Dunyoning 45 ta yetakchi futbol ligalarini o‘zida jamlagan Jahon professional futbol ligalari assotsiatsiyasining (WLF) 2023 yilgi umumiy yig‘ilishiga Ekstraklasa (Polsha ligasi) mezbonlik qildi.
Unda Liga bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev hamda Klublarni litsenziyalash va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Zoxirjon Akramxonov ishtirok etdi.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi mazkur tashkilotga 2022 yilda rasman qabul qilingandi. Shundan kelib chiqib, WLF bosh kotibi Jerom Perlemuter O‘zPFL a’zolariga mamlakat ichki chempionati masalasida taqdimot o‘tkazish taklifini berdi. Bu bizga barcha a’zo ligalar rahbarlari hamda mutaxassislari ko‘z o‘ngida O‘zbekiston hamda uning futboli haqida taqdimot tashkil etish imkoniyatini yaratdi. Shu asosda WLF mutaxassislari tomonidan tayyorlangan va yetakchi ligalar faoliyati, statistikalari hamda boshqa detallarini o‘z ichiga olgan yillik sarhisobdan O‘zPFL ham ilk marta joy oldi.
Quvonarli tomoni, taqdimot tashkilotning qolgan a’zolari tomonidan iliq qarshi olindi. Jumladan, AQSH, Angliya, Avstraliya, Belgiya, Polsha, Qatar, Latviya, Turkiya kabi ligalar rahbarlari forumdan keyin taqdimot yuzasidan o‘zlarining ijobiy fikrlarini alohida bildirib o‘tdi. Shuningdek, O‘zPFL tomonidan 2023 yildan boshlab yo‘lga qo‘yilgan futbolchilar litsenziyasi vazifasini bajaruvchi mikrochiplar hamda uchrashuv qaydnomalarini ikki daqiqa ichida to‘ldirish imkonini beruvchi onlayn platformaga yuqori baho berildi.
Endilikda Ligamiz WLF tarkibiga kiruvchi ligalarning teng huquqli hamkori hisoblanadi. Bu holat biz uchun dunyoning istalgan TOP ligalari va klublari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish uchun yo‘l ochadi. Yaqin kelajakda marketing, teletranslyatsiyalar, muxlislar bilan ishlash kabi masalalarda qator seminar va uchrashuvlar tashkil etish rejalari ishlab chiqiladi.
Ma’lumot uchun, mazkur yig‘ilishda O‘zbekistondan tashqari FIFA, IFAB, FIFPro, Yevropa klublari assotsiatsiyasi, UEFA va Jahon mehnat tashkiloti vakillari, shuningdek, Polsha, Shvetsiya hamda AQSH ligalari vakillarining ham taqdimot va chiqishlari bo‘lib o‘tdi.