Italiya chempionatining o‘ninchi tur uchrashuvi oldidan “Kalyari” hamon eng kam – uch ochko bilan so‘nggi pog‘onada turibdi. Statistika ham Klaudio Raneri shogirdlari zarariga ishlayapti. Sardiniyaliklar hali g‘alaba qozonmagan, eng ko‘p mag‘lub bo‘lgan, eng kam gol urib, ko‘p to‘p o‘tkazgan ikki jamoadan biri bo‘lib turibdi.
Lekin jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Bungacha sakkizta o‘yinda atigi uchta to‘p kiritgan “Kalyari” so‘nggi bellashuvda raqib darvozasiga ikki marta yo‘l topdi. Aslida sardiniyaliklar “Salernitana” jamoasi maydonidan g‘alaba bilan qaytishga yaqin edi. Biroq so‘nggi daqiqada to‘p Nikolas Violaning qo‘liga tekkani uchun belgilangan penalti “Kalyari”dan birinchi g‘alabani tortib oldi.
Italiya futbolini yoritishga ixtisoslashgan eng nufuzli nashrlardan biri La Gazzetta dello Sport gazetasi ekspertlari “Kalyari” hujum chizig‘ida o‘ynayotgan futbolchilarning statistikasini tahlil qilib chiqdi.
Unga ko‘ra, “Kalyari”ning almashtirib bo‘lmas hujumchisi sifatida Zito Luvumbo qayd etildi. 21 yoshli angolalik forvard jamoasining beshta golidan uchtasiga mualliflik qilgan. Raqiblar afrikalik o‘yinchini to‘xtatish uchun unga nisbatan eng ko‘p – 16 marta o‘yin qoidasini buzgan.
Sakkiz marta maydonga tushgan Zito jami 611 daqiqa o‘yin o‘tkazib, raqiblar darvozasiga 11 marta zarba bergan va ulardan beshtasi darvozaga aniq borgan.
Luvumbo uchrashuvlarda to‘qqizta xavfli vaziyat yaratdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Eldor Shomurodovning statistikasida ijobiy o‘zgarish bor. Shomurodov o‘zi o‘ynagan daqiqalar ichida oltita golli vaziyat yaratdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha o‘zidan ikki baravar ko‘p vaqt o‘tkazgan Luvumbodan ortda qolyapti xolos.
Shomurodov deyarli barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha faqat mavsum kashfiyoti Luvumbodan ortda qolyapti xolos. Legionerimiz A Seriyaning barcha – to‘qqizta uchrashuvida maydonga tushdi. Biroq bevosita o‘yindagi ishtirok vaqti ancha kam – 377 daqiqani tashkil qilmoqda. Chunki Eldor birorta uchrashuvni to‘liq o‘tkazmadi. Ikki marta boshlang‘ich tarkibda o‘yinni boshlagan bahslarda ham zaxiraga olindi.
“Kalyari” hujumchilaridan Andrea Petanya va Leonardo Pavoletti beshtadan bellashuvda to‘p tepgan bo‘lsa-da, hali samarali harakatlarni amalga oshirgani yo‘q.
Eldor Shomurodov “Salernitana”ga qarshi bahsda jismoniy tayyorgarligini ancha yaxshilab olganini namoyish qildi va Nikolas Violaning goliga ajoyib pas oshirdi. O‘zbek hujumchisida ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganini mutaxassislar ham e’tirof etmoqda.
- “Kalyari” Petanyani transfer qilmasligi kerak edi. Buni muvaffaqiyatli tanlov deyish qiyin. Matteo Pratida yaxshi jihatlar ko‘rinyapti.
Sardiniyaliklarning yangi o‘yinchilaridan Ibrohim Sulemana chempionatni yaxshi boshladi, lekin keyinchalik o‘yinini topa olmay qoldi. Eldor Shomurodov Salernodagi o‘yinidan keyin umid uyg‘otdi. O‘zbek legioneri o‘yinda o‘zgarish yasay oldi va Violaning goliga hammualliflik qilib, jamoasini hisobda oldinga chiqib olishiga sharoit yaratdi.
Shomurodov oldida jamoaga ko‘nikib olish va yangi jamoadoshlari bilan bir birini tushungan holda o‘ynashni o‘rganish vazifasi turgandi, - dedi futbolchilik davrida “Kalyari” safida 200 dan ziyod uchrashuvda qatnashgan ekspert Juzeppe Tomasini.
“Kalyari” jamoasi A Seriyadagi navbatdagi uchrashuvini “Frozinone”ga qarshi o‘tkazadi. Sardiniyada bo‘ladigan bahsda Klaudio Raneri shogirdlari chempionatdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritishi kutilmoqda.
Bu uchrashuv 29 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan 16:30 da boshlanadi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring