23:14 / 24.10.2023
226

Maksim Shatskix: "Bugun g‘alaba qozonmaganimizda guruhdan chiqish imkoniyatimiz nolga teng bo‘lar edi"

Maksim Shatskix: "Bugun g‘alaba qozonmaganimizda guruhdan chiqish imkoniyatimiz nolga teng bo‘lar edi"

Osiyo chempionlar ligasi A guruhi 3-tur bahsidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Axal" (3:0) uchrashuvidan so‘ng "sherlar" bosh murabbiyi Maksim Shatskix va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi Aziz Turg‘unboyev matbuot anjumanida ishtirok etishdi.

- O‘zingiz o‘yin qanday kechganini ko‘rdingiz. Barchasini to‘liq nazorat qildik. Yirikroq hisobda g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Birinchi uch ochkoni qo‘lga kiritdik va keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaymiz.

Aziz Turg‘unboyev: - Bugun muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdik va chiroyli o‘yin o‘tkazdik. Hali guruhdan chiqish imkoniyatlarimiz bor. Qolgan uch uchrashuvda g‘alaba qozonsak, keyingi bosqichga yo‘l olamiz.

- Bugungi uchrashuvga qarab "Paxtakor"ning hozirgi holatini baholasak bo‘ladimi yoki "Axal" jamoasining darajasi past ekanligi bugungi o‘yin natijasiga ta’sir qildimi?

- Avvalambor biz ajoyib o‘yin o‘tkazdik. "Axal" jamoasini kuchsiz demagan bo‘lardim. Ular 1-turda "Al-Fayha"ni mag‘lub etishdi va "Al-Ayn"ga qarshi kechgan uchrashuvda ham ancha sifatli o‘yin namoyish etishdi. Ushbu jamoani ko‘pchilik mensimayapti va bu noto‘g‘ri. Agar bugun g‘alaba qozonmaganimizda guruhdan chiqish imkoniyatlarimiz nolga teng bo‘lar edi.

- Agarda o‘tgan uchrashuvlari bilan solishtirsak, bugungi "Ahal" kuchsizroq edimi?

- Solishtirish noto‘g‘ri. Ular uyda o‘ynaganida raqib jamoa "Axal"ning kuchini past baholaganligi sabab mag‘lub bo‘ldi va sun’iy qoplamali maydon ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Bizga ham sun’iy maydon katta muammo tug‘dirishi aniq. Ashxobodga borgandan keyin u yerdagi sharoitlarga moslashishga harakat qilamiz. "Al-Ayn"ga qarshi kechgan uchrashuvdagi "Ahal"ni bugun maydonda ko‘rdim va raqib uslubi deyarli o‘zgarmagan.

- Xoldorxonov bugun gol urishdan tashqari barcha vazifani a’lo darajada bajardi. Po‘latxo‘jaga gol urishi uchun nima yetishmayapti?

- Gollar urish vaqti keladi. Eng muhimi hozir u men undan talab qiladigan vazifalarni bajarmoqda. U ko‘proq mehnat qilishi kerak. Maydonda mehnat qilsa, gollar urishni ham boshlaydi. Po‘latxo‘ja rivojlanishda davom etishi kerak, uning gol urish vaqti esa endi keladi.

- Siz asli qanot vingerisiz, ammo Shatskix qo‘l ostida himoyada ham, ikki qanotda ham va maydon markazida ham o‘ynamoqdasiz. Bunday katta hajmdagi vazifani bajarish sizga qiyinchilik tug‘dirmayaptimi?

Aziz Turg‘unboyev: - Yoshligimda qanot himoyachisi sifatida ham o‘ynaganman. Shu sabab tez ko‘nikib ketdim. Professional futbolchi tez moslashib ketish qobiliyatiga ega bo‘lish kerak. Murabbiyning vazifasini qo‘ldan kelgancha bajarishga harakat qilyapman.

- So‘nggi matbuot anjumanida eronlik futbolchini unuting dedingiz. Kuxarchikga nisbatan ham shu fikrni qo‘llasa bo‘ladimi? U hozir jamoa bilan birgami yoki javobini berib yubordingizlarmi?

- U hozir jarohatlangan va shu sabab uni maydonda va qaydnomada ko‘rmayapsizlar. Kuxarchik bilan yil yakuniga qadar shartnoma tuzganmiz. Mavsum so‘ngida u o‘zini yaxshi tomonlama namoyish etsa u bilan yangi bitim imzolaymiz. Unday bo‘lmasa u jamoani tark etadi.

- Diyor Xolmatov bugun penaltidan foydalana olmadi. Tanaffusda unga nimalar dedingiz?

- U bugun zo‘r o‘ynadi. U mas’uliyatni o‘z bo‘yiniga oldi, bu esa yaxshi hislat. Penaltini ijro etish og‘ir jarayon va juda katta mas’uliyat. Kecha "Nasaf" jamoasi ham 101-daqiqada penaltidan foydalana olmadi, juda hayajonli vaziyat edi. Men faoliyatimda ko‘p bor penalti tepganman va shuni maslahat bera olamanki, darvoza o‘rtasiga tepish kerak. Futbolchi o‘z qarorida ikkilanyaptimi o‘rtaga tepish kerak. 99 foiz holatlarda darvozabon qaysidir tomonga otiladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maksim Shatskix: "Bugun g‘alaba qozonmaganimizda guruhdan chiqish imkoniyatimiz nolga teng bo‘lar edi"