Eldor Shomurodovning “Kalyari”dagi faoliyati ko‘ngildagidek va muxlislar kutganidek chiqmayapti. Legionerimiz ayrim uchrashuvlarda faolligi ajralib turgan bo‘lsa, ba’zan maydonda bor-yo‘qligi bilinmay qolyapti.
Italiya matbuoti “Kalyari” rahbariyati tarkibda jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urishni rejalashtirayotgani va qishki transferlar vaqtida ayrim o‘yinchilar, xususan, Eldor Shomurodovdan voz kechishi mumkinligini yoza boshladi.
Quyida beshta manba o‘z ekspertlariga tayanib, Eldor Shomurodov masalasiga to‘xtalib o‘tgan materiallarni havola etamiz.
TUTTOCAGLIARI.NET:
Shomurodov, “Kalyari” boshqa kutolmaydi. O‘zbek hujumchisi sport formasini ancha yaxshilab oldi, lekin hali jamoa o‘yiniga to‘liq qo‘shilib ketgani yo‘q. Klub yanvardayoq futbolchi bilan xayrlashish ehtimoli bor.
Eldor hali “Kalyari” o‘yiniga hech qanday ta’sir ko‘rsatgani yo‘q, u tezroq nimalarga qodir ekanini isbotlashi talab etiladi. U faqat Bergamo va Florensiyadagi uchrashuvlarda o‘yinni ilk daqiqalardan boshladi xolos.
CAGLIARINEWS24.COM:
“Kalyari” bosh murabbiy Klaudio Raneri qo‘l ostida Filippo Indzagi boshqaruviga o‘tgan “Salernitana”ga qarshi bo‘ladigan muhim bellashuvga tayyorgarlik ko‘ryapti.
Ta’kidlash joizki, “Kalyari” hujumchisi Eldor Shomurodov hali Raneri qo‘llayotgan o‘yinga o‘z ta’sirini o‘tkaza olgani yo‘q. O‘zgarish kuzatilmasa, tomonlarning yo‘li ayrilishi mumkin.
FOOTBALLNEWS24.IT:
Eldor Shomurodovga Raneri jamoasidan joy olish oson bo‘lib chiqmadi. Omadsiz debyutni bosh murabbiy Eldordan ko‘ra boshqa futbolchilar, birinchi navbatda Zito Luvumbo va Gaetano Oristanioga ko‘proq e’tibor qaratayotgani bilan ham izohlash mumkin.
Bu tanlov o‘zbek hujumchisining salohiyatiga soya solib qo‘ydi va u sakkizta bahsda atigi ikki marta boshlang‘ich tarkibga kiritildi. O‘yinchi va “Kalyari” munosabatlarini qishki transferlar vaqtida qayta ko‘rib chiqishilishi mumkin.
CALCIOMERCATO.COM:
Bundan buyog‘iga Lapadula va Mankosuning safga qaytishini, Luvumbo hujum chizig‘ida asosiy figuraga aylanganini, Oristanio tarkibga yorib kirganini, Pavoletti va Petanya kabi tajribali forvardlar o‘zini ko‘rsatishga shay turganini inobatga olsak, shuningdek, o‘zbek futbolchisi sezilarli o‘zgarishga qo‘l urmasa, Shomurodovning Sardiniyadagi sargushtlari yanvardayoq yakunlanishi mumkin.
CALCIOCASTEDDU.IT:
Shomurodovning so‘nggi imkoni. “Kalyari”ga kelgan bir necha yangi o‘yinchilar hali ishonchli oqlay olgani yo‘q. Deyarli hammada o‘zini oqlash uchun asos bor. Ular jamoaga kech qo‘shildi. Ammo Shomurodovda bunday emas. O‘zbek hujumchisi mavsumoldi tayyorgarligi Klaudio Raneri qo‘l ostida o‘tadi.
Lekin Shomurodov Genuyadagi davrida va Rim klubidagi ayrim uchrashuvlarda ko‘rsatgan yorqin o‘yinini “Kalyari”da namoyish qila olmayapti.
Xalqaro uchrashuvlarga berilgan tanaffus vaqtida Shomurodov o‘z imkoniyatlarini to‘liq ochish uchun qattiq ishladi. Oldinda jamoani to‘g‘ridan to‘g‘ri raqiblar – “Salernitana”, “Frozinone” va “Jenoa”ga qarshi uchta muhim uchrashuv kutib turibdi. Bu bahslarda Shomurodov yo hal qiluvchi kuchga aylanadi, yoki sport direktori Bonato uni yanvarda Trigoriyaga qaytarish bo‘yicha ish boshlaydi.
“Kalyari” navbatdagi uchrashuvini 22 oktyabr kuni safarda “Salernitana” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Har ikki jamoa hali birorta g‘alaba qozonmagan holda musobaqa jadvalining eng quyi ikki pog‘onasida bormoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring