11:58 / 10.12.2023
802

“Spartakchilar” Fayzullayevga e’tibor qaratdi

“Spartakchilar” Fayzullayevga e’tibor qaratdi

Rossiya Premer-ligasida poytaxt klublarining o‘zaro raqobati alohida o‘rin tutadi. “Spartak” Rossiyaning eng ko‘p muxlisga ega jamoasi hisoblanadi. Biroq “spartakchilar” anchadan beri chempionlikni qo‘lga kirita olmay kelyapti.

Klub rahbariyati bosh murabbiy va futbolchilarni tanlashda ko‘p xato qilayotgani mutaxassislar va muxlislar tomonidan muntazam tanqid qilib kelinmoqda.

“Spartak”ning sobiq bosh direktori Sergey Shavlo bosh murabbiy Gilermo Abaskalning faoliyatiga baho berib, transferlar masalasida ham to‘xtaldi. Munosib o‘yinchini topishda SSKAning Abbosbek Fayzullayev transferini misol qildi.

- Ilgari “Spartak” uchun ikkinchi o‘rin fojia hisoblanardi. O‘tgan mavsum jamoa uchinchi o‘rinni egalladi. “Spartak” muxlislarni kamida kuchli uchlikda bo‘lishga o‘rgatib qo‘ygan. Shuning uchun doim talab yuqori bo‘ladi. Bir bor yettinchi o‘ringa tushib ketishgan. Hozir beshinchi o‘rinni egallasa ham, bu natija hech kimni qoniqtirmaydi.

Bosh murabbiy Abaskal qishki transferlar davrida yangi o‘yinchilarni olib berishni talab qilishi mumkin. Lekin qishda mashhur va zo‘r o‘yinchilar bu yerga kelmaydi. Bu muammo. Biz Janubiy Amerikadan yoki biz bilan munosabati yaxshi bo‘lgan Yevropa davlatlari, masalan, Serbiya va Vengriyadan yosh o‘yinchilarni olishimiz mumkin xolos.

Mana SSKA O‘zbekistondan zo‘r o‘yinichi topdi. Abbosbek Fayzullayev hozir chempionatimizda porlayapti, - dedi Sergey Shavlo.

“Spartak” va Rossiya terma jamoasining sobiq yulduzi Aleksandr Mostovoy ham o‘zbek legionerining iqtidorini yuqori baholadi.

- SSKA hujum chizig‘ida gol urishni biladigan futbolchilar ko‘p, Fyodor Chalov, Anton Zabolotniy va Abbosbek Fayzullayev ham bu to‘p kiritishga usta.

Hozir Abbossiz jamoani tasavvur qilib bo‘lmaydi. Aynan o‘zbek futbolchisi maydonda natija masalasini hal qilyapti. Keyingi o‘yinlarda ham mana shu legioner gol uradi, - dedi Aleksandr Mostovoy.

Abbosbek Fayzullayevning SSKA jamoasiga katta yordami tegayotganini uning jamoadoshi Ivan Oblyakov ham alohida ta’kidladi.

- Abbosbekka jamoamizga qo‘shilib ketish uchun ko‘p unga vaqt kerak bo‘lgani yo‘q. Fayzullayev bizga juda katta yordam beryapti.

O‘zbek futbolchisi bilan maydonda birga o‘ynash juda qulay. Abbos yuqori malakali, tartib-intizomli va juda yaxshi o‘yinchi.

U muntazam o‘z ustida ishlaydi, o‘yinlarda jamoa uchun harakat qiladi. Bizga gol urish uchun qulay vaziyatlar yaratib beradi, o‘zi ham raqib darvozasini ishg‘ol qilyapti, hatto ortga qaytib, himoyachilarga ham ko‘p yordam beryapti, - dedi Ivan Oblyakov.

Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullayev avgust oyida 500 ming yevro evaziga “Paxtakor”dan SSKAga ko‘chib o‘tgan edi. Rossiya Premer-ligasidagi muvaffaqiyatli o‘yini tufayli uning bugungi kundagi transfer narxi to‘rt baravar oshib, ikki million yevroga ko‘tarildi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Spartakchilar” Fayzullayevga e’tibor qaratdi