Mirjalol Qosimov: "Ko‘p gol o‘tkazib yubormoqdamiz. O‘ylaymanki, ertaga bunga chek qo‘yamiz"
Foto: championat.asia
OCHL guruh bosqichi ikkinchi turidan o‘rin olgan OKMK - "Eyr-Fors" uchrashuvidan oldin matbuot anjumani tashkil qilindi. Unda mezbonlar ustozi Mirjalol Qosimov va himoyachi Islom To‘xtaxo‘jayev fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Fursatdan foydalanib bugungi ustozlarni bayrami bilan tabriklab qolaman. Qolaversa, Timur Kapadze jamoasi Saudiya Arabistonini yutib yarim finalga chiqdi. Ularni ham g‘alaba bilan tabriklayman. Ertangi o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Guruhimizda kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q. Imkoniyatimiz bor. Guruhda vaziyatni to‘g‘rilash mumkin. Shunday ekan shogirdlarimga ishonaman. Bugungi ko‘tarinki kayfiyatni ertaga davom ettirishadi, deb o‘ylayman. Maqsadimiz "Eyr-Fors" ustidan g‘alaba qozonish".
- Jamoa bu mavsumda gol o‘tkazish bo‘yicha so‘nggi 4 yildagi eng yomon natijasini qayd etmoqda. Oxirgi 3ta o‘yinda darvozadan 9ta to‘p olib chiqildi. Mazkur muammoni ertaga qanday hal qilmoqchisiz?
- Albatta bu e’tibor qilishimiz kerak bo‘lgan kerakli nuqta. Iloji boricha xatoni kamaytirish kerak. Oddiy vaziyatlarda to‘p yo‘qotish ham ko‘p muammoga olib keladi. Bir-birini himoya qilib, yordam berib harakat qilish lozim. Haqiqatdan ham juda ko‘p gol o‘tkazib yuboryapmiz. Bu bizga yarashmaydi. Nafaqat OCHLda, balki o‘zimizni chempionatda ham standart vaziyatlarda diqqatni yo‘qotmoqdamiz. "Metallurg" bilan ilk daqiqalardan standartdan to‘p olib chiqdik. "Paxtakor" bilan o‘yindagi ikkinchi golni ham aytish mumkin. O‘ylaymanki, ertaga bunga chek qo‘yiladi.
- "Eyr-Fors" "Al Ittihod" fonida jarangdor ko‘rinmasa ham jiddiy raqib deyish mumkin. Chunki jamoa so‘nggi bor 24 iyun kuni mag‘lubiyatga uchragan va mavsumni ikkinchi o‘rinda yakunlagan. Bu borada raqib qanchalik o‘rganildi?
- Ertaga maydondda nom o‘ynamaydi. Inson harakat qiladi. Raqib yomon jamoa emas. "Eyr-Fors"ning "Sepaxon" bilan kechgan uchrashuvini ko‘rib chiqdik. Raqib o‘yin davomida 5ta himoyachi bilan ham o‘ynay oladi. O‘yin davomida taktikani o‘zgartira oladi. Qolaversa, tarkibida legionerlari bor. Menga 10-raqamdagi (Ali Jasim)o‘yinchisi yoqdi. Yosh bo‘lishiga qaramay jamoani yetaklay olyapti. 8-raqamdagi (Ibrahim Bayesh) futbolchisi hujumga tezkorlik bilan o‘tadi. Raqibni noqulay vaziyatga tushiradi. O‘yinchilar orasida bo‘shliq yo‘q. O‘yinning boshidan oxirigacha bo‘shliq berish kerak emas. Umuman guruh bosqichiga kuchsiz jamoa chiqmagan.
- So‘nggi o‘yinlardagi ochko yo‘qotishlardan keyin futbolchilar ruhiy tomonlama o‘yinga tayyormi?
- To‘g‘ri natija qoladi, o‘yin esdan chiqadi. 3ta o‘yinni olganda deylik "Al Ittihod" bilan ikkinchi bo‘limda o‘z o‘yinimizni ko‘rsatdik. "Metallurg" bilan ham statistikani ko‘rsangiz darvozamizga berilgan zarbalarning barchasi gol bilan tugagan. Biz 20ga yaqin zarba yo‘lladik. Lekin gol ura olmadik. Ammo o‘yin tomonlama yomon harakat qilayotganimiz yo‘q. "Paxtakor" bilan 2:2 bo‘lib turgan vaqtda ham vaziyatlarimiz ko‘p bo‘ldi. Natija ham keladi. Har doim ikkisi bir vaqtda kelmas ekan. Futbolchilar ruhan tayyor. Maqsadimiz Olmaliqqa OCHLni olib kelish edi. Chunki 2 yil oldin pandemiya sabab nasib qilmagandi. Stadionga nechta odam kelsa ham o‘z o‘yinimizni ko‘rsatib g‘alaba tortiq qilishimiz shart. Raqibni ham mensimaslik kerakmas.
Islom To‘xtaxo‘jayev: - Ertaga o‘z maydonimizdagi ilk uchrashuv. Shunday ekan faqat g‘alaba uchun harakat qilamiz. OKMK ishtirokidagi barcha o‘yinlar tomoshabop bo‘lyapti. Xudo xohlasa, ustozlarimizga g‘alaba sovg‘a qilmoqchimiz. "Eyr-Fors" juda ham tajribali jamoa. Tarkibida tajribali ijrochilar bor. Shu bois murosasiz o‘yin kechishini taxmin qilaman.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring