21:11 / 23.12.2023
655

Arablar Shomurodovga e’tibor qaratdi...

Arablar Shomurodovga e’tibor qaratdi...

Qatarda 12 yanvardan Osiyo kubogi musobaqasi boshlanadi. Qit’amizning eng kuchli terma jamoalari 18 marotaba o‘tkazilayotgan turnirda g‘oliblik uchun kuch sinashadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi “B” guruhidan chiqish uchun Avstraliya, Suriya va Hindiston terma jamoalari bilan raqobatlashadi.

Arab olamining mashhur manbasi – dailygulfnews.com portali Osiyo kubogining guruh bosqichida “V” guruhidan o‘rin olgan terma jamoalarning eng yorqin yulduzlari haqida maqola tayyorladi. Ushbu guruhda vakillari orasida eng mashhur futbolchi Eldor Shomurodov ekani alohida e’tirof etildi.

- Eldor Shomurodov, “Kalyari” va O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi.  Shomurodov O‘zbekistonda “Mash’al” va “Bunyodkor” sharafini himoya qilganidan keyin Rossiya Premer-ligasi vakili “Rostov”ga ko‘chib o‘tdi.

“Rostov”dagi ajoyib o‘yinlari samarasida Italiyaning “Jenoa” jamoasiga yo‘l oldi. A Seriyada “Roma” va “Spetsiya”da o‘ynadi. Hozir ijara asosida “Kalyari”ga o‘tgan.

Kuchli beshlik chempionatlari qatoriga kiritilgan A Seriyada o‘ynayotganidan beri Eldor O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng muhim o‘yinchisiga aylandi. Uning jamoaga ta’siri kuchli, o‘zbek futbolida hurmati juda baland.

Shomurodov xalqaro miqyosda ham mahoratini namoyish qilib kelmoqda. Milliy jamoa safida hozircha 68 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini 38 marotaba ishg‘ol qilgan hamda jamoadoshlariga o‘nta golli pas uzatgan.

Eldor maydonda raqiblarini o‘zi bilan  hisoblashishga majbur qiladigan kuchli o‘yinchi. Shomurodov hujum chizig‘ining turli pozitsiyalarida o‘ynay oladi, darvoza aniq va kuchli zarba beradi, oldingi chiziqda jamoadoshlariga juda qulay pas oshirishga usta, - deb yozmoqda dailygulfnews.com portali.

Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodovning Osiyo kubogida ishtirok etishi katta so‘roq ostida turibdi. Hamyurtimiz “Kalyari” mashg‘ulotlaridan birida o‘ng oyoq barmog‘ini sindirib oldi. 28 yoshli futbolchi Osiyo chempionatida qatnashish ilinjida tezroq oyoqqa turish uchun jarohatini operatsiya yo‘li bilan davolatishga qaror qildi.

Terma jamoamiz sardori shifokorlardan o‘zini Osiyo chempionatining birinchi turigacha oyoqqa turg‘azishni so‘ragan. Mutaxassislar bunday jarohatdan tiklanish kamida bir oy vaqt olishini ta’kidlamoqda.

Ayrim manbalar Eldor Shomurodov guruh bahslari yakunlanishi arafasida terma jamoaga qo‘shilishi va Srechko Katanes shogirdlari pley-offga yo‘llanma olgan taqdirda, Osiyo kubogida to‘p tepishi mumkinligini aytmoqda.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruhdagi birinchi uchrashuvni 13 yanvar kuni Suriya futbolchilarga qarshi o‘tkazadi. 18 yanvarga belgilangan ikkinchi turda hamyurtlarimiz hindistonliklar bilan kuch sinashadi.

Guruhdagi eng kuchli raqib – Avstraliya terma jamoasi hamyurtlarimizga qarshi 23 yanvarda saf tortadi.

Hozircha, Eldor Shomurodovning qachon maydonga qaytishi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Biroq o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari terma jamoamizning asosiy goleadorini tezroq oyoqqa turishidan umidvor.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Arablar Shomurodovga e’tibor qaratdi...