17:24 / 01.10.2023
291

Ro‘ziqul Berdiyev: "Al Sadd"ga hujumkorlikdan boshqa uslub yarashmaydi"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Al Sadd"ga hujumkorlikdan boshqa uslub yarashmaydi"

Foto: championat.asia

OCHL guruh bosqichi 2-turi doirasida "Al Sadd"ga qarshi o‘yindan oldin "Nasaf" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev hamda futbolchi G‘olib G‘aybullayev fikrlarini bildirdi.

- Avvalo fursatdan foydalanib, ustoz va murabbiylarni bugungi bayram bilan tabriklayman. Aynan ustozlar, murabbiylarning ko‘rsatmalari, bilimlari sababli shu darajadamiz. Ertangi raqibimiz haqida to‘xtalsam, ular anchagina tajribali jamoa. Bizga yaxshi tanish. Sifatli futbol o‘ynaydi. Bu o‘yinga yaxshi tayyorgarlik olib bordik. Ertaga faqatgina ijobiy natijani maqsad qilib maydonga tushamiz. Buning uchun maydonda raqibdan ko‘ra ko‘proq mehnat qilishga to‘g‘ri keladi. Chunki OCHLda o‘tkinchi jamoalar yo‘q, oddiy o‘yinlar bo‘lmaydi. Jiddiy tayyorlandik, yigitlar o‘yinga shay holatda. Omadni o‘z tomonimizga og‘dirib, muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz.

G‘olib G‘aybullayev: - "Al Sadd" bizga begona jamoa emas. O‘tgan yili ham ularga qarshi to‘qnash kelgandik. Tarkibi yaxshi, sifatli jamoa. Qatarda yuqori obro‘ga ega. Barchasini hisobga olgan holda yaxshi tayyorlandik.

- "Al Sadd" bilan bir necha marta to‘qnash kelgansizlar. Jamoaning ayni damdagi holatini qanchalik o‘rgandingiz, raqibning nozik nuqtalari qanday?

- Yana bir narsani ta’kidlash kerak, OCHL o‘yinlarini o‘z maydonimizda o‘tkazmaganimizga ancha bo‘lgandi. O‘ylaymanki, bu muxlislarga ham anchagina xursandchilik taqdim qiladi. "Al Sadd" bilan o‘tgan mavsumda ham o‘yin o‘tkazdik, bir necha yillar oldin bir guruhdan o‘rin olgandik. Adashmasam, 4 o‘yinda 2 marta g‘alaba qozonib, 1tadan durang va mag‘lubiyat qayd etganmiz. Ushbu raqib bilan natijalar yomon emas, shu sababli ertaga ham ijobiy natija kutsak bo‘ladi. Buning uchun katta mehnat va kuch talab qilinadi. "Al Sadd" Osiyoning yetakchi klublaridan biri hisoblanadi. Bir necha yillar oldin OCHL finaligacha yetib borgan. Tarkibdagi futbolchilar Qatar termasining asosi hisoblanadi. Qatarning Rossiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida "Al Sadd"ning umumiy hisobda 12 futbolchisi ishtirok etgan. Jamoaning so‘nggi natijalari ham yomon emas. Kubok hali boshlanmadi, chempionatda esa yetakchi bo‘lib turibdi. Ular 5 o‘yinning to‘rttasida g‘alaba qozongan. Raqibni imkon qadar o‘rganishga harakat qildik. Yigitlarga raqibning kuchli va kuchsiz tomonlarini tushuntirib berdik. Ertangi o‘yinda futbolchilarim bu jihatlarga e’tibor qaratadi.

- Ikkinchi davrada Husniddin Aliqulov jamoadan ketgandi. Alibek Davronov esa Osiyo o‘yinlarida ishtirok etyapti. Uning o‘rnini qay tariqa yopish niyatingiz bor?

- Albatta, ular biz uchun jiddiy yo‘qotish. Ular nafaqat himoyada, balki, hujumda ham yaxshi harakat qilardi. Lekin tarkibda ularning o‘rnini to‘ldira oladigan futbolchilar bor. Biz barchasining imkonini topishimiz kerak. Chunki futbolda futbolchining jamoadan ketishi oddiy holat. Keyingi o‘yinlarda ichki zaxiradagi futbolchilardan ham foydalanishga harakat qilamiz. Bir-birining o‘rnini bosa oladigan futbolchilar tarkibda bor.

- "Nasaf"ning OCHLdagi rejasi qanday?

- O‘tgan yili guruh bosqichidan o‘tib, pley-offga yo‘llanma oldik. Bu yil ham asosiy maqsadimiz shu. Bu oson bo‘lmasa ham, bizda buning uchun tajribamiz va mahoratimiz yetadi. O‘yinlar ko‘rsatyaptiki, biz qolgan ikki jamoadan ortda emasmiz. Raqibdan jamoa sifatida kuchli bo‘lishimiz va har bir o‘yinda g‘alaba uchun maydonga tushishimiz kerak. Shundagina biz ko‘zlangan maqsadga albatta erishamiz.

- "Nasaf"ning "Al Sadd"ga qarshi o‘yinlarida Ro‘ziqul Berdiyev va G‘olib G‘aybullayevga qaysi yo‘l qo‘ygan xatolari unutilmas saboq bo‘lib qolgan?

- Ushbu raqibga bir marta yutqazgan bo‘lsak-da, yirik hisobda mag‘lub bo‘lganmiz. Shu holat alamli bo‘lgan. Aslida bu darajadagi o‘yinlarda yuqori darajada e’tiborli bo‘lish, har bir vaziyatda ehtiyotkor harakat qilish kerak. OCHL o‘yinlarida bu eng asosiy talab qilinadigan narsa. Ertaga bunday xatolarni qilmaslikka harakat qilamiz. Ligadagi o‘yinlar ko‘rsatib turibdiki, istalgan jamoa yetakchi sifatida qaralgan raqibiga muammolar tug‘dirmoqda. Shu sababli kamroq xato qilsangiz, natijaning yaxshi bo‘lishiga sabab bo‘ladi. "Al Sadd"ga qarshi o‘yinlarda ishtiyoq ko‘p narsalarni hal qilishi mumkin. Shu bois yigitlarni ushbu bahsga ruhan ham yaxshi tayyorlashga intilamiz.

- "Nasaf"da yo‘qotishlar bormi?

- Ha, bor. Lekin bizda ularning o‘rnini bosa oladigan futbolchilar yetarlicha. Umar Eshmurodov "Olimpik" bilan o‘yinda ko‘p bo‘lmasa-da, maydonda harakat qildi. Undan keyin to‘laqonli mashg‘ulotlarni olib bordi. Balki Umarning jismoniy holati unchalik yaxshi emasdir, biroq uning tajribasi ertaga bizga asqotishi mumkin. Hujumchi masalasida. Chaves mashg‘ulotlarda ishtirok etyapti, lekin o‘yinga to‘liq tayyor emas. Hali vaqt bor, barchasini vaqt ko‘rsatadi. Kim yaxshi tayyorlangan bo‘lsa, o‘sha maydonda bo‘lishi kerak.

- Bir marta "Al Sadd"ga qarshi o‘yindan oldingi matbuot anjumanida raqibning hujum chizig‘i kuchli ekanligini va ularga qarshi ochiq o‘yin ko‘rsatib bo‘lmasligini aytgandingiz. 2023 yilda ushbu raqibga qarshi ochiq o‘yin ko‘rsatib bo‘ladimi yoki hali ham raqibning hujum chizig‘i kuchlimi?

- "Al Sadd"ning o‘ziga hos futboli bor. Ular doimo hujumkorlikka e’tibor qaratishadi. Hujum chizig‘idagi legionerlari almashgan. Ular individual jihatdan kuchli futbolchilar. Shu sababli ular pozitsion hujumda ham, qarshi hujumda ham yaxshi harakat qilishadi. Xohlaysizmi yo‘qmi, "Al Sadd" Sizni himoyadan chiqishga majburlaydi. O‘z navbatida himoyada yaxshi o‘yin ko‘rsatish kerak. "Al Sadd"ga kim murabbiy bo‘lib kelsa ham, ularda futbolchilar almashsa ham, hujumkorlik yo‘qolmagan. Ularga boshqa o‘yin ham yarashmasa kerak. Shu sababli ular doimo Osiyoda yetakchi bo‘lib turishibdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Al Sadd"ga hujumkorlikdan boshqa uslub yarashmaydi"