Ro‘ziqul Berdiyev: "OKMK birinchi bo‘limda to‘pni nazorat qildi va hujumkorlik ko‘rsatdi, ammo yakunda biz g‘alaba qozondik"
"Nasaf" jamoasi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev O‘zbekiston kubogi uchun OKMK (1:0) bilan bo‘lgan bahsdan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— Muxlislarga bayram qilib berdik. Bizning asosiy maqsadimiz muxlislarni xursand qilish edi. Tarixiy g‘alabaga erishdik. Barchani tabriklayman. O‘yin oson kechmadi. Raqibimiz bugungi uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan ekan. To‘p nazorati ko‘proq raqib tomonda edi. Biz esa vaziyatlar yaratishda ustunlik qildik.
— Stanoyevich sekin-astalik bilan o‘zining optimal sport formasiga qaytmoqda. Biroq, bugun Marko uzoqdan tepsa bo‘ladigan vaziyatlarda zarba bermadi. Bunga sabab nima? U hali hamon jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lmadimi?
— U 6 oy davomida futbol o‘ynamadi. Jarohat unga ta’sir qilayotgani tabiiy hol. Marko jarohatdan tez tuzalib ketadigan yosh yigitcha emas. U "qora" ishni bajarmoqda va bizga katta foyda keltirmoqda. Marko kuchli zarbaga ega ekanligi hech kimga sir emas, ammo bunday uchrashuvlarda javobgarlik hissi bo‘ladi. Uzoqdan bergan zarbasi noaniq bo‘lib chiqsa, jamoa to‘pni yo‘qotadi va bu qo‘shimcha xavf. Birinchi bo‘limda katta bosim ostida o‘ynadik. Bugun maydondagi barcha futbolchilar g‘alabaga katta hissa qo‘shdi.
- Birinchi bo‘limda katta bosim bo‘ldi deb aytdingiz, lekin "Nasaf" o‘zi istasa har bir raqibga qarshi birinchi raqam bo‘lib o‘ynay oladi. "Nasaf" hozirgi vaqtda natija uchun ko‘proq ikkinchi raqam bo‘lib o‘ynashni afzal ko‘ryaptimi?
- Futbolda birinchi navbatda natija kerak. Birinchi davrada ancha hujumkor o‘ynayotgan edik. Ko‘p jamoalar bizga qarshi himoyaviy o‘ynashadi. Shu sababdan biz ham biroz uslubimizni o‘zgartirmoqdamiz. So‘nggi uchrashuvlarda esa kuchli raqiblarga qarshi o‘ynamoqdamiz va shu sabab ularga ko‘proq to‘p bilan muomala qilishga imkoniyat bermoqdamiz. Bugungi uchrashuvning birinchi bo‘limida ham OKMK ko‘proq to‘pni nazorat qildi va hujumkor o‘yin namoyish etdi, ammo o‘yin so‘nggida biz g‘olib bo‘ldik.
- "Nasaf" bugun ko‘proq qanotdan hujum qildi. Bunga sabab nima? Jamoaning o‘yindan avvalgi rejasi shunday edimi yoki o‘yin davomida raqib zich himoyalanayotgani sabab ko‘proq qanotlardan hujum qilishga majbur bo‘ldingizlarmi?
- OKMK bugun qanotlarni yaxshi qo‘riqladi. Dilshod Ahmadaliyev Sherzod Nasrullayevni personal qo‘riqladi. Shu sababdan birinchi taymda Oybek va Sherzod deyarli ko‘rinmadi. Bu raqib bizni yaxshi o‘rganganidan dalolat. Men futbolchilardan faqat qanotdan hujum qilmaslikni, maydon markazi orqali o‘ynash mumkinligini uqtiraman. Maydon markazidan o‘ynaydigan Stanoyevich, Siddiqov, Jigaurilar kuchli zarbaga ega. Raqib bizni yaxshi o‘rganib chiqibdi.
- O‘yindan bir necha soat avval Umar Eshmurodov maydonga tusha olmasligi ma’lum bo‘ldi. Unga nima bo‘ldi?
- So‘nggi o‘yinimizdan keyin unda isitma baland edi. Biz uning tuzalishiga umid qilgandik. Betobligi sabab uni bugun o‘ynatmadik.
- Penalti haqida fikringiz qanday?
- Penalti bo‘lgan vaziyatda hakamlar uzoq vaqt o‘ylandi. Ularning o‘zlarining qarashlari bor. Hakam penalti belgiladimi demak qoida buzilgan. Mening fikrim shu.
- "Nasaf" bosh murabbiyi sifatida bugungi g‘alabani kimga bag‘ishlaysiz?
- Bugun tarixiy final bo‘ldi. Qarshida kubokni qo‘lga kiritdik. Bugungi g‘alabani muxlislarga bag‘ishlaymiz.
- "Nasaf" jamoasi ketma-ket uch mavsumdan buyon O‘zbekiston kubogida g‘alaba qozondi. Bugungi g‘alaba esa keyingi mavsum Osiyo chempionlar ligasining keyingi mavsumiga yo‘llanma berdi. Mening nazarimda "Nasaf" kubok jamoasiga aylanib qoldi. Kubokda g‘alaba qozonish bilan chempionatni yutish qanchalik katta farq qiladi va nega "Nasaf" kubokda zo‘r o‘ynab, Superligada g‘olib bo‘la olmayapti? "Nasaf" uchun kubokda o‘ynash osonroq bo‘lib qoldimi? Masalan Superligada "Paxtakor"ga qarshi kechgan uchrashuvda "Nasaf" o‘ziga kerakli natijani qo‘lga kirita olmadi. Bugun esa jamoangiz g‘olib bo‘ldi?
- Bitta o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish boshqacha. Uzoq distansiyada o‘ynash biz uchun muammo. Biz ushbu muammoni har mavsum bartaraf etishga harakat qilamiz, ammo hozirgi kungacha buning uddasidan chiqa olmadik. Chempionat doirasida jarohatlar, futbolchilarimizning boshqa klublarga o‘tib ketishi bizga katta qiyinchiliklar tug‘diradi. Men Husayn Norchayev va eng yaxshi himoyachimizni yo‘qotishni istamagandim, to‘g‘risi. Tan olishimiz kerak, biz taklif etgan legionerlar ishonchni to‘liq oqlamadi. Men ulardan ko‘proq narsa kutgan edim. Ba’zida oddiy uchrashuvlarda ham ko‘p ochko yo‘qotdik. Mavsum hali yakunlangani yo‘q va hamma narsa ro‘y berishi mumkin. Biz chempionatning so‘nggi turiga qadar kurashamiz. Mavsum avvalida 4ta musobaqada ishtirok etishimiz kerak edi. Superkubokni yutdik va hozir 3ta musobaqa qoldi. Bugun kubokda ham g‘olib bo‘ldik. Qolgan ikki yo‘nalish, chempionat va Chempionlar ligasida ham imkoniyatimiz bor. Biz mavsum davomida jarohatlardan ko‘p aziyat chekdik. Tig‘iz jadval bizni ancha qiynab qo‘ydi. Biz "Sharja" va "Paxtakor"ga qarshi kechgan uchrashuvlarda bor kuchimizni va barcha asosiy tarkib futbolchilarini maydonga tashlaganimizda bugun g‘alaba qozonmasligimiz mumkin edi. Kuchni to‘g‘ri taqsimlashimiz kerak. Hali oldinda chempionlar ligasi va chempionat o‘yinlari bor.
- "Nasaf" jamoasi hujumchilaridan qanchalik ko‘nglingiz to‘lmoqda. Ular sizning o‘yin falsafangizga mos tushadimi?
- Ochig‘ini aytaman, Chavesdan ko‘p narsa kutgan edim. U "Boka Xuniors" kabi katta jamoalarda o‘ynagan. Bunday katta jamoalarda o‘ynagan futbolchilardan ko‘p narsa kutishingiz aniq. U safimizga kelib qo‘shilganida formada emas edi. Keyin jarohat oldi va shu sababdan ham o‘zini to‘liq namoyish eta olmadi. Lima raqib himoyachilariga kun bermaydi va shu jihati menga yoqadi. Ko‘p raqiblar bizga qarshi zich himoyalanishadi va shu sababdan ko‘proq qanotlardan o‘ynashga majbur bo‘lamiz. Bizga bosh bilan yaxshi o‘ynaydigan futbolchi kerak. Umumiy qilib aytsam, joriy mavsumdagi 4ta musobaqadan 2tasida g‘olib bo‘ldik. Bu yilgi mavsum "Nasaf" tarixidagi eng yaxshi mavsumlardan biri bo‘ladi.
- Demak, Chaves mavsum yakunlanganidan so‘ng jamoani tark etadi.
- Biz u bilan 4 yoki 5 oylik shartnoma tuzganmiz. Bu darajada o‘yin namoyish etadigan bo‘lsa nafaqat Chaves, balki boshqa futbolchi ham jamoadan ketadi. Futbolchi yaxshi o‘ynamasa, ketishi kerak. Bu futboldagi tabiiy hol.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring