Coca Cola Superligasining 22-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" — "Turon" uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Yorqin Nazarov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O‘yin haqida fikringiz...
- "Paxtakor"ni g‘alaba bilan tabriklayman. Ularga OCHLda omad tilayman. Bugun rejadagidek o‘yin bo‘ldi. 1:0 hisobida ortda borayotganimizda, vaziyatlar sodir eta oldik. Biroq bundan unumli foydalana olmadik. Muvozanatni saqlay olmadik. Yigitlar yomon o‘yin namoyish etmadi. Imkoni boricha harakat qilishdi.
- Birinchi bo‘limdan so‘ng kiyinish xonasiga kechroq yo‘l oldingiz, buning sababi nimada?
- Bu jihatni "Surxon"da ishlagan paytlarim ispan murabbiylaridan o‘rgandim. Chunki yigitlarda ilk emotsiyalar yuzaga keladi. Dastlabki muhokama — ularning ishi. Biz ham 3-4 daqiqa ichida yordamchilar bilan futbolchilarning holati to‘g‘risida gaplashib olamiz. Ispanlardan bir nechta jihatlarni o‘rgangandim, bu usul shulardan biri.
- Tarkibda birato‘la 5-6 nafar futbolchining jarohat olishi o‘z-o‘zidan yuz berdimi? Bugun ularning yo‘qligi sezildi. Masalan, Murtozayev gollar urardi...
- FIFA kunlarida "Navbahor" bilan o‘ynadik. Shu bilan birga, "Qo‘qon-1912" bilan uchrashuv o‘tkazdik. Bunday jamoalarga qarshi bahslar nazorat maqomida bo‘lsa ham, rosmana derbi bo‘ladi. Murtozayev ushbu bahsda jarohat oldi. Yo‘qotishlarga keladigan bo‘lsak, asosiy darvozabonimiz diskvalifikatsiyaga uchragandi, ikkinchi posbonimiz esa jarohat oldi. Shu bois, uchinchi darvozabon debyut qildi.
- Jamoada jarohatlarning muntazam yuzaga kelishi mashg‘ulotlardagi bosimning yuqoriligidan dalolat bermaydimi? Chunki tarkib nisbatan yoshlardan shakllangan...
- Yoshlarda tarkibga kirish ishtiyoqi kuchli. Biroq ularda tajriba yo‘q, shu bois, jarohatga yo‘liqishmoqda. Bu holat mashg‘ulotlarda ham yuz bermoqda. Bu normal holat.
- Yoshlarga ko‘p imkoniyat berilishi jarohatlar ko‘pligidanmi yoki keyingi mavsum uchun ularni tayyorlab borishdan dalolatmi?
- Ikkalasi ham to‘g‘ri. Hozir "Turon" yoshlarga e’tibor qaratmoqda. Kelgusi yil yosh jamoa shakllantirishni maqsad qilganmiz.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring