29 noyabrga o‘tar kechasi Yevropa Chempionlar Ligasi guruh bosqichidagi E-H guruhlarida 5-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Ba’zi jamoalar muddatidan oldin pley-off masalasini hal qilishi ham yoki aksincha, ba’zi guruhlarda vaziyat yanada chigallashib, so‘nggi turni finalga aylantirib yuborishi ham mumkin. Aynan mana shu guruh formati so‘nggisi bo‘lib, kelasi yildan umuman boshqa tizim boshlanishi ham o‘yinlarga e’tiborni kuchaytirgan.
Е GURUHI
«Latsio» – «Seltik» (22:45, Sport)
«Feyyenord» – «Atletiko» (01:00)
Guruhda shunday vaziyat yuzaga kelganki, 5-turdan so‘ng barchasi chigallashib, har bir jamoada keyingi bosqichga chiqish imkoniyati saqlanib qolish ehtimoli bor. Hatto atigi 1 ochkoga ega bo‘lgan «Seltik» so‘nggi ikki o‘yinda g‘alaba qozonsa va «Atletiko» ham yordam berib yuborsa, 2-o‘rinni olish imkoniyatiga ega. Shu bilan birga, bugungi o‘yinlarda «Atletiko» va «Latsio» o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, guruhda muddatidan oldin pley-off ishtirokchilari ma’lum bo‘ladi.
Niderlandiyada o‘tadigan uchrashuv guruh uchun markaziy o‘yin maqomida bo‘lishi shubhasiz. Ikki durang madridliklarga qimmatga tushdi va endi garchi «Atletiko» hali ham guruh peshqadami sifatida turgan bo‘lsa-da, buni saqlab qolish uchun «Feyyenord»ga yutqazmaslik kerak. Agar mezbonlar g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, katta ehtimol bilan «Latsio» ham g‘alaba qozonishi inobatga olinsa, «Atletiko» so‘nggi tur oldidan 3-o‘ringa tushib qolishi mumkin. Albatta, shunda ham Simeone shogirdlarida imkoniyat yomon bo‘lmaydi – oxirgi turda Madridda «Latsio»ga qarshi o‘yinda uch ochko yetarli bo‘lishi mumkin. Tabiiyki, guruhda 1-o‘rinni olish va pley-offda nisbatan kuchsizroq raqibga tushishdan umid qilish ham katta ahamiyatga egaligini unutmaslik kerak.
F GURUHI
«Milan» – «Borussiya» D (01:00, Sport)
«PSJ» – «Nyukasl» (01:00, Yoshlar)
Ushbu guruhda hammasi oxirigacha chalkash bo‘lishi va har bir o‘yin hal qiluvchi darajada bo‘lishi oldindan taxmin qilingandi. Shunday bo‘lib chiqyapti ham, dastlabki ikki o‘yinda birorta ham gol ura olmay, yaqqol autsayderdek ko‘ringan «Borussiya», masalan, bugun Milanda g‘alaba qozonsa, muddatidan oldin pley-off masalasini hal qiladi. Bu holatda «Borussiya» «Milan»dan 4 ochkoga o‘zib ketadi, «Nyukasl» bilan esa uch ochkolik farq yetarli, zero o‘zaro o‘yinlarga ko‘ra, dortmundliklarda ustunlik bor. Xuddi shu shaklda, «Milan»da ham imkoniyat yomonmas – Pioli shogirdlari g‘alaba qozonsa, so‘nggi tur oldidan kamida 2-o‘ringa chiqib oladi. Oxirgi o‘yin esa Angliyada «Nyukasl» bilan.
«Nyukasl» nemislarga ikki marta yutqazib, o‘z vaziyatini og‘irlashtirib qo‘ydi. Parijdagi o‘yinda jamoa mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini boy beradi. «PSJ» o‘z maydonida 100 foizlik natija ko‘rsatib kelayotgani, shuningdek, Angliyadagi mag‘lubiyat alami tarqalmaganini inobatga olsak, mehmonlarga juda qiyin bo‘ladi. Shu bilan birga, «PSJ»ning g‘alabasi ham jamoaga 6-turda o‘zini xotirjam his qilish imkonini bermaydi – ma’lum ssenariylarda 9 ochko bilan ham guruhda qolib ketish ehtimoli mavjud.
Yuqorida aytilganidek, faqat «Borussiya»da bugunning o‘zida keyingi bosqich masalasini hal qilish imkoniyati bor, xolos.
G GURUHI
«Manchester Siti» – «Leypsig» (01:00)
«Yang Boyz» – «Tsrvena Zvezda» (01:00)
Bu guruhda keyingi bosqichga chiquvchi jamoalar masalasi allaqachon hal qilingan. Faqat guruh g‘olibi yoki uchinchi o‘rinni olib, Yevropa Ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadigan jamoalar nomi ma’lum emas. Nemislar guruhda 1-o‘ringa chiqib olish uchun Manchesterda yirik hisobda g‘alaba qozonishi kerak, zero birinchi davra o‘yinida Gvardiola shogirdlari Leypsigda 3:1 hisobida ustun kelgandi.
«Etihad»dagi durang ham «Manchester Siti»ni muddatidan oldin 1-o‘rin egasiga aylantiradi. Chunki bu holda o‘rtadagi 3 ochkolik farq saqlanib qoladi va o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik tufayli so‘nggi turda «Siti» ochko olmasa ham bo‘laveradi.
Albatta, qo‘shimcha ochkolar ham zarar qilmaydi, ayniqsa, «Leypsig»ga. Sababi, yangi mavsumdan ligalarning yevrokuboklardagi reytingi ham katta ahamiyatga ega – eng yaxshi natija ko‘rsatgan 2 chempionat Chempionlar Ligasida qo‘shimcha o‘rinlarga ega bo‘ladi. Angliyada peshqadamlardan biri bo‘lgan «Manchester Siti»ni bu kamroq xavotirga solishi mumkin, ammo Bundesligada hozirda beshinchi o‘rinni egallab turgan «Leypsig» o‘zi uchun ushbu frontda ham harakat qilishi lozim bo‘ladi.
Shveytsariyadagi o‘yin Yevropa Ligasi yo‘llanmasi egasini aniqlab beradi. Bu uchrashuv g‘olibi rasman ushbu musobaqaning pley-off ishtirokchisiga aylanadi. Durang raqiblarni bir xil holatda qoldirishi mumkin, faqat to‘plar nisbati bo‘yicha «Tsrvena Zvezda»ning ustunligi saqlanib qoladi. So‘nggi turda esa, serblar o‘z maydonida «Manchester Siti»ni qabul qilsa, «Yang Boyz» «Leypsig»ga mehmon bo‘ladi.
H GURUHI
«Barselona» – «Portu» (01:00, Mahalla)
«Shaxtyor» – «Antverpen» (22:45)
Hammasi yaxshi ketayotganda «Barselona» kutilmaganda Ukraina jamoasiga yutqazib qo‘ydi va guruhdagi intrigani biroz bo‘lsa-da, jonlantirdi. «Portu»ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyat «Barselona»ni guruhda ikkinchi o‘ringa tushirib yuboradi. So‘nggi yillarda aynan guruhda g‘olib bo‘la olmagani uchun pley-offda kuchli raqiblarga duch kelayotgan «Barselona», tabiiyki, peshqadamlikni saqlab qolishga harakat qiladi.
«Barselona» guruhda qolib ketishi mumkinmi? Shunday ehtimol ham yo‘q emas. Buning uchun Xavi shogirdlari «Portu»ga yutqazib, «Antverpen»ni yuta olmasligi, «Shaxtyor» esa qolgan ikki uchrashuvni o‘z foydasiga hal qilishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, guruhdagi uch jamoada bir xil – 12 tadan ochko bo‘lib qolish ehtimoli ham bor. Bu holatda uch jamoaning o‘zaro o‘yinlaridagi to‘plar nisbati va urilgan gollar soni inobatga olinadi. «Barselona» va «Shaxtyor»ning «Portu» bilan o‘yinlari hali o‘tkazilmagani bois, bu ssenariyda aynan qaysi jamoada ustunlik bo‘lishini taxmin qilish qiyin.