Infantino: "O‘zbekiston so‘nggi bir necha yil ichida futbolni rivojlantirish bo‘yicha barchaga namuna bo‘lmoqda"
Toshkentda OFKga aʼzo assotsiatsiyalar prezidentlari hamda bosh kotiblari ishtirokidagi konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Unda FIFA prezidenti Janni Infantino so‘zga chiqib, O‘zbekistonda futbol taraqqiy etib borayotgani, yurtimiz mezbonligidagi futzal bo‘yicha 2024 yilgi Jahon chempionati ham yuqori saviyada o‘tishiga ishonch bildirdi.
"Bugun ushbu tadbirda ishtirok etish men uchun katta sharaf. Anjumanni tashkil qilgani va Osiyoning barcha mamlakatlaridagi assotsiatsiyalar prezidentlari va bosh kotiblarini birlashtirgani uchun OFK prezidenti Shayx Salmon va uning jamoasidan minnatdorman. Bunday anjumanlar barchamizni birgalikda ishlashga undaydi.
O‘zbekiston so‘nggi bir necha yil ichida futbolni rivojlantirish bo‘yicha barchaga namuna bo‘lmoqda. Men joriy yilning may oyida bu yerga kelganimda mamlakatda futbolga berilayotgan eʼtibor va erishilayotgan yutuqlarga guvoh bo‘ldim. Buning uchun O‘zbekiston Prezidentiga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Ikki hafta avval ham Nyu-Yorkda o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti haftaligida janob Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish sharafiga muyassar bo‘ldim.
Bilasiz, kelasi yili futzal bo‘yicha Jahon chempionati O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Shuni ishontirib aytamanki, bu FIFA tarixidagi eng yaxshi futzal Jahon chempionati bo‘ladi", – dedi FIFA rahbari.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring