Sosa Sola Superliganing 25-turi doirasida "So‘g‘diyona" bilan o‘ynalgan durangdan keyin "Nasaf" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev fikrlarini bildirdi.
- Raqibning xohishi qandayligini ko‘rdik - bir ochko. Maqsadimiz ularning rejasini buzish bo‘lgandi. Agarda gol urib olganimizda, barchasi yengilroq o‘tardi. O‘yin "So‘g‘diyona"ning kutganlari asosida ketdi. Ular qarshi hujumlarda o‘ynashini bilgandik va buni yigitlarga ham ta’kidlagandik. Shuning uchun kerakli paytda gol urib, raqibning rejalarini chipakka chiqarishimiz kerak bo‘lgandi. Lekin bu amalga oshmadi. Ularning durang uchun qanchalik vaqt cho‘zganini aytmasa ham bo‘ladi. Ikkinchi bo‘limdagi harakatlar - hech qaysi jamoaga yarashmaydi.
- Nasrullayevning jarohati jiddiy emasmi?
- Bu holatlar ham bizning o‘yinimizga ta’sir qildi. Yetakchilarimiz yo‘q edi. Nasrullayevning kutilmaganda jarohat olib o‘yindan chiqishi rejalarimizni o‘zgartirib yubordi. Shunga qaramasdan ikkinchi bo‘limda raqib darvozasi oldida bosim uyushtira oldik. Lekin yaxshi vaziyatlarni golga aylantira olmadik. Sherzodning burni ozgina shikast yegan. U "Al Faysali"ga qarshi o‘yinda jamoaga yordam berishiga umid qilamiz.
- "So‘g‘diyona" 11-o‘rindagi jamoa, "Nasaf" esa OCHLda o‘ynaydi. Xalqda shunday fikr bor, "Nasaf" kuchlilar bilan kuchli o‘ynaydi, o‘rtamiyonalar bilan o‘rtamiyona. Bu fikrga qanday qaraysiz?
- Bu fikrni chuqurroq qarasak, kuchli jamoalar biz bilan o‘yinda hujumga o‘tishga harakat qiladi. Kuchsiz jamoalar bilan bugungi holatlar ko‘p bo‘ldi, bunday paytda juda qiyin bo‘ladi - zich himoya, tempni o‘ldirish, vaqtni cho‘zish. Shu sababli ba’zi bir yengil jamoalar bilan o‘yinda qiynalamiz. Aslida shunday paytda biz vaziyatlardan foydalanishimiz kerak. Yarimta yoki to‘laqonli vaziyatlardan qancha erta foydalanib olsak, o‘yinimiz shunchalik yengil bo‘ladi. Bugun buni amalga oshira olmadik.
- Boshkovich Sizning bugungi g‘oyangizni anglab olgan desak bo‘ladimi? Har holda u bir vaqtlar Sizning qo‘l ostingizda o‘ynagan.
- Boshkovich meni ustoz deb bilmasa kerak. Yordamchi murabbiyligimda kam vaqt bo‘lsa-da, ishlaganmiz. Bosh murabbiy bo‘lganimda u jamoadan ketgandi. U bizning g‘oyamizni o‘rganib chiqqan va ustunlik qilgan deb o‘ylamayman. Ko‘plab jamoalar bizga qarshi shunday uslubni tanlab, g‘olib bo‘lib ketdi yoki durangga erishdi. Shu sababli g‘oyamizni o‘rganib chiqqan deb o‘ylamayman. Vaziyatlarimizdan foydalanganimizda bunday gaplar bo‘lmasdi.
- Ushbu yildagi Superliga mavsumidan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Yo‘q, bundan ham yaxshiroq qatnashishimiz mumkin edi. Ayrim o‘yinlarda bizga barqarorlik yetishmadi. Baribir medallarga erishishimiz kerak. Bu biz uchun yutuq bo‘ladi. Ushbu mavsum biz uchun oldingilaridan ham ko‘ra yaxshiroq o‘tdi deya olaman.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring