16:20 / 09.01.2024
841

Qayoqqa qarab ketayapsan, o‘zbek futboli?

Qayoqqa qarab ketayapsan, o‘zbek futboli?
O‘zi Ali akaning kuchugidan ham suyak qarzi bor, yana legioner olib kelaveradi.
 
Xorijdan olib kelingan futbolchilar klub ustidan FIFAga shikoyat xati kiritgan bir vaqtda tarkibga yana bir legionerni jalb etishga urinaverish bu - kredit qarzdorligini yopaman deb yana kredit olmoqchi bo‘lgan maqsadsiz kishining ahmoqona harakatlariga o‘xshaydi. Hozirga kelib tijorat banklari kredit oluvchining to‘lov qobiliyatidan kelib chiqib, kredit ajratayapti, bu bor amaliyot. To‘lov qobiliyati yetmaydigan bo‘lsa, albatta hech qanday "dod-voy"lar inobatga olinmaydi va kredit berilmaydi.
 
Futbolimizda har yili shu gap, falonchi legioner falon klubning ustidan FIFAga shikoyat xati yozadi. Siz ayta olasizmi, bularning oxiriga qachon yetamiz? Qachondir tugaydimi o‘zi? Nega futbol klublari to‘lov qobiliyati yetarli bo‘lmay turib katta-katta pullarga legioner olib kelaverishadi? O‘zPFL xorijdan keladigan futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishda futbol klublarining to‘lov qobiliyatlarini inobatga oladigan tizim ishlab chiqishi shart. Bu kechagi kunning emas, bugunning ham dolzarb mavzusi. Shunday davom etaversak, shu masala ertangi kun tartibida ham dolzarbligicha qolaveradi.
 
Bizning futbolda e’tiborni faqat asosiy jamoaga qaratadigan futbol klublari ham yo‘q emas. Qolganlarga, masalan yoshlar yoki ayollar jamoalariga "Bor, aravangni tort" qabilida munosabat qilinadi. Kerak bo‘lsa nomdor klublar haqida ham eshitib qolasiz, yoshlar jamoalarining yotadigan joyi yo‘q, xatto oziq-ovqati ham o‘lda-jo‘lda chiqadi. Yana ayollar jamoasidan 4-5 talab futbolchi bitta yengil mashinada tiqilib, uzoq masofalik yo‘lgan 10 soatlab yo‘l bosib, o‘yin boshlanishiga arang yetib borgan holatlarni eshitganmiz. Biroq, o‘sha klubning asosiy jamoasi tarkibiga nazar tashlasangiz, eng qimmat maosh oluvchi futbolchilar, qimmat legionerlar borligini ko‘rasiz.
 
Tarkibga legioner jalb etish amaliyoti Yevropa chempionatlarida ham bor, inkor qilmaymiz. Faqat u yerdagi klublarda to‘lov qobiliyati yetarlicha ekani inobatga olinadi, moliyaviy "feyr-pley" qoidasi bor. Masalan, reklamlardan tushadigan mablag‘ yoki shunchaki futbolka sotib ham olib kelingan futbolchining transfer summasini qoplab qo‘ya olishadi. Misol uchun, Xames Rodriges "Real Madrid"ga o‘tganida, futbolchi klubga yetib kelmay turib, futbolkalar sotuvidan transfer summasi ikki barobar ko‘proq chiqarib olingan. Xo‘sh, siz ham shunday qila olasizmi? Qimmat pulga olib kelayotgan legioneringizning futbolkalarini sotuvga qo‘yib, qanchadir daromad topa olasizmi? Yo‘q, shunchaki o‘sha futbolkalarni ishlab chiqargan firmaga to‘lov qilib, ortiqcha chiqim qilasiz xolos. Aslida siz bularni o‘ylab ham o‘tirmaysiz ham. Yana o‘sha gap, beli og‘rimaganning non yeyishini ko‘r.
 
Futbol mahorat maktablari dedik, futbol akademiyalari deyapmiz, nega shu muassasalardan yetishib chiqayotgan, o‘ynayman deb ko‘zi yonib turgan yosh futbolchilarga e’tibor qaratmaymiz? Zoran Marushich avvalgi gal Superligamizga kelganida uni deb futbolimizning ikki murabbiyi o‘rtasida nizo kelib chiqqani haqidagi xabarlar matbuotga sizib chiqqandi. Tayyor pulga tayyor legionerlarni kerak bo‘lsa talashib-tortishib olib kelamizu, nega o‘zimizning qorako‘zlarga e’tibor qaratmaymiz, ularga o‘yin amaliyoti berib, kashf qilmaymiz? Axir aynan o‘sha yosh futbolchilar o‘zbek futbolining kelajagi emasmi?
 
Bitta "zo‘r" murabbiyni bilaman, tarkibga eng kuchli futbolchilarni jamlab olib jamoani Superligaga olib chiqqandi. Shunaqangi kuchli tarkibi bor jamoa kerak bo‘lsa murabbiysiz ham Pro-ligani yuta olardi. To‘g‘ri, jamoani Superligaga olib chiqildi, lekin butun mavsum davomida bironta ham yosh futbolchi kashf qilinmadi.
 
Shu taxlit davom etaversak, tez orada legioner futbolchilarni talashib, mushtlashishgacha borgan murabbiylar haqida o‘qib qolsak kerak ehtimol. Hakamlari pora bilan ushlansa, ko‘m-ko‘k deb o‘ylangan maysalar ostidan "zararkurandalar" chiqayotgan bo‘lsa, murabbiylarimiz kim o‘zarga legioner olib kelaversa, qayoqqa qarab ketayapsan, o‘zbek futboli? Dragan Cheran shu yoshida ham ketma-ket to‘purar bo‘laversa, suratlarini faxr bilan ijtimoiy tarmoqqa joylaymizu, lekin uning yonida o‘ynab-o‘rganib to‘purarlar poygasida o‘zib ketgan biron hujumchimiz yo‘q ekanini o‘ylab ham ko‘rmaymiz.
 
Bekzod Tolibov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qayoqqa qarab ketayapsan, o‘zbek futboli?