O‘zbekiston kubogi musobaqasining yarim final bosqichidan o‘rin olgan "Nasaf" - "Dinamo" (2:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
O‘yin haqida
- Kelinglar, sizlar orqali "Dinamo"ni Superligaga qaytgani bilan tabriklaymiz. Samarqandliklar bejizga kubokda 3 ta Superliga klubini musobaqadan chiqarib yuborishmagan ekan. Bugun ular maydonda shuni yana bir bor isbotlashdi.
Yigitlarga bu o‘yin haqida jiddiy munosabatda bo‘lishlari haqida aytgandim. G‘alabamizga sabab bo‘lgan omil gollarni o‘z vaqtida urib olganimiz bo‘ldi. Agar "Dinamo" birinchi bo‘lib hisobni ochganida bizga qiyin bo‘lardi.
- "Dinamo" bugun chindan ham yaxshi o‘ynadi. Sizningcha, bu Pro-liga va Superliga darajasini yaqinlashib qolganidan dalolat beradimi?
- Pro-liganing emas, "Dinamo"ning darajasi Superligaga yaqin ekan. Ular bugun shuni yana bir bor isbotlashdi. Aytish joiz bo‘lsa, "Lokomotiv" va "Qo‘qon-1912" jamoalarining darajasi Superligaga mos keladi.
- "Sharja" bilan o‘yin haqida...
- Biz ularning avvalgi ikki o‘yinini ko‘rib chiqdik. Jamoa kam gol o‘tkazadi, himoya chizig‘i kuchli. Tarkibida kuchli legionerlari bor. Biroq, biz har bir o‘yinda maksimal natija uchun harakat qilaveramiz.
- Azizbek Amonov dastlab jamoa o‘yiniga tushmadi deya baholangandi. Biroq, siz unga ishonishda davom etdingiz. Uning hozirgi o‘yini haqida fikringiz qanday?
- Har qanday futbolchi uchun jamoaga moslashib ketishiga vaqt kerak. Amonov hozirda jamoamizga kirishib ketdi, ko‘p mehnat qilayapti. Muhimi, jamoaga foydasi tegayapti.
- Alibek Davronov qizil kartochka olgan vaziyatga munosabatingiz?
- U maydonga jamoaga yordam berish ishtiyoqida yonib tushdi. Birinchi vaziyatda e’tiborsizlik qildi. Ikkinchi vaziyatda futbolchi bilan tortishib ketgani uchun jazolandi.
- Umidjon Ergashevning holati qanday?
- Hozircha bilmaymiz. O‘sha vaziyatda kontakt yo‘q edi, balki mushaklarini tortib olgandir. Tez orada safimizga qaytadi deb o‘ylayman.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring