22:22 / 22.11.2023
402

Yevro-2024 saralashi yakunlari. Qolgan uch yo‘llanma uchun kimlar kurashadi?

Yevro-2024 saralashi yakunlari. Qolgan uch yo‘llanma uchun kimlar kurashadi?

Foto: Sport-Ekspress

Qaysi jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri 20 yo‘llanmaga ega bo‘ldi, qur’a qachon va pley-off o‘yinlari qanday o‘tkaziladi – shu haqda qisqacha.

Yevro-2024 uchun saralashning asosiy bosqichi yakunlandi. Murakkab saralash turnirini tushunish, kimlar turnirga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmalar orqali o‘tganini sarhisob qilish va qolgan uch yo‘llanma uchun pley-offda kimlar kurash olib borishini ko‘rib chiqishning ayni vaqti.

E’tiborli jihati, saralash turnirida intrigani oxirgi turgacha saqlab turgan, ammo yo‘llanmani mos ravishda Sloveniya va Italiyaga boy bergan Qozog‘iston va Ukraina jamoalari hali ham Yevropa chempionatiga borish uchun imkoniyatga ega.

Guruh bosqichi yakunlari

22 noyabr kuni so‘nggi guruhlarda so‘nggi o‘yinlar o‘tkazib bo‘lingach, Yevro-2024 turnirining mezbon Germaniyadan tashqari 20 ishtirokchisi nomi aniq bo‘ldi: Fransiya, Portugaliya, Belgiya, Ispaniya, Shotlandiya, Turkiya, Avstriya, Angliya, Vengriya, Slovakiya, Albaniya, Daniya, Niderlandiya, Shveytsariya, Ruminiya, Serbiya, Italiya, Chexiya, Sloveniya va Xorvatiya.

Guruh bosqichining eng yaxshi jamoasi Portugaliya bo‘ldi – 30 imkoniyatdan 30 ochko to‘plangan. Boshqa hech kim 22 tadan ortiq ochko jamg‘ara olmagan (guruhlarning ko‘pchiligida jamoalar 6 ta emas, 5 ta bo‘lgani tufayli 8 tadan tur o‘tkazilgan). Portugallar – urilgan gollar (36) va o‘tkazilgan gollar soni (2) bo‘yicha ham eng yaxshi natija qayd etgan. Saralashning eng yomon jamoasi – Gibraltar (0 ochko, 0 gol va 41 o‘tkazilgan gol).

Saralashning eng yaxshi to‘purari belgiyalik Romelu Lukaku bo‘ldi, u 8 o‘yinda 14 gol urishga erishgan (o‘rtacha 42 daqiqada gol urgan). Undan keyingi o‘rinlarni Krishtianu Ronaldu (10 gol) va Kilian Mbappe (9) band etdi. Eng ko‘p golli uzatmani portugaliyalik Brunu Fernandesh bergan – 10 o‘yinda 8 pas.

Pley-offda kimlar o‘ynaydi va bu qanday bo‘ladi?

Shu tariqa, Yevropa chempionatining 24 ishtirokchisidan 21 tasining nomi ma’lum. Qolgan uch yo‘llanma 2024 yil martida pley-off bosqichida o‘ynaladi. Uning ishtirokchilari Millatlar ligasining 2022/23 yillar mavsumidagi natijalari bo‘yicha taqsimlanadi. Pley-offda 12 o‘rin bor – A, В va С ligalaridagi eng yaxshi to‘rttadan jamoa uchun.

Millatlar ligasi 2022/23 mavsumida kimlar o‘z guruhlarida g‘olib bo‘lgandi?

A liga: Niderlandiya, Xorvatiya, Ispaniya, Italiya;

В liga: Isroil, Bosniya, Serbiya, Shotlandiya;

С liga: Gurjiston, Gretsiya, Turkiya, Qozog‘iston.

Agar Millatlar ligasi -2022/23 guruhlari g‘oliblari saralash turniri orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqqan bo‘lsa, ularning pley-offdagi o‘rinlari o‘z ligasidagi keyingi eng yaxshi reytingga ega jamoaga o‘tkaziladi.

Yuqoridagi guruh g‘oliblaridan faqat beshtasi 2024 yilgi Yevropa chempionatiga saralash turniri orqali o‘ta olmagan va ikkinchi imkoniyatdan foydalanadi – bular Isroil, Bosniya, Gurjiston, Gretsiya va Qozog‘iston.

Agar bitta ligadan pley-offga chiqqan jamoalar soni 4 tadan kam bo‘lsa, bo‘sh qolgan slot D ligasida eng yaxshi reytingga ega guruh g‘olibiga beriladi – bu esa Estoniya.

Shu tariqa, pley-offda quyidagi 12 jamoa o‘ynaydi:

A ligasi: Polsha, Uels, Estoniya va Finlandiya/Ukraina/Islandiya uchligidan bittasi;

В ligasi: Isroil, Bosniya va Finlandiya/Ukraina/Islandiya uchligidan ikkitasi;

С ligasi: Gurjiston, Gretsiya, Qozog‘iston, Lyuksemburg.

Ishtirokchilar o‘z ligalarida ichki yarimfinal va final o‘yinlarini o‘tkazishadi. Yarimfinal juftliklari Millatlar ligasining 2022/23 yillar mavsumi natijalari bo‘yicha reytingiga ko‘ra hosil qilinadi: birinchi jamoa uyda to‘rtinchi jamoani, ikkinchi jamoa uchinchisini qabul qiladi.

Yarimfinal juftliklari quyidagicha ko‘rinishda bo‘ladi (A va B ligalaridagi ishtirokchilar tarkibi 23 noyabr kungi qur’adan keyin aniq bo‘ladi):

A yo‘l
Polsha — Estoniya

Uels — Finlandiya/Ukraina/Islandiya

В yo‘l
Isroil — Ukraina/Islandiya

Bosniya va Gersegovina — Finlandiya/Ukraina

С yo‘l
Gurjiston — Lyuksemburg

Gretsiya — Qozog‘iston

Yarimfinal o‘yinlari 2024 yil 21 mart kuni, finallar – 2024 yil 26 mart kuni o‘tkaziladi.

Finalda kim mezbonlik qilishini, shuningdek Ukraina, Finlandiya va Islandiya qaysi jamoalarga raqib bo‘lishini 23 noyabr kuni UYЕFAning Nion shahridagi bosh qarorgohida o‘tkaziladigan qur’a tashlash marosimi belgilab beradi.

Shu tariqa, Gurjiston va Qozog‘iston o‘z tarixidagi ilk Yevropa chempionati uchun yo‘llanmani hal qilish uchun o‘zaro o‘yin o‘tkazishi ehtimoli bor. Ukraina esa, JCh-2022 yo‘llanmasi uchun pley-offda bo‘lgani kabi yana Uelsga safar qilishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Yevroning final bosqichi haqida

Yevro-2024 guruh bosqichi uchun qur’a 2 dekabr kuni Shveytsariyada o‘tkaziladi. Turnirning o‘zi 2024 yil 14 iyunidan 14 iyuligacha Germaniyaning 10 ta shahrida bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Qur’adan oldin savatchalar quyidagicha ko‘rinish olgan:

1-savatcha: Germaniya, Portugaliya, Fransiya, Ispaniya, Belgiya, Angliya.
2-savatcha: Vengriya, Turkiya, Ruminiya, Daniya, Albaniya, Avstriya.
3-savatcha: Niderlandiya, Shotlandiya, Xorvatiya, Sloveniya, Slovakiya, Chexiya.
4-savatcha: Italiya, Serbiya, Shveytsariya, pley-offdagi A, B va C ligalari g‘oliblari.

Germaniya turnir mezboni sifatida birinchi savatchadan joy olgan, pley-off g‘oliblari to‘rtinchi savatchaga joylashtirilgan. Qolgan jamoalar saralash reytingiga ko‘ra (saralash bosqichidagi ochkolari, guruhlardagi o‘rni, gollari, to‘plar nisbati, g‘alabalar soni, intizom reytingi, shuningdek Millatlar ligasi o‘tgan mavsumidagi reytingiga qarab) savatlarga taqsimlangan.

Shu tariqa, guruhlarda eng yaxshi natijalarga ega besh jamoa birinchi savatchada Germaniyaga qo‘shilgan, ikkinchi savatchani guruhning yana besh g‘oliblari va ikkinchi o‘rinlar orasidagi eng yaxshi natijaga ega Avstriya tashkil etgan.

Italiya esa to‘rtinchi savatchadan joy olgan. Buning uchun italiyaliklar o‘zi aybdor. Yevropa chempionatining amaldagi g‘olibi saralash bosqichidagi sakkiz o‘yinda to‘rt g‘alaba, ikki durang va ikki mag‘lubiyat qayd etishdi va 14 ochko bilan ikkinchi o‘rinlar orasidagi eng yomon ko‘rsatkich tufayli qur’ada qiynaladigan bo‘ldi. Endi ushbu jamoa ishtirokida Yevro-2024 final bosqichida «o‘lim guruhi» yuzaga kelishi mumkin: qur’a Italiyani Fransiya (yoki Angliya, Ispaniya, Germaniya, Portugaliya va Belgiyadan biri) va Niderlandiya kabi Yevropa grandlari bilan bitta guruhga tashlashi. Yevro-2020 turnirida ham italiyaliklarga guruhda Germaniya, Portugaliya va Fransiya kabi jamoalar raqib bo‘lgandi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yevro-2024 saralashi yakunlari. Qolgan uch yo‘llanma uchun kimlar kurashadi?