JCH-2026 saralashida Eron termasi bilan o‘ynalgan durangdan keyin O‘zbekiston termasi sardori Eldor Shomurodov fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Ikki xil taym bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda yaxshiroq harakat qildik. Asosiysi - yomon o‘tkazgan birinchi bo‘limdan keyin hech kim qo‘lini tushirmadi va oxirigacha kurashdi. Jamoadoshlarimning barchasi ham xursand emas, chunki hammamiz g‘alabani ko‘zlagandik. Bir ochko ham yomon natija emas, yomon o‘yin ko‘rsatmadik.
- Turkmaniston termasiga qarshi o‘yinda ham bugun ham O‘zbekiston termasi xarakter ko‘rsata oldi. Bu yigitlarning xarakteri bilan bog‘liqmi yoki Katanes motivatormi?
- Murabbiy ham doimo taslim bo‘lmaslikni aytadi. Bizda ajoyib jamoa bor, buni futbolchilar ham tushunib turibdi. Oxirigacha kurashishga kelishib olganmiz. Bu shunchaki gap bo‘lib qolmayapti va futbolchilar buni maydonda namoyish qilishga harakat qilishmoqda.
- Birinchi bo‘limdan keyin kiyim almashtirish xonasida qanday ko‘rsatmalar bo‘ldi?
- Barchada ishonch yetarlicha edi. Hech kim 0:2ga yutqazayapmiz, hammasi tugadi degani yo‘q. Barcha o‘ziga ishondi. Aytganimdek, g‘alabani istagandik.
- Eldor Shomurodovning termadagi funksiyasi o‘zgardi desak bo‘ladimi?
- Bu jamoaviy o‘yin, unda bu ishni kim qilishi muhim emas. Jamoada kim gol uradi, kim assist bo‘ladi, menga farqi yo‘q. Muhimi g‘alaba.
- Ikkinchi bo‘limda hakam Eron tomonga yonbosgandek ko‘rindi. Bu raqiblarning provakatsiyalari bilan bog‘liqmi?
- Eron yutib turgan payti vaqtni cho‘zishga, hisobni ushlashga harakat qildi va provakatsiyalar qildi. Biz esa bunga uchmasdan o‘z o‘yinimizni ko‘rsata oldik.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring