12:35 / 01.09.2023
230

Vadim Abramov "Olimpik" ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng nimalar dedi?

Vadim Abramov "Olimpik" ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng nimalar dedi?

O‘zbekiston kubogi 1/4 finali doirasidagi "Dinamo" - "Olimpik" (4:3) o‘yinidan keyin dastlab Samarqand jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida qatnashib, o‘z fikrlarini bildirdi.

"Pro liga klubi Superliga jamoasini mag‘lub etgani haqida:
- Yigitlarni e’tirof etish kerak, ular g‘alaba uchun bor kuchlarini maydonga tashlashdi. Xursand qilmaydigan yagona jihati hozirgi taqvim shunday ko‘rinishdaki, bugun o‘tkazgan qo‘shimcha bo‘limlardan keyin tezroq tiklanishimiz zarur. Pro ligada ketma-ket o‘yinlar sababli bir oy oldingi katta farqni qo‘ldan chiqarib qo‘ydik. Ikki frontda kurashayotganimiz uchun oson bo‘layotgani yo‘q. 4 sentyabrda "Lokomotiv"ga qarshi muhim o‘yin kutib turibdi. Tezroq tiklanish shart.

Atmosfera va muxlislar haqida:
- Futbolchilarga rahmat, ikki marta ham hisobda ortda qolib, qo‘shimcha bo‘limlarda kambek qilishga kuch topa oldik. Bugungi o‘yin samarqandlik muxlislarga ham yoqdi deb o‘ylayman, keyingi o‘yinimizda yanada ham ko‘proq muxlis kelishiga umid qilaman. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashisiz bizga qiyin bo‘lardi.

- 120 daqiqalik o‘yinda nisbatan yosh va ko‘p yuguradigan "Olimpik" qanday mag‘lub etildi?
- Takrorlayman, yigitlardan minnatdorman, ular borlarini sarflab, oxirigacha kurashishdi. Birinchi bo‘limda vaziyatlarni ko‘kka sovurgan bo‘lsak-da, keyin foydalana oldik. Zaxiradan maydonga tushgan yangi kuchlar ham katta yordam berishdi va gol urdik.

- "Andijon-SGS" bilan o‘yinda ochko yo‘qotilgach, jamoani o‘yinga ruhan tayyorlash oson kechmagandir?
- Aksincha, kubok bahslari ekani bois osonroq kechdi. Har holda biz deyarli O‘zbekiston olimpiya jamoasiga qarshi to‘p surdik. Andijondagi o‘yinda esa hammasi o‘zimizning aybimiz bilan bo‘ldi, yigitlarni o‘sha bahsga ruhan tayyorlay olmagan ko‘rinamiz, natijada durang bilan qaytdik. Ko‘p narsa jamoaning ruhiy tayyorgarligiga ham bog‘liq.

- Kubok yarimfinalida qaysidir jamoani kutyapsizmi?
- Men hech kimni kutmayapman, bilamanki OKMK bizga raqib bo‘ladi. Yarimfinal o‘yinlaridan keyin buni tekshirishingiz ham mumkin (kuladi).

- O‘yindan tashqari savol – OChL guruh bosqichiga bir yo‘la 4 jamoamiz yo‘l oldi. Bu o‘zbek klublari saviyasi oshganini anglatadimi?
- Bu bahsli savol. Albatta, klublarimizni tabriklayman, bu katta muvaffaqiyat. Ammo obektiv qarasak, yaxshisi guruh bosqichi qanday o‘tishini kutish kerak. Chunki arab chempionatlarida mavsum hali endi boshlandi. Shunga qaramay, bu klublarimizning muxlislarga taqdim etadigan bayramiga soya sola olmaydi. 4 klubimiz OChL guruh bosqichida o‘ynashi ajoyib. Qolaversa, "Dinamo"da ham OChLga chiqish uchun imkoniyat paydo bo‘layotgani quvonarli.

- O‘yin qahramoni Kojoning ahvoli qanday?
- Kojo ikkita gol kiritdi, jamoani qutqardi va o‘z vazifasini bajardi. Joel uchrashuv oxirida jarohat oldi shekilli, maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Tiklanish jarayonida uning holati ma’lum bo‘ladi", - deydi Vadim Karlenovich.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov "Olimpik" ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng nimalar dedi?