Rossiya Premer-ligasida kelasi yilning 1 martiga qadar qishki tanaffus e’lon qilindi. Futbol jamoatchiligi, murabbiylar, ekspertlari chempionatning birinchi qismini tahlil qilmoqda.
Ularning aksariyati avgustda “Paxtakor”dan SSKAga ko‘chib o‘tgan Abbosbek Fayzullayevning o‘yiniga e’tibor qaratdi. Legionerimiz yosh bo‘lishiga qaramay, “armiyachilar” safida asosiy figuralardan biriga aylandi.
SSKA va Rossiya milliy terma jamoasi sobiq o‘yinchisi Igor Semshov jurnalistlar bilan suhbatda o‘zbekistonlik hujumkor futbolchining Premer-liganing birinchi qismidagi ishtirokiga baho berdi.
— Menga Abbosbekning o‘yini juda yoqadi. U ko‘zga tashlanadigan, tezkor, driblingi zo‘r, to‘p bilan yaxshi ishlay oladigan futbolchi.
— Fayzullayev chempionatimizga juda tez moslashib ketdi. Balki bunga SSKAning zaxira o‘rindig‘i qisqaligi sabab bo‘lgandir.
Bosh murabbiy Vladimir Fedotov futbolchiga ishonch bildirmoqda va Abbosbek bu imkoniyatdan unumli foydalanib kelyapti. Chempionatning bahorgi qismida Fayzullayev SSKAning haqiqiy yetakchisiga aylanadi.
— Fayzullayev o‘z hamyurti Eldor Shomurodovning yo‘lini takrorlab, Yevropaga ketishi mumkinmi?
— Birinchi o‘rinda, Fayzullayev jamoasining boshlang‘ich tarkibidagi o‘rnini mustahkamlab, SSKAning yetakchisi darajasiga yetishishi kerak. Abbosbek Yevropaga yetuk futbolchi sifatida yo‘l olishi lozim.
Abbosbek Fayzullayev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Hamyurtimiz bu yil Toshkent va Argentinada o‘tkazilgan ikki nufuzli musobaqa – 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo va jahon chempionatlarida yuqori saviyada o‘yin namoyish qilganidan keyin xorij klublari skautlari e’tiborini qozondi.
Aynan shu turnirlardagi muvaffaqiyatli ishtiroki evaziga Abbosbek Fayzullayev Xalqaro futbol tarixi va statistikasi talqini bo‘yicha 2023 yilning eng yaxshi yosh futbolchilari nominatsiyasida g‘oliblik uchun kurashadigan 26 nafar eng iqtidorli o‘yinchilar qatoriga kiritildi.
Abbosbek Fayzullayev Rossiya Premer-ligasiga yo‘l olgan o‘zbekistonlik futbolchilar orasida debyut mavsumini eng muvaffaqiyatli o‘tkazayotgan o‘yinchi hisoblanadi. Hali hech bir futbolchimiz Rossiya futbolida bu qadar tez ko‘zga ko‘rinmagan edi.
SSKAning asosiy o‘yinchilaridan biriga aylangan 20 yoshli hujumkor futbolchimiz Moskva klubiga ko‘chib o‘tganidan keyin milliy chempionat va mamlakat kubogi bahslarida 18 ta uchrashuvda o‘z hisobiga ikkita gol va to‘qqizta assist rasmiylashtirib qo‘ydi.
Abbosning “armiyachilar” bilan shartnomasi 2026 yilning yozigacha tuzilgan. Tomonlar o‘zaro kelishgan holda hamkorlikni yana bir mavsum uzaytirishi mumkin.
Transfermarkt portali Fayzullayevning transfer summasini 4 million yevroga baholamoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring