‘zbek legioneri faol o‘ynaganiga e’tibor qaratdi.

Uchrashuvdan keyin Abbosbek Fayzullayev o‘yin borasida o‘z fikr mulohazalarini bildirdi.

- Jangovar o‘yin bo‘ldi, hamma oxirigacha kurashdi, 100 foiz kuchini sarfladi. Biz yutishni istagan edik, lekin bunday bo‘lib chiqmadi.

- Sun’iy qoplamali maydon haqida nima deysiz?

- Biz bunaqa maydonda o‘ynashga ko‘nikmaganmiz, shuning uchun ham biroz og‘ir bo‘ldi, - dedi Abbosbek Fayzullayev “Match TV” kanaliga.

SSKA jamoasi Rossiya Premer-ligasida oltita uchrashuvdan keyin o‘n ochko jamg‘arib, yuqori o‘rinlar uchun kurashni davom ettirmoqda.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Legionerimiz o‘zini o‘zi sotib olgani oshkor bo‘ldi