date
views 524

Fayzullayev bo‘lmaganida SSKAning ahvoli bundan battar bo‘lardi

Fayzullayev bo‘lmaganida SSKAning ahvoli bundan battar bo‘lardi

Rossiya Premer-ligasida qishki tanaffus e’lon qilingan. Mutaxassislar chempionatning birinchi qismini tahlil qilmoqda. Ularning aksariyati Abbosbek Fayzullayevning SSKAga transferini muvaffqiyatli chiqqaniga e’tibor qaratyapti.

Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga rossiyalik ekspertlarning Abbosbek Fayzullayev haqidagi fikrlarini havola qilishni davom ettiradi.

Vladimir Ponomarev, SSKAning sobiq futbolchisi:

Agar qog‘ozga qarab baho beradigan bo‘lsa, musobaqa jadvalidagi sakkizinchi o‘rni SSKA uchun juda fojiali natija.

Amalda esa, Vladimir Fyodotov jamoasi kuchli uchlikka kirish uchun kurashish imkoniyatiga ega. Chunki peshqadamlar bilan ochkolar orasidagi farq unchalik katta emas. Xavotirli jihati zaxira o‘rindig‘ining kaltaligidir. Har bir uchrashuvda bir xil tarkib o‘ynayapti, o‘yinchi almashtirish ham minimum darajada.

Abbosbek Fayzullayev kelishi bilan porlay boshlagani SSKAning omadi. Har qanday yosh o‘yinchiga ham keliboq, klubning eng yaxshi o‘yinchilari qatoriga yorib kirish nasib qilavermaydi. Abbosbek buni uddaladi.

Agar Abbosbek Fayzullayev bo‘lmaganida jamoaning musobaqa jadvalidagi ahvoli bundan ham battar bo‘lardi.

Andrey Kanchelskis, “Manchester Yunayted” sobiq futbolchisi, “Navbahor”ning sobiq bosh murabbiyi:

Chempionatning birinchi qismida shov-shuvli sensatsiyalar bo‘lgani yo‘q. “Zenit” kutilganidan bo‘shroq o‘ynadi, “Krasnodar” esa, sal yaxshiroq o‘yin ko‘rsatdi. “Spartak” muxlislarini o‘rgatib qo‘yganidek ketmoqda, yorqin start va uyog‘iga pasayish.

Ligada qatnashayotgan futbolchilardan e’tiborimni Abbosbek Fayzullayev tortdi. U Rossiya Premer-ligasida porlayapti. Shuning uchun ham aynan o‘zbek legionerini chempionatning birinchi qismi kashfiyoti, deb atashimiz mumkin.

Oleg Ivanov, Rossiya terma jamoasi sobiq futbolchisi:

Liganing yangi o‘yinchilaridan menga Abbosbek Fayzullayev ham yoqdi. Juda qiziqarli o‘yinchi ekan. Unga ozgina jismoniy quvvat yetishmayapti, mushaklarini chiniqtirish va o‘stirish ustida ishlashi kerak.

Lekin aqlli futbolchi ekan, to‘p bilan zo‘r ishlayapti, har doim hujumni kuchaytirishga e’tibor qaratyapti.

Rossiya Premer-ligasining eng asosiy kashfiyoti sifatida aynan Abbosbek Fayzullayevni tanlash kerak.

Yevgeniy Aldonin, SSKAning sobiq futbolchisi:

Menda eng katta taassurot qoldirgan o‘yinchi Abbosbek Fayzullayev bo‘ldi. Hozir faqatgina SSKA miqyosida gapirmayapman, balki butun chempionatni nazarda tutyapman. Jismoniy ko‘rsatkichlari biroz kamtarroq bo‘lishiga qaramay, texnikasi hayratlanarli darajada zo‘r.

Abbosbek Fayzullayev avgust oyida “Paxtakor”dan SSKAga 500 ming yevro evaziga ko‘chib o‘tgandi. To‘rt oy ichida uning transfer summasi bir necha baravar oshib, ayni paytda 4 million yevroga yetdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fayzullayev bo‘lmaganida SSKAning ahvoli bundan battar bo‘lardi