07:50 / 08.09.2023
320

Messi sakkizinchi «Oltin to‘p»ini oladimi? Kimda qanday imkoniyat mavjud?

Messi sakkizinchi «Oltin to‘p»ini oladimi? Kimda qanday imkoniyat mavjud?

Foto: Getty Images

30 oktyabr kuni France Football jurnali o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra dunyoning eng yaxshi futbolchisi uchun «Oltin to‘p» topshiradi. Jurnal 6 sentabr kuni da’vogarlarning 30 kishilik ro‘yxatini e’lon qildi. Nufuzli Goal.com sayti favoritlar reytingini yangiladi — katta ehtimol bilan, bu safar g‘oliblik uchun raqobat juda keskin kechadi: tig‘iz mavsumdan tashqari futbolchilarning jahon chempionatidagi ishtirokini ham hisobga olishga to‘g‘ri keladi.

20-o‘rin. Kim Min Je – hijoyachi, 26 yosh (Janubiy Koreya/«Bavariya», sobiq «Napoli»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 18 ta quruq o‘yin, 45 o‘yinda 2+2
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: A Seriya g‘olibi

Kim Min Je o‘tgan mavsum porlagan futbolchilardan biri bo‘ldi. U Italiya chempionatida o‘zini juda yaxshi his qildi va «Napoli»ga uzoq kutilgan chempionlikka erishishda yordam berdi. Chempionlik uchun ushbu jamoaning hujum chizig‘i ko‘proq olqish olgan bo‘lsa-da, Kimning jamoa o‘yiniga ta’sirini inkor etib bo‘lmaydi. U ideal darajadagi zamonaviy himoyachi bo‘lib, uning texnikasi va jismoniy qobiliyati qorishmasi «Napoli»ga chempionlik kurashida qo‘l keldi. Agar Janubiy Koreya milliy jamoasi jahon chempionatida uzoqroq borganida, Kimning ham bu ro‘yxatdagi o‘rni yuqoriroq bo‘lgan bo‘lardi.

Nazvaniye

19-o‘rin. Harri Keyn – hujumchi, 30 yosh (Angliya/«Bavariya» sobiq «Tottenhem»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 40 gol, 9 assist
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: –

«Tottenhem» mavsumni o‘ta yomon o‘tkazganiga qaramay, Harri Keyn baribir jamoasiga foyda keltira oldi. U APLda 30 gol urdi va faqat Holand tufayli eng yaxshi to‘purar sifatida «Oltin butsa» sohibiga aylana olmadi.

Uning jahon chempionatidagi ishtiroki ideal kechmadi, chorakfinalda Fransiyaga qarshi o‘yinda penaltini aniq ijro eta olmadi va jamoasi mag‘lubiyatida asosiy sababchiga aylandi. Shunga qaramay, u turnirda ikki gol urib, uch golga uzatma berdi. Bu «Oltin to‘p» favoritlari qatorida bo‘lish uchun yetarli emas, ammo u mavsumni yaxshi o‘tkazdi va nihoyat sovrin yutish uchun «Bavariya»ga yo‘l oldi.

18-o‘rin. Emiliano Martines – darvozabon, 31 yosh (Argentina/«Aston Villa»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: APLda 37 o‘yin, 39 ta o‘tkazilgan gol, 13 ta «quruq» o‘yin (barcha turnirlar doirasida 22 ta)
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: jahon chempioni, JCh-2022ning eng yaxshi darvozaboni, The Best FIFA Goalkeeper sohibi

«Aston Villa» futbolchilari «Oltin to‘p» uchun da’vogarlar ro‘yxatiga kirishi noyob holat, bu esa Martines o‘tgan mavsumni juda yuqori notada o‘tkazganidan darak beradi. U Argentinaning birinchi raqamli posboniga aylangach, jamoasini mundial pley-off bosqichida ikkita dramatik penaltilar seriyasidan olib o‘tdi. Uning finaldagi qiliqlari turli bahslarni uyg‘otdi, ammo uning finalning so‘nggi daqiqalarida Rendal Kolo Muani bilan yakkama-yakka vaziyatdagi qahramonligi barchasini bosib ketadi. U haqli ravishda turnirning «Oltin qo‘lqopi»ni qo‘lga kiritdi, «Aston Villa»ga esa Konferensiyalar ligasiga yo‘llanma beruvchi o‘rinni qo‘lga kiritishda yordam berdi.

17-o‘rin. Martin Edegor – yarimhimoyachi, 24 yosh (Norvegiya/«Arsenal»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 45 o‘yinda 15 gol va 8 assist
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: – PFA bo‘yicha yil jamoasiga kirdi

«Arsenal» sardori o‘zining eng yaxshi mavsumini o‘tkazdi va nihoyat o‘smirlik yoshida u haqda ko‘tarilgan shov-shuv bejiz emasligini isbotladi. Mikel Arteta qurgan «Arsenal» ramziga aylangan bu futbolchi muntazam ravishda muhim gollar va golli uzatmalarni amalga oshirib, jamoaning APL g‘olibligi uchun poygadagi munosib ishtirokini ta’minladi. Ammo Norvegiya milliy jamoasi jahon chempionatiga chiqa olmagani uni ushbu reytingda yuqoriroq o‘rinlarga ko‘tarilishdan mahrum etadi.

16-o‘rin. Bukayo Saka – yarimhimoyachi, 22 yosh (Angliya/«Arsenal»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 22 gol, 14 uzatma
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: –

«Arsenal»ning barcha futbolchilari kabi Bukayo Saka ham mavsum oxirigacha yuqori formasini saqlab tura olmadi va natijada so‘nggi haftalarda qo‘lda turgan sovrin boy berildi. Shunga qaramay, ushbu vinger Yevropaning eng yaxshi futbolchilari safida va bu uning «Oltin to‘p» uchun da’vogarlar qatoriga birinchi va oxirgi bor kirishi bo‘lib qolmaydi.

15-o‘rin. Lautaro Martines – hujumchi, 26 yosh (Argentina/«Inter»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 29 gol va 12 assist
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: jahon chempioni, Italiya Kubogi va Superkubogi g‘olibi, Chempionlar ligasi finalchisi

Lautaro Martines Istanbuldagi finalda o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmadi va «Inter» «Siti»dan oldinroq gol ura olmasligida sababchilardan biri bo‘ldi. Ammo u A Seriyada samarali harakat qildi, Argentina milliy jamoasining jahon chempioni bo‘lishida o‘z hissasini qo‘shdi.

14-o‘rin. Jud Bellinghem – yarimhimoyachi, 20 yosh (Angliya/«Real», sobiq «Borussiya» D)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 15 gol, 9 uzatma
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: –

Jud Bellinghem mavsumning so‘nggi o‘yini oldidan jarohat olmaganida Dortmundning «Borussiya» klubi Bundesliga g‘olibiga aylanishi ehtimoli yuqori edi. Ushbu yigitcha so‘nggi yillarda ushbu jamoaning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylangandi va jamoa nihoyat Germaniya chempionligini «Bavariya»dan tortib olishga yaqin kelgandi. Ammo yakunda mavsumning eng yaxshi futbolchisi sovrinsiz qoldi, u endi «Real» bilan sovrinlar uchun kurashishni boshladi.

13-o‘rin. Xvicha Kvaratsxeliya – hujumchi, 22 yosh (Gurjiston/«Napoli»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 16 gol, 17 uzatma
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: Italiya chempioni, A Seriyada mavsumning eng yaxshi futbolchisi

Xvicha Kvaratsxeliya yangi mavsumda o‘tgan mavsumdagi kabi yuqori sport formasida emas, ammo «Napoli» muxlislari bundan ko‘p tashvish chekishmaydi, u o‘tgan mavsumda keragidan ortiq ish qilib, jamoani uzoq kutilgan chempionlikka yetaklab bordi. Kvaradona laqabini olgan ushbu gurjistonlik hujumchi o‘tgan mavsumda Yevropa futbolidagi kashfiyotlardan biriga aylandi va qit’adagi qarshi o‘ynash qiyin bo‘lgan futbolchilardan biriga aylandi.

12-o‘rin. Karim Benzema – hujumchi, 35 yosh (Fransiya/«Al-Ittihod», sobiq «Real»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 43 o‘yinda 31 gol va 6 uzatma
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: Ispaniya Kubogi va Superkubogi egasi, Yevropa Superkubogi g‘olibi, klublar o‘rtasidagi JCh g‘olibi, JCh-2022 finalchisi

«Oltin to‘p»ning amaldagi sohibi Karim Benzemaga bu safar mukofot berilmaydi, chunki u «Real»ga Ispaniya chempionligi va YeChL g‘olibligi uchun kurashda yordam bera olmadi. Bu uning faoliyatidagi so‘nggi nominatsiya bo‘lib qolishi ham mumkin, chunki fransiyalik futbolchi yozda Yevropani tark etib, Saudiya Arabistoni chempionatiga yo‘l oldi.

11-o‘rin. Bernardu Silva – yarimhimoyachi, 29 yosh (Portugaliya/«Manchester Siti»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 10 gol va 8 uzatma
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: Angliya chempioni, Angliya Kubogi g‘olibi, Chempionlar ligasi g‘olibi

Bernardu Silva to‘purar futbolchi sanalmaydi, ammo u muhim gollarni uradi va o‘tgan mavsumda uning gollari «Manchester Siti»ga «Real»ni mag‘lub etib, YeChL g‘olibligi sari yo‘l olishini ta’minladi. Maydonning turli nuqtalarida harakatlana oladigan ushbu portugaliyalik futbolchini safda olib qolish Gvardiolaning yozdagi asosiy transferlaridan biri bo‘ldi.

10-o‘rin. Robert Levandovski – hujumchi, 35 yosh (Polsha/«Barselona»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 36 gol, 11 assist
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: La Liga va Ispaniya Superkubogi g‘olibi

35 yoshli polyak bu sovrinni 2020 yilda qo‘lga kiritishi kerak edi, ammo pandemiya tufayli marosim o‘tkazilmagandi. Bir yildan keyingi marosimda ham unga bu sovrinni berishmadi — shundan buyon uning «Oltin to‘p» uchun imkoniyatlari faqat kamayib bordi.

2023 yilda Levandovski faqat o‘nlikka kira olishi mumkin va bu mutlaqo adolatli bo‘ladi. U mavsumda ajoyib statistika qayd etdi («gol plyus pas» tizimida 36+11) va Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritdi, ammo kataloniyaliklar bilan Chempionlar ligasida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Jahon chempionati o‘tkazilgan yillarda esa yaxshi statistika va la ligadagi g‘alaba — France Football reytingida hatto top-5 uchun ham yetarli bo‘lmaydi.

9-o‘rin. Xulian Alvares – hujumchi, 23 yosh (Argentina/«Manchester Siti»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 23 gol, olti assist
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: Jahon chempionati, Yevropa Chempionlar ligasi, Angliya Premiyer ligasi va Angliya Kubogi g‘olibi

Angliya chempionatida faqat olti futbolchi barcha turnirlar doirasida Alvares 2022-23 yillar mavsumida urgan gollardan ko‘ra ko‘proq gol urgan, bu esa u shunchaki «Manchester Siti»ning zaxira hujumchisi emasligini ko‘rsatadi.

23 yoshli hujumchi ayni vaqtda o‘tgan mavsumda eng ko‘p sovrin yutgani bilan maqtana oladi — Angliya Kubogi, APL, Chempionlar ligasi va jahon chempionati. Unda nima uchun Xulian faqat to‘qqizinchi o‘rinda? Javobi aniq: u bu triumflarning birortasida asosiy rolni o‘ynamagan. Qatarda Messiga yordam bergan, «Siti»da rotatsiya futbolchisi bo‘lgan. Alvaresning o‘tgan mavsumdagi statistikasi reytingdagi o‘rniga mos keladi — «shaharliklar» uchun 49 o‘yinda 17+5 va jahon chempionatida to‘rt gol. U munosib, ammo bundan ortig‘i emas.

8-o‘rin. Viktor Osimhen – hujumchi, 24 yosh (Nigeriya/«Napoli»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 33 gol, besh assist.
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: Italiya chempioni, A Seriyaning eng yaxshi to‘purari

«Napoli» forvardining nafaqat shaxsiy ko‘rsatkichlari yuqori (A Seriyaning 32 o‘yinida 26+5), balki o‘z klubi muvaffaqiyatiga qo‘shgan hissasi ham ulkan bo‘ldi. Osimhen — «Napoli»ni yangi darajaga olib chiqqan va jamoani Italiyada Diyego Maradona davridan buyon ilk chempionlikka (33 yillik tanaffusdan keyin) yetaklagan futbolchilardan biri bo‘ldi. 24 yoshli hujumchi o‘tgan mavsumda asosiy rollardan birini bajardi, qanchalik hayratlanarli bo‘lmasin, jamoa Yevropa grandlari talabgor bo‘lgan bu futbolchisini saqlab qoldi va u darhol yangi kampaniyani boshladi, bu mavsumda undan yanada o‘sishni kutish mumkin.

7-o‘rin. Ilkay Gundo‘g‘an – yarimhimoyachi, 32 yosh (Germaniya/«Barselona» (sobiq «Manchester Siti»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 13 gol, yetti assist
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: Yevropa Chempionlar ligasi, Angliya Premiyer ligasi va Angliya Kubogi g‘olibi

32 yoshli yarimhimoyachi «Siti»da kosmik statistika qayd etmadi, Qatardagi jahon chempionatida esa Germaniya milliy jamoasi bilan birga guruhda qolib ketdi. Ammo, birinchidan, Gundo‘g‘an treblni qo‘lga kiritdi, ikkinchidan, bunda muhim rollardan birini o‘ynadi:

— Ilkay Chempionlar ligasining har bir o‘yinida, jumladan finalda qatnashdi;

— Angliya Kubogida atigi ikki gol urdi, lekin bu gollarni finalda kiritdi. Manchester derbisida jamoasi ortda qolayotganda u urgan gollar g‘alaba keltirdi;

— APLda 31 o‘yinda 8+5 ball ishladi, jumladan, mavsum oxirlarida «Lids» va «Everton» darvozalariga dubl qayd etib, jamoasining turnir jadvalidagi yetakchiligini mustahkamladi.

«Barselona» uni erkin agent sifatida safga qo‘shib olish orqali yozdagi eng kuchli transferlardan birini amalga oshirdi.

6-o‘rin. Rodri – yarimhimoyachi, 27 yosh (Ispaniya/«Manchester Siti»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: To‘rt gol, yetti assist
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: Millatlar ligasi, Yevropa Chempionlar ligasi, Angliya Premiyer ligasi va Angliya Kubogi g‘olibi

Rodri dunyoning eng yaxshi yarimhimoyachisi maqomini o‘zida saqlab turibdi, ayni vaqtda «Siti»ni ushbu 27 yoshli ispaniyalik yarimhimoyachisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. O‘tgan mavsumda u «shaharliklar» safida barcha turnirlar doirasida 56 o‘yinda maydonga tushdi va jamoaning eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchisi bo‘ldi, tayanch zonasini betonlab tashladi va Chempionlar ligasi finalida g‘alaba golini urdi.

U trebl qayd etgan futbolchi sifatida ham top-10 dan o‘rin olishga haqli, lekin uning o‘ziga farqi yo‘q — Rodri o‘zining «Inter»ga urgan golini besh ming marta ko‘rganini tan olgan. Aftidan, uning uchun bundan boshqasi ahamiyatsiz.

5-o‘rin. Kevin De Bryuyne – yarimhimoyachi, 32 yosh (Belgiya/«Manchester Siti»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 10 gol, 32 assist
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: Yevropa Chempionlar ligasi, Angliya Premiyer ligasi va Angliya Kubogi g‘olibi

Goal versiyasi bo‘yicha Top-5ni «Siti»ning belgiyalik yarimhimoyachisi ochib beradi. O‘z avlodidagi eng yaxshi pleymeyker bo‘lgan ushbu 32 yoshli futbolchi afsonaviy mavsum o‘tkazib, o‘z jamoasining haqiqiy yo‘lboshchisi bo‘ldi, chempionat, Kubok va Chempionlar ligasida g‘alaba qozondi. Bir mavsumda 32 assist — aql bovar qilmas ko‘rsatkich va faqat Chempionlar ligasi finalidagi jarohat unga 5-o‘rindan yuqoriroq chiqish imkonini bermadi.

4-o‘rin. Vinisius – hujumchi, 23 yosh (Braziliya/«Real»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 25 gol, 26 assist
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: Ispaniya Kubogi, Ispaniya Superkubogi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati va Yevropa Superkubogi g‘olibi

2022/23 yillar mavsumida raqib jamoalar muxlislarining nafrat yomg‘irlari ostida ham ushbu reaktiv braziliyalik jahon darajasidagi futbolchi maqomiga chiqdi va o‘z avlodida Kilian Mbappe va Erling Holand bilan bir darajadagi futbolchi sifatida qarala boshlandi. Vinger o‘tgan mavsumdagi sovrinlari bilan (Qirol Kubogi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati va Yevropa Superkubogi) maqtana olmasa ham, shaxsiy statistikasi bo‘yicha barchaning og‘zini yopa oladi — «Real» safida 23+21 va jahon chempionatida Braziliya safida 1+2.

Faqat o‘tgan mavsumda YeChLdagi muvaffaqiyatsizlik u bu safar «Oltin to‘p» uchun da’vogarlar podiumiga chiqishiga xalaqit qildi. Ammo Vinisius allaqachon o‘z pozitsiyasidagi eng yaxshi futbolchiga aylangan va u yaqin yillarda «Oltin to‘p» uchun da’vogarlarning kuchli beshligini tark etmaydi. 

3-o‘rin. Kilian Mbappe – hujumchi, 24 yosh (Fransiya/«PSJ»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 55 gol, 14 assist
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: Liga 1, Fransiya Superkubogi g‘olibi, JCh-2022 finalchisi

Kilianning o‘zi 2023 yilgi «Oltin to‘p»ni olish uchun barcha ishni qildim, deb hisoblaydi va uning bu da’vosi uchun argumentlar yetarlicha topiladi. 24 yoshli fransuz futbol o‘ynashdan ko‘ra mojarolar girdobida qolgandek ko‘ringan o‘tgan mavsumda ham 53 gol urgan va 13 golga uzatma bergan — aql bovar qilmas samaradorlik! Ayniqsa, u jahon chempionatining o‘zida 12+3 qayd etgani tahsinga sazovor — reytingdagi futbolchilarning barchasi ham butun mavsum davomida bunday samaradorlik ko‘rsata olmagan.

Qolaversa, u jahon chempionati finalida het-trik qayd etdi, o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida ham o‘z imkoniyatidan aniq foydalandi. Ammo qatorasiga ikkinchi bor jahon chempioni bo‘lishga erisha olmadi. «PSJ»da ham shunday vaziyat: forvard liga 1 da g‘olib bo‘ldi va butun mavsum raqiblarga dahshat soldi, ammo Chempionlar ligasida uzoqqa bora olmadi.

Mbappe individual jihatdan tengsiz — ammo unda «Oltin to‘p» qo‘lga kiritish uchun sovrinlar yetarli emas.

2-o‘rin. Erling Holand – hujumchi, 23 yosh (Norvegiya/«Manchester Siti»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 56 gol, 9 assist
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: Yevropa Chempionlar ligasi, Angliya Premiyer ligasi va Angliya Kubogi g‘olibi, APL va UYeFA «Oltin butsasi» sohibi

Norvegiya jahon chempionatiga chiqa olmadi, shu tufayli Holand butun energiyasini klublar mavsumiga qaratdi. Mavsum o‘ta muvaffaqiyatli chiqdi: 23 yoshli forvard «Siti» uchun 52 gol urdi, qator rekordlarni yangiladi (jumladan, Shirerniki kabi abadiy ko‘ringan rekordlarni ham) va trebl qayd etdi. Va bularning barchasi — uning Angliyadagi debyut mavsumida ro‘y berdi.

Aprel oyiga kelib uning «Oltin to‘p»ni olishi muqarrardek ko‘rinayotgandi. Ammo Argentinada bunga qarshi odam bor edi. Qolaversa, Holand ham mavsum oxirida tempni tushirdi va so‘nggi sakkiz o‘yinida atigi bir gol bilan kifoyalandi, YeChL finalida porlay olmadi.

1-o‘rin. Lionel Messi – hujumchi, 36 yosh (Argentina/«Inter Mayami» (sobiq «PSJ»)

  • O‘tgan mavsumdagi statistikasi: 42 gol, 26 uzatma
  • O‘tgan mavsumdagi yutuqlari: Jahon chempionati, Liga 1, Fransiya superkubogi va Amerika ligalar kubogi g‘olibi, JCh-2022ning eng yaxshi futbolchisi

Messi juda uzun mavsum o‘tkazmoqda: u o‘ynayotgan MLSda 2022/23 yillar mavsumi hali yakunlanmagan, shunday ekan, uning «Inter Mayami» safidagi har bir samarali harakati Parijdagi yutuqlariga qo‘shiladi. U ikki klubda «gol plyus pas» bo‘yicha 32+25 ishladi, qolaversa, Qatardagi jahon chempionatida ham milliy jamoasi to‘purariga aylandi — aql bovar qilmas statistika.

Ammo Leo faqat bu raqamlar uchungina «Oltin to‘p» uchun kurashda asosiy favorit emas. Aynan Messi Argentinaga jahon chempionati oltin medallarini keltirdi va Qatardagi turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

«Oltin to‘p» uchun ovoz berishda bu jihatlar hamisha ulkan ahamiyatga ega bo‘lib kelgan — shu tufayli Goal.com ham argentinalik futbolchi sakkizinchi sovrinini qo‘lga kiritishi ehtimolini yuqori baholagan. Bunga ishonch hosil qilish uchun yana biroz vaqt qoldi — yilning eng yaxshi futbolchisi 30 oktyabr kuni e’lon qilinadi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Messi sakkizinchi «Oltin to‘p»ini oladimi? Kimda qanday imkoniyat mavjud?